“Microbox GmbH” kompaniyasi bosh direktori “O‘zarxiv” agentligida bo‘ldi
“Microbox GmbH” kompaniyasi bosh direktori “O‘zarxiv” agentligida bo‘ldi
Germaniyaning texnik hujjatlar va arxiv texnologiyalarini raqamlashtirish sohasida uzoq yillik an‘anaga ega noyob tizim yechimlari yetkazib beruvchisi hisoblangan “Microbox GmbH” kompaniyasi bosh direktori Stefan (Ulrix Teodor) Velp tomonidan Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga amaliy tashrifi doirasida “O‘zarxiv” agentligi texnik va raqamlashtirish yechimlari yuzasidan ishchi tartibda uchrashuv tashkil etiidi.
O‘zbekiston arxivlarida raqamlashtirish jarayonlariga zamonaviy yondashuv: MICROBOX GmbH vakillari bilan uchrashuv 2025-yil 18-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligida Germaniyaning MICROBOX GmbH kompaniyasi bosh direktori Stefan Velp (Stephan Welp) rasmiy tashrif bilan bo‘ldi. Uchrashuvda “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov, O‘zbekiston Milliy arxivi direktori Dilbar Zakirova hamda mahalliy ProInfo kompaniyasi direktori Muhammadjonov Sherzod ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuvda O‘zbekistonda MICROBOX GmbH kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan loyihalar, jumladan, respublika arxivlariga yetkazib berilgan zamonaviy skaner uskunalari, ularning texnik xususiyatlari va samaradorligi atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlash joizki, MICROBOX GmbH kompaniyasi bugungi kunda O‘zbekistonda davlat arxivlari uchun turli xil zamonaviy skaner uskunalari yetkazib berib, hujjatlarni raqamlashtirish jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Uchrashuv chog‘ida ayniqsa, ushbu uskunalarning dasturiy ta’minotini yangilash va bu orqali uskunalar samaradorligini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv doirasida mehmonlar O‘zbekiston Milliy arxiviga tashrif buyurib, ushbu arxivda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari, hujjatlarni saqlash va qayta tiklash (restavratsiya) bo‘yicha tashkil etilgan maxsus laboratoriya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, O‘zbekiston arxiv xizmatining raqamlashtirish yo‘nalishida erishilayotgan natijalar va istiqboldagi rejalar bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuv O‘zbekiston arxiv sohasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish yo‘nalishida ilg‘or tajriba hamda innovatsion yechimlarni joriy etish borasida muhim ahamiyat kasb etdi.
Ma‘lumot uchun: "Microbox GmbH" kompaniyasi 1958-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda Microbox professional kitob skanerlari, mikroforma skanerlari va mikrofilmdagi ma‘lumotlarni uzoq muddat saqlash uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi yetakchi nemis ishlab chiqaruvchilardan biridir. Microbox book2net kitob skanerlari kitoblar va hujjatlarni skanerlash sohasida professional yechimlar yetkazib beruvchilarning dunyoning yetakchi arxivlari, kutubxonalari va muzeylari bilan xalqaro hamkorligi natijasidir. Microbox book2net bu skanerlar, dasturiy ta‘minot va xizmat ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan amaliy yo‘naltirilgan skanerlash yechimidir.