O‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Muhammad Navoz Sharif 17-noyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Ko‘ksaroy qarorgohida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Navoz Sharif shohsupaga ko‘tarildilar. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Islom Karimov va Navoz Sharif uchrashuvida asosiy e’tibor mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalalariga qaratildi.

– O‘zbekiston Pokistonga nafaqat yaqin qo‘shni mamlakat, balki ulkan siyosiy-iqtisodiy, harbiy-texnikaviy va insoniy salohiyati, qulay geosiyosiy o‘rni va vazmin tashqi siyosati tufayli mintaqada, muhim xalqaro masalalarni hal etishda yetakchi rol o‘ynayotgan davlat sifatida qaraydi. Ushbu rasmiy tashrifingizni uzoq muddatli O‘zbekiston – Pokiston munosabatlarida muhim yangi bosqich, mamlakatlarimiz ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan o‘zaro ishonch va ochiqlik ruhidagi oliy darajadagi muzokaralarni davom ettirishga, ko‘p qirrali va manfaatli o‘zaro hamkorligimizni yanada rivojlantirishga tayyor ekanining yorqin ifodasi deb bilamiz, – dedi Prezidentimiz.

– O‘zbekistondek buyuk mamlakatga yana bir bor tashrif buyurganimdan g‘oyat mamnunman. Muhtaram Prezident, Sizning oqilona va uzoqni ko‘zlagan siyosatingiz samarasida O‘zbekistonda tinchlik va barqarorlik ta’minlanmoqda, barcha sohalar izchil taraqqiy etmoqda. Xalqaro iqtisodiyotdagi murakkabliklarga qaramay, O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sishi keyingi yillarda 8 foizdan ziyod bo‘lib kelayotgani buning tasdig‘idir. Oliy darajadagi muloqotlarning muntazamligi samarasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni, xavfsizlik borasidagi hamkorligimizni yanada mustahkamlash, energetika sohasidagi aloqalarimizni kengaytirishning yangi imkoniyatlari paydo bo‘lmoqda, – dedi Pokiston Bosh vaziri.

O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 10-mayda o‘rnatilgan. Turli darajadagi siyosiy muloqotlar muntazamlik kasb etgan. Bu hamkorlikni izchil rivojlantirish, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirib borish imkonini bermoqda.

O‘zbekistonning ulkan iqtisodiy salohiyati, geostrategik o‘rni, rivojlangan infratuzilmasi Pokiston uchun muhim ahamiyatga ega. Pokiston mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashdagi o‘rni, dengiz portlariga chiqish imkoniyati, yirik bozori bilan O‘zbekiston uchun istiqbollidir.

Ikki mamlakat xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Shu yil iyul oyida Shanxay hamkorlik tashkilotining Ufa shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida Pokistonni ShHTga qabul qilish jarayonini boshlash bo‘yicha qaror imzolandi. Bu mamlakatlarimizning o‘zaro va ko‘p tomonlama hamkorligini rivojlantirishda yana bir muhim omil bo‘ladi.

O‘zbekiston va Pokiston Afg‘onistonning yaqin qo‘shnilari sifatida bu mamlakatda tinchlik o‘rnatilishi va barqarorlik ta’minlanishidan manfaatdor. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport tarmoqlarini barpo etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish uchun imkoniyat yaratadi.

Islom Karimov va Navoz Sharif o‘zaro hamkorlik rivojiga bevosita daxldor bo‘lgan mazkur masalaga alohida e’tibor qaratdilar. Afg‘oniston muammosini faqat bir yo‘l – BMT shafeligida tinch siyosiy muzokaralar o‘tkazish va o‘zaro kurashayotgan tomonlarni murosaga keltirish orqaligina hal etish mumkinligi haqida yakdil fikr bildirildi. Mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikka doir masalalar muhokama qilindi.

Muzokarada savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarga oid 42 hujjat imzolangan. Savdo-iqtisodiy hamkorlik, o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish va kapital qo‘yilmalarni himoya qilish, daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda daromad soliqlarini to‘lashdan bosh tortishni bartaraf qilishga oid bitimlar savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Pokistonga paxta tolasi, ko‘nchilik xomashyosi, transport va turizm xizmatlari eksport qiladi. Pokiston mamlakatimizga dori vositalari, kimyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beradi, transport xizmati ko‘rsatadi.

Mamlakatimizda Pokiston kapitali ishtirokida 57 korxona tashkil etilgan. Ular savdo, to‘qimachilik, ko‘nchilik, oziq-ovqat, qog‘oz ishlab chiqarish, transport va turizm sohalarida faoliyat yuritmoqda. Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsiyaviy forumda pokistonlik ishbilarmonlar faol qatnashdi.

Muzokarada o‘zaro tovar aylanmasi O‘zbekiston bilan Pokistonning iqtisodiy salohiyati va keng imkoniyatlari darajasida emasligi ta’kidlandi. Foydalanilmayotgan resurslarni ishga solish, savdo aylanmasi hajmini oshirish va diversifikatsiyalash masalalari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Pokiston hukumatlararo komissiyasi ishini faollashtirish, uning majlislarini muntazam o‘tkazishga kelishib olindi.

Tomonlar O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik rivoji nafaqat mamlakatlarimizning uzoq istiqbolli manfaatlariga xizmat qilishi, balki butun mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, kommunikatsiya va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga ijobiy ta’sir etishini alohida ta’kidladilar.

O‘zbekiston va Pokiston tarixi bir-biriga bog‘liq, ajdodlarimiz ilmiy-ijodiy merosi xalqlarimizning umumiy mulkiga aylangan. Bunday yaqinlik madaniy-gumanitar aloqalar rivojiga mustahkam asos bo‘lmoqda. 1991-yildan buyon faoliyat yuritayotgan “O‘zbekiston – Pokiston” do‘stlik jamiyati tomonidan ko‘plab ilmiy-madaniy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Ikki mamlakat vakillari O‘zbekiston va Pokistonda o‘tkaziladigan turli konsertlar, festival va ko‘rgazmalar, sport musobaqalarida faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, pokistonlik san’atkorlar Samarqandda o‘tadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida muntazam qatnashib keladi.

Pokistonda Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlab ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazilgan. Ko‘plab o‘zbek olimlari, shoir va yozuvchilarining asarlari urdu tiliga tarjima qilingan. 2009-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida urdu tili va adabiyoti kabineti tashkil etilgan. Institut mutaxassislari tomonidan “Urducha-o‘zbekcha lug‘at” hamda “O‘zbek va urdu tillaridagi umumiy so‘zlar lug‘ati” chop etilgan.

Mamlakatlarimiz sayyohlik sohasida ham ulkan imkoniyatlarga ega. Pokistonda O‘zbekistondagi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolarni ko‘rishni xohlovchilar ko‘p.

Muzokaralar yakunida Islom Karimov va Navoz Sharif O‘zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Shuningdek, o‘zaro savdo munosabatlarini rivojlantirish, soliq sohasida qo‘shimcha imtiyozlar yaratish, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga doir qator hujjatlar imzolandi.

O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda ochiq va amaliy ruhda o‘tgan muzokaralarda o‘zaro aloqalarni rivojlantirishning muhim masalalari, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashilganini ta’kidladilar. Ushbu tashrif va unda erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojida yangi sahifa ochishi, unga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashi qayd etildi.

Pokiston Islom Respublikasining Bosh vaziri Muhammad Navoz Sharifning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

Manba: O'zA