Navoiyning nazmi ila qanot bog‘lagan, ona tilimsan

Navoiyning nazmi ila qanot bog‘lagan,
Boburshohning iztirobin xatga joylagan,
O‘z yurtida toptalsa ham sabot aylagan,
Ichimdagi asirimsan yoki pirimsan –
Podshohimsan, vazirimsan, ona tilimsan.
(K. Turdiyeva)

Asrlar davomida madaniy, ilmiy, ma’rifiy, badiiy tafakkurimiz, xalqning intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli bo‘lgan o‘zbek tili dunyodagi boy va qadimiy tillardan biridir.
(Sh. Mirziyoyev).


Darxaqiqat, o‘zbek tilining nufuzi qadimdan rostlangan, ko‘p buyuk ajdodlarimiz tilimizda ijod etib uning rivojlanish tamal toshini qo‘ygan.
Navoiyning nazmi ila qanot bog‘lagagan o‘zbek tili qancha qancha to‘fonlardan omon qolib, davrimizga millat sha’nini ulug‘lab keldi. Abdulhamid Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Ibrat kabi buyuk namoyondalarning qoni, joni tili  bilan rivojlangan ona tilimiz ulardan keyin ko‘p qatog‘onga uchradi. 
Mustaqillik arafasida, 1989 yil 21 oktyabrda asrlar davomida orzu qilib, intilib, kurashib kelgan xalqimiz tashabbusi bilan, davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi mamlakat suvereniteti va mustaqilligi sari qo‘yilgan dastlabki dadil qadam bo‘ldi. Aynan ana shu tarixiy hujjatga binoan o‘zbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi.
O‘tgan davr mobaynida chet tillarni o‘zlashtirdik, ularning rivojlanishiga katta imkoniyatlar berildi. Chet tillarini o‘rganishga yoshlarimizda ishtiyoq kuchaydi, ona tilimiz-chi deb xech kim indamadi. Natijada o‘zbek tili faqat o‘rta ta’lim maktabidan chetga chiqmadi.
O‘zbek tilining ijtimoiy hayotimizdagi va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashning yangi yo‘nalishlarini ochish maqsadida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ona tilimizni rivojlantirishning yangidan yangi bosqichlarini boshlab berdi. Shu bilan birga Farmon O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilab berdi. 2020—2030 yillarga mo‘ljallangan O‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Tarixga nazar tashlasak bunday konsepsiyani ishlab chiqish to‘g‘risida Abdulla Qodiriy, Ibrat harakat harakatlari qattiq qoralangan edi.


O‘tda yonding, nurga to‘lding, goho muzlading
O‘zbegimning taqdirini elga so‘zlading,
Ingrardingu, titrarding goh, dodlab bo‘zlading,
Qodiriylar taqdiridan tilim-tilimsan –
Hayqiriqsan, chaqiriqsan, ona tilimsan.

2019 yildan e’tiboran, deyarli 100 yildan keyin bunday tub burilish mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishishni ta’minladi. Ta’lim tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirishga qaratilgan mazkur Konsepsiya davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirishni ham qamrab oldi.
Davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvi ta’minlanmoqda. Davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirishda Davlat rahbarining tashabbuslari ilgari surilmoqda.
Mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar tillarini rivojlantirish maqsadida keng va teng imkoniyatlar hamda ularga davlat tilini o‘rganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.
21 oktyabr – “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilinib, qonun bilan mustahkamlandi. Barcha sohalardagi kabi arxiv sohasida ham o‘zbek tili qoidalaridan keng foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Tizimda 300 nafardan ortiqroq xodimlar Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida qayta tayyorgarlikdan o‘tdi. Sohada “Davlat tilida ish yuritish yo‘riqnomasi” qayta ishlab chiqildi. Arxiv sohasida davlat tilini qo‘llashning o‘ziga hos yo‘nalishlari ishlab chiqilib, sohada ishlatilayotgan o‘zga tillar atamalarining birqanchasi davlat tilida o‘zlashtirildi. Endilikda, arxiv sohasida davlat tilida ish yuritishning to‘laqonli asoslari yaratilib, g‘ov bo‘layotgan to‘siqlar olib tashlandi. O‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan bir qator tadbirlar, metodik qo‘llanma va tavsiyalar ishlab chiqildi. Keyingi navbat esa, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish. Bu borada arxiv sohasida barcha chora-tadbirlar ko‘rilib, muntazam ravishda o‘quv seminarlari, ma’naviyat soatlari o‘tkazilmoqda.


Qayg‘uraman senda mudom ko‘zim yoshlansa,
Oh chekaman senda giryon dardim boshlansa,
Iydiraman yuraklarni dillar g‘ashlansa,
Yo‘qlovimsan, yig‘lovimsan, mening birimsan –
Yor-yorimsan, alyorimsan, ona tilimsan.



(Kavsar Turdiyevaning she’rlaridan foydalanildi.)
Shuxrat Mir Rayim – “O‘zarxiv” agentligi direktori maslahatchisi


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati