"Mustaqil yurt arxivlari: muammo va yechimlar” mavzusidagi onlayn respublika ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

1 sentyabr kuni xalqimiz va Vatanimiz tarixidagi buyuk sana - O‘zbekiston Respublikasi  davlat mustaqilligining 29 yilligini keng nishonlanadi.
O‘zbekiston xalqi har yili mustaqillik bayramini ulkan yutuqlar va yangi muvaffaqiyatlar bilan kutib oladi. Eng ulkan va eng qadrli bayramni munosib nishonlash uchun yurtimizda o‘ziga xos tayyorgarlik ishlari amalga oshiriladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, jamiyatning barcha jabhalarida, shuningdek arxiv sohasida kechayotgan o‘zgarish va yangilanish jarayonlari mustaqillik bergan imkoniyatlarning amaliy natijasidir.
O‘zbekiston Milliy arxivida “Mustaqil yurt arxivlari: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kunini munosib nishonlash va keng jamoatchilik orasida arxiv ishini ommalashtirish maqsadida 2020 yil 
2 iyulda O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” Agentligi tomonidan tasdiqlangan media-rejaga muvofiq o‘tkazildi.
Konferensiya doirasida O‘zbekiston Milliy arxiviga arab tilida yozilgan 167 yillik “Kalomi Sharif” - Qur’oni Karimning qozonbosma nusxasi va boshqa bir necha arxiv hujjatlarini topshirish hamda bir qator soha vakillarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Bu yil joriy etilgan “Soha iftihori” ko‘krak nishoni munosib egalariga topshirildi.
Anjumanga “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev moderatorlik qildi. Konferensiyani kirish va tabrik so‘zlari bilan “O‘zarxiv” Agentligi direktori Yusupov Ulug‘bek Mirtalibovich, O‘zbekiston Respublikasi yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Abdullayev Abdushukur Xamidovich, O‘zbekiston Milliy arxivi direktori Zakirova Dilbar Taxirovna ochib berdilar. Shuni ta’kidlash joizki, konferensiyada chet ellik mutaxassislar va tadqiqotchilar ham ishtirok etdilar. Ular orasida Vadim Alskan - Xolokost hujjatlari milliy instituti Xalqaro arxiv dasturlari direktori va Janna Anatolevna Rojneva - Tomsk davlat universiteti tarix va siyosiy fanlar fakulteti dekani, tarix va hujjatshunoslik kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi. J.Rojneva “Hujjatshunoslar va arxiv xodimlarini tayyorlash: Tomsk Davlat Milliy tadqiqot universiteti tajribasi” mavzusida ma’ruza qildi.
Ushbu ilmiy-amaliy anjuman onlayn ravishda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z ishini olib bordi:
1. O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishda arxiv hujjatlarini ahamiyati;
2. Arxivlar va ta’lim tizimi integratsiyasi;
3. Arxivlar, muzeylar va kutubxonlar hamkorligi.
Anjumanda respublikaning mustaqillik yillarida arxiv sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar, erishilgan yutuqlar va asosiy natijalar yoritildi. Ular bilan bir qatorda konferensiya davomida yuqori malakali arxivchilarni tayyorlashga zamonaviy yondashuvlar masalalari ko‘rib chiqildi, mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasi arxiv boshqaruvi tizimining elektron arxivlarini yaratish va joriy etish holati va muammolari tahlil qilinib, O‘zbekiston tarixini o‘rganishda arxiv hujjatlarining ahamiyati va o‘rni ko‘rsatib o‘tildi. 
Konferensiya arxivchilar va olimlarning tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, arxivlar, muzeylar va kutubxonalar ishlarini birlashtirish uchun o‘ziga xos maydonga aylandi. Anjuman davomida yetakchi mutaxassislar arxiv sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar va o‘z ishlarining natijalari haqida gapirib berdilar. Shuningdek, tarixchi olimlar arxiv materiallari asosida ma’ruzalar qiladilar.
Konferensiya yakuni bo‘yicha maqola va tezislar to‘plamini nashr etish, shuningdek, barcha ishtirokchilarni O‘zbekiston Milliy arxivi rahbariyatining maxsus sertifikati bilan taqdirlash rejalashtirilgan.
Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “O‘zarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.


Manba : "Ўзархив" агентлиги Ахборот хизмати