Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan maktublar
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hujjatlari, ularning jangohlardan yozgan maktublari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida qirqdan ortiq yig‘majildda saqlanmoqda. Yig‘majildlarning har birida 200 dan ortiq ma’lumot mavjud.
Uchburchak, sarg‘aygan, rangi uchgan maktublar... yo‘l-yo‘lakay, shoshib, turli o‘lchamdagi oddiy qog‘ozlarga yozilib, buklangan-u bir tomoniga borar manzili, boshqa tomoniga «Polevoy pochta» nomerlari yozilgan. Ularni qo‘lga olganingizda jangohlar hidini, urush davri odamlarini, ularning qalb kechinmalari ko‘z o‘ngingizda birdam namoyon bo‘ladi.
Ularni qo‘lga olganingizda, o‘qiganingizda maktub yozganlarning o‘y-xayollari, qalbidan kechgan tuyg‘ulari, sog‘inchlarini siz ham his qilasiz.
“SEN, ALBATTA, TIRIK QAYTISHING SHART!”
1943 yil. 28 fevral
Buxoroda yashovchi Muhiddinovlar oilasiga 266 polevoy pochtadan tabriknoma keldi.
U akaning singilga yangi yil tabrigi ekan:
“Salom mehribon singiljonim. Men sizlarga yangi yil salomini yuboryapman. Men sog‘ va salomatman. Nasib bo‘lsa nemis-fashistlari tor-mor bo‘ladi. O‘lmasam boraman. Mendan otamga va onamga salom ayt. Xat yozib yuboringlar”.
***
Mana shu qisqagina yozilgan jumlalar xavotirdan qaltirab turgan yuraklarga qanchalar quvvat bergani ollohga ayon. Eng muhim front ortidagilar “Sen, albatta, tirik qaytishing shart”, deya da’vat qilgan bo‘lsa, janggohdagilar g‘alabaga ishonchi mustahkamligini, biroq diydor qiyomatga qolsa sabrli bo‘lish kerakligini ham eslatib turishgan. Zero, urush dahshatlari, fojialari ular bilan yonma-yon yashayotgan edi-da...
***
SOG‘INCH KABUTARLARI...
...Beomon janggohda tutdek to‘kilayotgan odamlarni ko‘rib, ona yurting, qadrdonlaring yoniga eson-omon qaytish umidi xomxayoldek tuyuladi. Axir har daqiqa o‘limni bo‘yningga olib, bugun bo‘lmasa ertaga deb yashash azob...
Bu xotiralarni eslaganda bugungi kunlarimizga takror-takror shukrona keltiramiz. Osuda hayotning qadri qanchalik ulug‘ligini, tinchlikning naqadar muqaddas ne’mat ekanini yana bir bor his etamiz.
1945 yil. 8 yanvar
«Hayrli kun onajon. Kechiring. Uzoq vaqt xat yozolmadim. Suratingizni avaylab yuribman. Biz qurshovda qolgan edik. Boshimdan yaralanib, xotiramni yo‘qotgan ekanman. Gospitalda ikki oydan buyon davolanyapman. O‘zimga kelib qoldim, shunday bo‘lsa-da uyga yuborishmoqchi. G‘alaba kunlari yaqin-day. Do‘stlarim nemislarni dodini bermoqda, surib chiqarishyapti. O‘zbekistonda ko‘rishguncha, onajon. Zinaga va do‘stlarga salom. O‘g‘lingiz Gennadiiy Shiyanin. 1945 yil. 8 yanvar».
Toshkentda yashayotgan onaizor Tatyana Ivanovnaga yuborilgan bu xat balki uni quvontirgandir, axir o‘g‘li qaytadi yoki farzandining sog‘lig‘ini yo‘qotganidan havotirga tushgan bo‘lsa-da, tirik qolganiga shukur qilgandir. Bunisi endi bizga qorong‘u.
Turli tuman dil izhorlari bitilgan, sog‘inchdan sarg‘aygan bu uchburchak maktublar janggohdan uchirilgan sog‘inch kabutarlariga o‘xshaydi. Ular urushdan qaytmagan o‘g‘lonlarning: «Urushning nomi o‘chsin, tinchlikning qadriga yeting, uni ko‘z qorachig‘idek asrang, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik hamma narsadan qadrli», deya xitob qilayotgandek, go‘yo.
JANGCHILAR HAYOTINI SAQLAGAN O‘ZBEK
Tarixdan ma’lumki, ikkinchi jahon urushiga O‘zbekistonning bir yarim million farzandi safarbar etilgan. Ularning besh yuz ming nafari vataniga qayta olmay janggohlarda qolib ketdi. 120 ming o‘zbekistonlik jangchi sadoqati va jasorati uchun orden va medallar bilan mukofotlangan.
