Munosabat | “Onlayn platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi. Ushbu qonun bugungi kun talabi nuqtai nazaridan juda ham muhim.

Munosabat

“Onlayn platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi. Ushbu qonun bugungi kun talabi nuqtai nazaridan juda ham muhim.

Axborot texnologiyalarining dunyo miqyosida keskin rivojlanishi, Internet tizimning barcha davlatlar, madaniy hududlar, barcha yoshdagi insonlar uchun qulay axborot almashinuvi vositasiga aylanib borayotganligi hech kimga sir emas. Foydalanuvchilar o‘rnatilgan mobil ilovalar orqali baʼzi onlayn harakatlarni amalga oshirishlariga qaramay, dunyo bo‘ylab ko‘plab insonlar vebni Internetning sinonimi sifatida qabul qiladilar. Aslida, Internet va World Wide Web o‘rtasidagi farq juda katta, shuningdek, ikkisining faoliyati uzviy tarzda bog‘liq. Internet deyarli 20 yil oldin paydo bo‘lgan: kompyuterlar o‘rtasida aloqa o‘rnatishga imkon beradigan protokollar tizimi Amerikaning DARPA agentligi mutaxassislari tomonidan 1960 yillarning oxiri va 70-yillarning boshlarida ishlab chiqilgan.

Global Network asosida ishlaydigan World Wide Web-ning yaratilishi Internet tarixida yangi bosqichni boshlab berdi va uning rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Agar Internet sayyoramizdagi millionlab kompyuterlarni bir-birigabog‘lab turadigan ulkan tarmoq bo‘lib, maʼlumot almashish uchun xizmat qilsa, web bu maʼlumotni almashish usullaridan biri hisoblanib, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan katta hajmdagi elektron sahifalarni birlashtiradi. Internet butunjahon tarmog‘ining ishlashini taʼminlash bilan bir qatorda elektron pochta va turli xil tezkor xabarlardan foydalanish, shuningdek, FTP protokoli orqali fayllarni uzatish imkonini beradi.

Hozirgi kunda yurtimizda 2140 ta yoki 2016 yilga nisbatan 626 ta ko‘p ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Dunyo bo‘ylab internet tarmog‘ida, 2025 yil holatiga nisbatan 1,13 milliard saytlar mavjud. Internetdan foydalanish doirasi juda keng. U jamoatchilik fikrini shakllantirishga, siyosiy, iqtisodiy va harbiy qarorlarni qabul qilishga, dushmanning axborot resurslariga taʼsir ko‘rsatishga va maxsus tayyorlangan maʼlumotni tarqatishga (noto‘g‘ri maʼlumotlar) taʼsir ko‘rsatish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Misol uchun, bugungi kunda talaba kompyutersiz o‘quv faoliyati bilan shug‘ullana olmaydi. Kompyuter bilan aloqa maktabdan boshlanadi, o‘quvchilar kompyuter texnologiyalarining asoslarini o‘rganadilar, Internetning turli vebsaytlari bilan tanishadilar. Qoida tariqasida, universitetga kirishda ko‘pgina abituriyentlar allaqachon kompyuter bilan tanish, va ularning aksariyati axborot texnologiyalari, yaʼni kompyuter, noutbuk yoki planshetga ega. Talaba o‘qituvchi tomonidan darsliklarda ko‘rsatilgan va tavsiya etilgan ishonchli manbalardan foydalanishi kerak. Ammo, ular o‘quv jarayonini osonlashtirish uchun aksariyat hollarda universitet, milliy, elektron kutubxonalardan yoki taʼlimga oid rasmiy saytlardan emas, balki Internetdagi himoyalanmagan maʼlumotlardan foydalanadilar. Shu maʼnoda, Internet endi ishonchli maʼlumot manbai bo‘la olmaydi va qaysidir maʼnoda zararli hisoblanadi.

Qolaversa, bugungi kunda O‘zbekistonda onlayn platformalar foydalanuvchilari qanday huquqlarga egaligi borasida qonunchilikda aniq normalar mavjud emas, axborot tarqatishga oid talablar esa milliy qonunchilikda tizimli va yetarli darajada tartibga solinmagan, tarqoq holda belgilangan.

“Onlayn platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va unda quyidagi asosiy prinsiplar o‘z ifodasini topgan:

qonuniylik – onlayn muhitdagi barcha faoliyat qonun doirasida amalga oshiriladi;

foydalanuvchilar huquqlarining ustuvorligi – foydalanuvchilarning maʼlumot olish, fikr bildirish va xavfsiz internetdan foydalanish huquqlari taʼminlanadi;

senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi – qonun bilan taqiqlanmagan kontentga nisbatan erkinlik kafolatlanadi;

shaffoflik va xavfsizlik – noqonuniy kontentning tarqalishiga qarshi kurashiladi va shaxsiy maʼlumotlarning xavfsizligi taʼminlanadi.

Qonun loyihasida blogerlarga majburiyat sifatida ko‘rsatilgan bajarilishi qiyin bo‘lgan normalar qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Xavfsiz va zararsiz onlayn muhitni taʼminlash maqsadida inflyuyenserlarning jamoatchilik oldidagi maqomi aniq belgilanmoqda.

Yangi javobgarlik choralari, jarimalar belgilanishi ko‘zda tutilmagan, yuqoridagi majburiyatlarni bajarmagan taqdirda ularga nisbatan huquqiy choralar sifatida moliyaviy sanksiyalar yoki boshqa jazo turlari ko‘zda tutilmagan.

Yangi ishlab chiqilayotgan “Onlayn platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi — raqamli muhitda inson huquqlarini taʼminlashga qaratilgan muhim tashabbuslardan biridir. Biroq, bunday qonun loyihasini ishlab chiqishda qator jihatlarga alohida eʼtibor qaratish talab etiladi:

Qonun orqali erkin so‘z va axborot olish huquqi cheklanmasligi lozim;

Internetdagi erkin faoliyatga, xususan, blogerlar va OAVning mustaqilligini cheklovchi mexanizmlarga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.

Xulosa o‘rnida taʼkidlash lozimki, mazkur qonun loyihasi raqamli huquqlarni kafolatlash, foydalanuvchilarni himoya qilish va internet muhitini sog‘lomlashtirishda muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ammo bu faqatgina jamoatchilik, mutaxassislar va fuqarolik jamiyati vakillari bilan ochiq muhokamalar orqali mukammallashtirilsa, haqiqiy samara beradi.

Jamiyat taraqqiyotiga zarar yetkazishi, milliyligimizga, qadriyatlarimizga, eng asosiysi, farzandlarimizning maʼnan sog‘lom kamol topishiga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan tahdidlardan himoya qilish maqsad qilingan yangi Qonun loyihasiga befarq bo‘lmang!

 

“O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati rahbari

Anvarjon Aliyev


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati