“Oʻzarxiv” agentligi Axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev ishtirokida “2022-yilda davlat arxivlariga kelib tushgan soʻrovlar ijrosi” mavzusida” BRIFING

Brifing avvalida Oʻzbekiston Milliy arxivi “Oʻquv zali” faoliyatini tartibga solish va takomillashtirish, mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash maqsadida sanitariya-sogʻlomlashtirish,  dezinfeksiya-dezinseksiya ishlarini olib borish, tadqiqotchi foydalanuvchilarga kelgusida zamonaviy axborot-texnologiyalari asosida xizmat koʻrsatishni tashkil etish, koʻp miqdorda talab qilinayotgan fondlarning hujjatlarini restavratsiya qilish, arxiv saqlovxonalarini tartibga keltirish hamda   oʻquv zalida foydalanuvchilarning shaxsiy yigʻmajildlarini tatibga keltirish maqsadida joriy yilning  28-dekabridan  2023-yil 6-yanvargacha oʻquv zalida xizmat  koʻrsatish ishlarini toʻxtatilishini maʼlum qilamiz.

Davlat arxiv oʻquvxonalarida tadqiqotchilar ishini tashkil etish boʻyicha 5794 nafar Oʻzbekiston fuqarolari , 39 nafar Chet el fuqarolari tadqiqotchilik ishlarini olib bordilar, shuningdek 55 169 saqlov birligidagi hujjatlar tadqiqotchilarga foydalanish uchun taqdim etildi.

Joriy yil 23-dekabrda Istanbul shahridagi Usmoniylar arxivi binosida Turkiya Respublikasi Prezidenti devoni huzuridagi Davlat arxivlari boshqarmasi va “Oʻzarxiv” agentligi hamkorligida tayyorlangan “Oʻzbekiston Turkiya aloqalari hujjatlarda” nomli kitob-albom taqdimoti oʻtkazildi. Mazkur kitob-albom 2018-yil 30-aprelda Toshkent shahrida imzolangan “Oʻzarxiv” agentligi bilan Turkiya Respublikasi Bosh vaziri devoni huzuridagi Davlat arxivlari bosh direksiyasi oʻrtasida arxivlar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Protokol” doirasida tayyorlangan. 

2022-yil Respublika arxivlariga 455 494 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi soʻrovlar kelib tushgan. Davlat xizmatlari markazlari (DXM) va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali 335 135 ta, Pochta va elektron pochta orqali 47 113 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi soʻrovlar Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi mamlakatida yashovchilardan kelib tushgan boʻlsa 73 246 nafar fuqaro bevosita arxivga murojaat etgan.

Arxiv hujjatlari asosida 346 267 ta soʻrovlar ijrosi bajarilib, ulardan 312 628 tasi ijobiy, 33 639 tasi boʻyicha esa tegishli koʻrsatma va tushuntirishlar berilgan. Tashkilot hujjatlari arxiv saqloviga kelib tushmagan va taaluqligi boʻyicha tegishli tashkilotlarga yuborilgan soʻrovlar soni 98 453 ta ni tashkil etadi.

2022-yil davomida Respublika davlat arxivlariga 83 332 ta mavzuli soʻrovlar kelib tushgan va barchasining ijrosi taʼminlangan.

Agentlik tizimidagi arxiv muassasalarida bugunga qadar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishda kamchilik hamda huquqbuzarlikka yoʻl qoʻyganliklari uchun 2 nafar rahbar va masʼul xodimlarga jiddiy ogohlantirish berilib, 32 nafar rahbar va masʼul xodimlar intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-138-son qarorining 8-bandi bilan “Oʻzarxiv” agentligiga hududiy adliya va prokuratura organlari bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar davlat arxivlari saqloviga berilgan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining yer uchastkalari berish toʻgʻrisidagi qarorlari, kolxozlar aʼzolarining umumiy majlislari bayonnomalari, sovxozlar va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlarining buyruqlarini xatlovdan oʻtkazib, ularning elektron nusxalarini muntazam ravishda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlash uchun tuman (shahar) sektor rahbarlari hamda hokim yordamchilariga taqdim etilishini taʼminlash topshirigʻi berilgan. Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash yuzasidan, “Oʻzarxiv” agentligi quyidagilarni maʼlum qiladi:

2022-yil 15-dekabr holatiga koʻra, respublika boʻyicha davlat arxivlari tomonidan xatlov ishi toʻliq yakunlangan boʻlib, xatlov natijasiga koʻra, jami qarorlar (qaror, bayonnoma, buyruq va boshqalar) 939 892 tani tashkil etdi, shu jumladan, davlat arxivi saqlovidagi hokimlik qarorlari – 797 661 ta, oʻzini-oʻzi boshqarish organlarining qarori – 68 786 ta, kolxoz va sovxozlarning yer ajratish toʻgʻrisidagi bayonnoma va buyruqlari – 73 445 ta.

Xatlov natijasida aniqlangan jami 939 892 ta qarorlarning (100 foizi) electron nusxasi yaratilib, raqamlashtirilgan jami kadrlar soni 3 508 022 tani tashkil etdi.

Raqamlashtirilgan hujjatlarning elektron nusxalari yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlash uchun xatlov natijasida aniqlangan davlat arxivi saqlovidagi jami 939 892 ta (100 foizi) qarorlarning elektron nusxasi tuman sektor rahbarlariga taqdim etildi. Hududlar boʻyicha rasmiylashtirilgan dalolatnomalar nusxalari va umumlashgan jadval ilova qilinadi.

Shu bilan birga, yuqorida qayd etilgan topshiriq boʻyicha “Oʻzarxiv” agentligiga belgilangan vazifalar toʻliq yakunlaganligi tufayli, qoʻshimcha ravishda joylarda yerga doir hokimliklar saqlovidagi mavjud hujjatlarini raqamlashtirish ishlarida davlat arxivlari tomonida mahalliy hokimliklarga amaliy koʻmak berilayotganligini maʼlum qilamiz.

“ Oʻzarxiv” agentligi 2023 yil  — Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yilida arxiv xizmatlarini koʻrsatishda sifat darajasini yanada oshirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Jumladan,

Idoraviy arxivlarda saqlanayotgan arxiv hujjatlarini davlat arxivlariga elektron qabul qilishni alohida axborot tizimi ishlab chiqilmoqda va 2023-yilda toʻliq ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

Elektron fondlar axborot tizimi ishga tushiriladi va tadqiqotchilarga  qoʻshimcha qulayliklar yaratiladi.

Elektron roʻyxatlardan onlayn foydalanish imkoniyati yaratiladi.

“Virtual oʻquv zali” axborot tizimi ishga tushadi va boshqalar.

Agar Sizda davlat arxivlari faoliyati yuzasidan shikoyat va takliflaringiz boʻlsa yagona 55-50-301-50 raqamiga qoʻngʻiroq qilishingizni soʻraymiz.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

 


Manba : "Oʻzarxiv" agentligi Axborot xizmati