Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15-iyun kuni Oqsaroyda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax va Osiyo milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi va Osiyo olimpiya kengashi prezidenti Shayx Ahmad al-Fahad al-Sabohni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi va Osiyo olimpiya kengashi o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashning muhim vositalaridan biri sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mustaqil fikrlaydigan, kuchli irodali, dunyoqarashi keng avlod voyaga yetmoqda. Sport ta’lim tizimining uzviy qismi sifatida rivojlanmoqda. Yoshlar, xususan, qizlar sportga keng jalb etilmoqda.
O‘zbekiston mustaqillikning ilk yillaridan olimpiya harakatini qo‘llab-quvvatlab keladi, uning faol a’zosi hisoblanadi. 1992-yilda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tuzilgan va 1993-yil sentabrda Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga a’zo bo‘lgan. Mamlakatimiz yozgi va qishki Olimpiya, Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax tinchlik-osoyishtalik, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot, ta’lim va yoshlar masalasiga e’tibor sport rivojida muhim ahamiyat kasb etishini, ana shunday muhit va sharoit tufayli O‘zbekistonda sport jadal rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportning tashkiliy asoslari takomillashtirilgani, jismoniy-sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari aholi o‘rtasida keng ommalashgani, sohani moliyalashtirish, kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish tizimi yuksalgani, moddiy-texnik baza mustahkamlangani qayd etildi. Mamlakatimizda barcha texnik va uslubiy vositalar bilan ta’minlangan, professional murabbiylarga ega 80 dan ortiq sport federatsiyasi faoliyat yuritmoqda.
Mamlakatimizda, jumladan, eng chekka hududlarda 51 mingdan ortiq sport inshooti barpo etilgan. Dunyoning eng yaxshi sport arenalaridan qolishmaydigan sport majmualari va zallari, sportning ko‘plab turlari bo‘yicha markaz va seksiyalar ishlab turibdi.
O‘zbekistonda ta’lim tizimiga yo‘naltirilayotgan yillik davlat xarajatlari dunyoda eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi, ya’ni ushbu ko‘rsatkich davlat byudjetining 35 foizidan oshadi. Bu har jihatdan barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilayotgan ulkan e’tiborning amaliy tasdig‘idir.
2002-yilda tashkil etilgan Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mamlakatimizda sportni keng rivojlantirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Prezidentimizning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimiz sportchilari ushbu nufuzli musobaqalarga puxta hozirlik ko‘rmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentiga sportni va olimpiya harakatini rivojlantirishdagi buyuk xizmatlari uchun Xalqaro olimpiya qo‘mitasining medali, shuningdek, O‘zbekistonda va Osiyoda futbolni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Osiyo olimpiya kengashining mukofoti topshirildi.
manba: uza.uz