Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida Farg`ona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasining yil yakunlariga bag`ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Joriy yilning 19 yanvar, chorshanba kuni farg`ona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tashkilotchiligida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida davlat arxivlarida 2021-yilda amalga oshirilgan islohotlar va 2022-yil uchun belgilab olingan vazifalar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. 

Unda Boshqarma boshligʻi D.Mallayev, sohaning mas'ul mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdilar.

Karantin qoidalari asosida tashkil etilgan matbuot anjumani ishtirokchilariga bugungi tadbir tafsilotlari yoritilgan Press-reliz hamda tarqatma materiallari taqdim etildi.

Dastlab, matbuot anjumani moderatori sifatida qatnashgan Fargʻona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasining axborot xizmatiga masʼul xodimi R.Madaminov yig`ilganlarga tadbir reglamenti haqida eslatib o`tdi.

Tadbirda so`z olgan boshqarma boshligʻi D.Mallayev OAV xodimlariga o'tgan 2021 yil davomida sohada olib borilgan ishlar, Prezident hamda Hukumat topshiriqlari ijrosi toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtdi. Shundan soʻng jurnalist va blogerlar oʻzlari qiziqtirgan savollari bilan matbuot anjumani tashkilotchilariga yuzlandilar. 

Berilgan savollarning aksariyati arxiv hujjatlarining raqamlashtirish jarayoni va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, hujjatlarni davlat arxivlari saqloviga topshirish, shuningdek, fuqarolarga pensiya tayinlash tartibi hamda soha rivoji oldida turgan asosiy masalalar va ularning yechimlari toʻgʻrisida boʻldi.

Savollarga boshqarma boshligʻi D.Mallayev hamda va boshqa masʼullar batafsil javob berib oʻtdilar.

Qiziqarli va muhokamalarga boy oʻtgan matbuot anjumani davomida jurnalist va blogerlar oʻzlari tomonidan berilgan barcha savollarga batafsil va aniq javob oldilar.

Shuningdek, matbuot anjumani yakunida kelgusida ham arxivlar hamda ommaviy axborot vositalari bilan soha faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazilishida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash borasida kelishib olindi.


Manba : "O'zarxiv" agentligi Axborot xizmati