O‘y-xayollar girdobida arxiv yig‘majildlarini birma-bir varaqlab, qo‘lyozmada turli tillarda yozilgan maktublarni o‘qishga, uni mohiyatini anglashga urinamiz. Juda ham eskirib ketgan, ohori to‘kilayozgan varaqlardagi xatlar ruchkada, qalamda yozilgan. Ba’zisi bir varaqqa mayda yozuvlar bilan, boshqasi yirik harflar bilan batafsil yozilgan, yana birida rus va o‘zbek harflarini aralashuvidan hosil bo‘lgan so‘zlar bitilgan.
1944 yilning 1 dekabrida harbiy kotibga yozilgan Kapitan Maxinning maktubidan parcha:
«Hurmatli kotib. Bizning qismimizda sizning hamyurtingiz katta serjant Sodiqov Sergey Mingazovich xizmat qilmoqda. U o‘zining jasorati va ziyrakligi bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lmoqda. Kuni kecha
qismimiz muhim topshiriqni bajarish uchun ketayotganda dushmanning otryadiga duch keldik. Ana shunda Sergey juda tezlik bilan 25 nemisni yo‘q qilib, ko‘plab jangchilarni hayotini saqlab qoldi.
Oldingi janglardagi jasorati uchun ham unga bir necha ordenlar berilgan. Endi u avtomatchilar qismining rahbari. Ana shunday insonni tarbiyalagani uchun uning onasi Sodiqova Margubaga minnatdorligimizni yetkazing. Agar uning oilasiga yordam kerak bo‘lsa, ko‘mak berishingizni so‘raymiz. Oila Denov shahri, Dochnaya ko‘chasi 9/2 yashaydi».
Eng qiyin vaziyatda ham jasurligini namoyon qila olgan bunday yigitlarning ko‘plari urush qurboni bo‘ldi.
“OLIS O‘ZBEKISTONDAN KELAYOTGAN MAKTUBLAR...”
Maktublarni o‘qir ekanmiz, nainki o‘zbek yigitlari balki o‘zbek xotin-qizlarining ham buyuk g‘alabaga o‘zining munosib hissasini qo‘shganiga guvoh bo‘lamiz. Axir ikkinchi jahon urushi davrida front ortida mehnat qilgan onalarimiz, opalarimizning matonati g‘alaba onlarini yaqinlashtirgan.
Maktab o‘quvchilarining katak daftarining ikki sahifasini to‘ldirib yozilgan yana bir minnatdorlik xatini o‘qishga urinamiz. U O‘zbekistonda chop etiladigan «Qizil O‘zbekiston» (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”) gazetasi tahririyatiga Odessadan yuborilgan. Harflarga yillar o‘z hukmini o‘tkazgani bois matnni to‘liq o‘qishning imkoni yo‘q. Uning qisqacha mazmunini shunday:
«Hurmatli do‘stlar, O‘zbekiston xotin-qizlari!
Sizlarga o‘z muhabbatimiz va salomimizni yo‘llaymiz. Hozirgina portlashlar tindi. Oramizdagi masofa uzoq, lekin hammamiz bir tuyg‘u — g‘alaba rishtasi bilan bog‘langanmiz. Albatta, nemis bosqinchilarini yo‘q qilib, dunyoda tinchlik o‘rnatamiz. Bu g‘alabada quyoshli O‘zbekiston ayollarining, o‘z turmush o‘rtog‘ini, o‘g‘lini kutib mehnat qilayotgan sizlarning ham hissangiz bor.
Biz urush to‘foni ichida kun va tunni farqiga bormay qolganmiz. Qismimizdagi ko‘pchilikning oilasini nemislar halok qildi. Ba’zi oilalar O‘zbekistondan panoh topdi. Ortimizda siz kabi mehribon opa-singillarimiz, onalarimiz borligi va bizning yaqinlarimizga g‘amxo‘rlik qilayotganidan minnatdormiz. Soldatlarimiz olis O‘zbekistondan kelgan xatlarni o‘qiganda, bizning ham ko‘zlarimizga yosh keladi. So‘ngi qonimiz va jonimiz qolguncha g‘alaba uchun kurashamiz.
Hurmatli tahririyat vakillari bu maktubni, albatta, sahifalaringizda chop eting.
Kapitan Shelepmev, kapitan Mosyagin, katta leytenant Gorinskiy, leytenant Ananev. 1943 yilning 12 dekabr».
Bunday xatni o‘qib beixtiyor ko‘nglingiz o‘sadi: o‘zbek xalqining farzandlari g‘ururli, jasur mehrli va lafzi halol bo‘lmaganida bugun biz istiqlol nashidasini sura olarmidik… mard yigitlar tufayli bugun osmonimiz musaffo, hayotimiz farovon. Bunday minnatdorlik maktublari front ortidagi mehnatkashlar kuchiga kuch, shijoatiga shijoat qo‘shganini bor gap.