“Moʻtabar ayol” koʻrgazmasi
Toshkent shahridagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida 2022-yil 9-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi hamda Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamkorligida “Oʻzbek xotin-qizlarining davlatchilik tariximizdagi oʻrni va xizmatlari” umummilliy ilmiy yigʻilishi va “Moʻtabar ayol” arxiv hujjatlari koʻrgazmasi tashkil etildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan rahbar ayollar, Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Yoshlar parlamenti aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi faol xotin-qizlar, jamoatchilik vakillari, “Oʻzarxiv” agentligi tizimidagi arxiv muassasalari, blogerlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar. Tashkilotchilar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Tarix instituti direktori A.Ziyo, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi T.Narbayeva, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi Z.Mahkamova va boshqa tadbir ishtirokchilarida arxiv hujjatlari koʻrgazmasi alohida taʼssurot qoldirdi.