“O‘zarxiv” agentligi Bosh direktori A.Abdullayevning “Arxivlarda va idoraviy arxivlarda kadrlar masalasi: muammo va yechimlar” mavzusidagi matbuot anjumanidagi ma’ruzasi

 

Assalomu alaykum, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, xurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Bugungi kunda mamlakatimizda zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan, texnika va texnologiyalarning yutuqlari asosida kadrlar tayyorlash masalasi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti sifatida belgilangan. Bu borada respublikamizda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, idoralar va boshqa tashkilotlar tomonidan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning tizimli malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda asosiy ko‘rib chiqiladigan masala ham aynan mana shu mavzuga oiddir. O‘zbekiston milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi”ga asosan “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “Arxivlarda va idoraviy arxivlarda kadrlar masalasi: muammo va yechimlar” mavzusidagi bugunning ustuvor masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Bugungi tadbirda sohaga oid mavjud muammolar va ularning yechimini topish bo‘yicha hamkorlikda amalga oshiriladigan tadbirlar samaradorligini yanada takomillashtirish masalalari, shuningdek, o‘z yechimini kutib turgan turli muammoli masalalar kun tartibiga kiritilgan.

Bugungi kunda respublikada 103 ta davlat arxivlari, mahalliy hokimliklar huzuridagi 110 ta idoralararo shaxsiy tarkib arxivlari hamda qariyb 9 000 ga yaqin idoraviy arxivlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Arxiv muassasalarida jami 1 412 nafar xodimlar faoliyat yuritadi. Hozirda davlat arxivlarida faoliyat yuritayotgan kadrlarning 31% - 30 yoshgacha, 38% - 50 yosh va undan oshganlar, 6%- 60 yoshdan oshganlar bo‘lib, barcha xodimlarning 25% - oliy ma’lumotlilar, 53% - o‘rta-maxsus ma’lumotga ega. Barcha xodimlarning 4% soha bo‘yicha oliy ma’lumotga ega kadrlardir. Agentlik tomonidan arxiv muassasalarini bilimli va malakali kadrlar bilan ta’minlash, soha bo‘yicha lavozimlarini oshirib borilishini ta’minlash, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish hamda kadrlar qo‘nimsizligini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar muntazam amalga oshrilib kelinmoqda. O‘tkazilgan tadbirlarning natijasida 2014 yilda respublika bo‘yicha kadrlar qo‘nimsizligi 30% ni tashkil etgan bo‘lsa, 2015 yilda 5% kamayganligini kuzatishimiz mumkin. Shuningdek, 2016 yilda ushbu ko‘rsatkichlarni yanada kamaytirish uchun tegishli amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Arxiv muassasalari hamda arxiv ishi va ish yuritish yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan 28 ta o‘rta-maxsus va kasb-hunar kollejlari, 4 ta oliy o‘quv yurtlari, ya’ni O‘zbekiston Milliy Universiteti, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti, Namangan Davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti bilan uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu borada ishlar yanada faollashtirilmoqda. Arxiv ishi va ish yuritish sohasi mutaxassislarini sohaga oid bilimlarini oshirish maqsadida 2006 yildan buyon markaziy davlat arxivlari qoshida “Ijro nazorati va ish yuritish mahorati” hamda “Idoraviy arxivlar faoliyatini tashkil etish asoslari” o‘quv kurslari faoliyat yuritmoqda va ularning bazasida bugungi kunga qadar 3000 dan ortiq arxivlar va tashkilotlarning arxivchi va ish yurituvchi xodimlari malakalarini oshirdilar.

E’tiboringiz uchun rahmat!

22.04.2016 y.

Soat 11:00
Milliy matbuot markazi

   Yuklab olish (*pdf 222 kb)