"KORRUPSIYa – TARAQQIYoT KUShANDASI" mavzusida arxiv xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi musiqa va san’at maktabida viloyat, shahar va tumanlarda faoliyat yuritayotgan  arxivlar xodimlari va jamoatchilik ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurash mavzusiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. 
- Muhtaram Prezidentimiz boshlab bergan yangi davr islohotlarida korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borish, uni jamiyatimiz hayotidan tag-tomiri bilan olib tashlash masalasi dolzarblik tus olgani bejiz emas,- dedi tadbirni ochib bergan viloyat arxiv ishi boshqarmasi boshlig‘i Nurali Ahmadaliyev.- Chunki u taraqqiyotimiz yo‘lidagi o‘ta xavfli yov. Bizning sohamiz bevosita xalq bilan ishlash ekan, hammamiz korrupsiyaning illat ekanligini tushunib olishimiz zarur.
Aytib o‘tish o‘rinliki, joriy yilning o‘tgan 6 oyida viloyatdagi arxivlarga 21 mingdan ziyod murojaatlar tushdi. Shundan 14116 tasi pensiya yoshiga yetgan fuqarolar. Ular albatta mehnat faoliyatlari va olgan ish haqlarini tasdiqlovchi ma’lumotnoma so‘rab murojaat qiladilar. Sir emas, ayrimlar ko‘proq miqdordagi pensiya olish ilinjida daromadini ko‘paytirish yoki ish stajlarini oshirishni istaydilar va arxiv xodimlarini chalg‘itishga urinadilar. Shunday paytda ularga qonunlarni to‘g‘ri tushuntirish, bunday ishga qo‘l urishning oqibati ayanchli ekani, qing‘ir ishning qiyig‘i baribir chiqishini uqdirish bilan sohada shaffoflikni ta’minlash mumkin.
Mavzu yuzasidan viloyat prokuraturasi katta tergovchisi Azizbek Pozilov, tuman adliya bo‘limi bosh mutaxassisi Farog‘at Razzoqova, tuman bosh imom-xatibi Muhibillo Xudoyberdiyev, tuman IIB bo‘limma boshlig‘i Sharifjon Gaipov, tuman kengashi deputati, “Oila” markazi rahbari Muqaddas Ahmatovalarning mulohazalari tinglandi.
Tadbirda uzoq yillar sohada fidoyilik bilan mehnat qilayotgan Uychi va Norin tumanlari arxivlari xodimlari Muxtasar Abdullayeva va Hamroxon Otamirzayevalarga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi Bosh direktorining Faxriy yorligi va  Tashakkurnomalari topshirildi.