“O‘zarxiv” agentligi Bosh direktori o’ribosari D.Kucharovaning “Arxiv faoliyatini avtomatlashtirish va arxivlarda axborot-kommunikatsion texnologiyalarini joriy etishning dolzarb masalalari” mavzusidagi matbuot anjumanidagi ma’ruzasi

Assalomu alaykum, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, xurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

 

Bugungi matbuot anjumaniizda O‘zbekiston milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi”ga asosan “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “Arxiv faoliyatini avtomatlashtirish va arxivlarda axborot-kommunikatsion texnologiyalarini joriy etishning dolzarb masalalari” mavzusidagi bugunning ustuvor masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan arxiv faoliyatini avtomatlashtirish oqibatida jismoniy va yuridik shaxslarga yaratilayotgan qulay imkoniyatlar hamda arxivlarda axborot-kommunikatsion texnologiyalarini joriy etishdagi yutuqlar va istiqboldagi rejalar muhokama etildi.

Arxiv ishi sohasidagi faoliyatni tashkil etish va boshqarishda 2010 yil 15 iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 3 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini boshqarishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori hamda boshqa qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Sohada yaratilgan mukammal qonunchilik tizimi arxivlarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, elektron arxiv fondlarini yaratish hamda raqamlashtirishning zamonaviy uskunalari bilan jihozlashda yangi istiqbollarni ochmoqda.

Arxivlarni kelajak avlodga bekamu ko‘st yetkazish soha mutaxassislarining eng birinchi vazifasidir. Shundan kelib chiqib, 2008 yildan boshlab barcha davlat arxivlarida axborot-kommunikatsion texnologiyalaridan foydalanilgan holda asl hujjatlarning umrini uzaytirish maqsadida alohida qimmatli hujjatlarning elektron nusxalarini yaratish ishlariga kirishildi. Hozirga qadar 510 ming saqlov birligidan ortiq, shu jumladan 5,3 million kadr qog‘oz asosdagi, 240 mingdan ortiq foto, 1800 dan ortiq kino, 2700 dan ortiq fono arxiv hujjatlarining elektron nusxalari yaratilib, jami davlat arxivlarida saqlanayotgan alohida qimmatli hujjatlarning 75 foizi elektron formatga o‘tkazildi.

Bugungi kunda axborot olishga bo‘lgan ehtiyoj tobora oshib borayapti. Mazkur jarayon arxivlar faoliyatini rivojlantirishda yangicha yondashuvni talab etmoqda. Shu ma’noda, mavjud arxiv muassasalarining zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanishiga katta e’tibor qaratilyapti. Bu esa ish samaradorligi oshiribgina qolmay, hujjatlarni sifatli va uzoq muddatga saqlash imkoniyatini bermoqda. Shuning bilan birga, aholining arxiv hujjatlaridan foydalanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida www.archive.uz sayti muntazam faoliyat yuritmoqda. Ushbu saytda “Xizmatlar” va “Interaktiv xizmatlar” turkumlarida fuqarolarga arxiv muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarga oid keng ko‘lamli ma’lumotlar havola qilingan. Shuningdek, veb-sayt modernizatsiya qilinib, unda aholi va tadbirkorlar uchun Agentlik rahbariyatining virtual qabulxonasi joriy qilindi. Virtual qabulxona orqali internetdan foydalanuvchilar elektron raqamli imzolarsiz bevosita Agentlik rahbariyatiga murojaat etishlari mumkin.

Jismoniy va yuridik shaxslarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida Agentlik veb-saytida hujjatlarning qidiruv tizimi joriy etilib, davlat arxivlarida saqlanayotgan 57 235 ta korxona, tashkilot va muassasalarning shaxsiy tarkib hujjatlari to‘g‘risida ma’lumotlar joylashtirildi. Bu esa o‘z navbatida murojaat etuvchilarning ortiqcha vaqt yo‘qotishlari va yo‘l sarf-harajatlarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi va Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali orqali ham yaqindan ko‘mak berilmoqda.

Arxiv faoliyatini avtomatlashtirish bo‘yicha sohada keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “O‘zarxiv” agentligining bevosita ko‘rsatmasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari markaziy davlati arxivi tomonidan arxiv hujjatlari saqlanishi va xavfsizligi ustidan nazorat qilish hamda boshqarishning integratsiyalashgan tizimi, arxiv saqlovxonalarida mikroklimatni boshqarish va nazorat qilishning avtomatlashgan tizimi, arxiv faoliyatini avtomatlashtirish uchun markazlashgan axborot tizimi hamda arxiv hujjatlarini qidiruv tizimlari ishlab chiqilib, sohaga joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi markaziy davlat arxivlari, Toshkent shahar, Sirdaryo, Andijon, Qashqadaryo, Jizzax va Farg‘ona viloyatlari davlat arxivlarida joriy etilgan zamonaviy axborot (sensorli) kiosklarining elektron bazalari yanada kengaytirilib, davlat arxivlari faoliyati va ularda saqlanayotgan hujjatlar haqida ma’lumotlar joylashtirildi.

Bu kabi qulayliklar tufayli davlat arxivlari o‘quvxonalarida arxiv hujjatlaridan foydalanuvchilar va qiziquvchilarning soni tobora ortmoqda. Birgina 2016 yilning o‘zida 31 400 dan ortiq hujjat foydalanuvchilar tomonidan o‘quvxonalarida ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, arxiv sohasining barcha jabhalarida axborot-kummunikatsiya tizimini joriy qilish natijasida kundan-kunga fuqarolardan kelib tushayotgan so‘rovlarning sonida o‘sish sur’ati kuzatilmoqda. O‘z navbatida ularning murojaatlariga tezkor, qulay va o‘z vaqtida javob qaytarilishi arxiv muassasalari bilan fuqarolarning o‘rtasida o‘zaro va ishchan aloqalarni mustahkamlanishiga zamin yaratmoqda. Jumladan, 2016 yil davomida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ijtimoiy-huquqiy mazmundagi, xususan, mehnat faoliyati va ish haqini tasdiqlash, o‘quv muassasalarida o‘qiganlikni tasdiqlash hamda mukofotlanganlik to‘g‘risidagi arxiv ma’lumotnomalarini berish bo‘yicha 2 512 ta so‘rovlar qabul qilinib, ijrosi ta’minlandi. Bu ko‘rsatkich 2015 yilning shu davriga nisbatan qariyb 35 foizga oshganligini kuzatishimiz mumkin.

 

E’tiboringiz uchun rahmat!

27.12.2016 y.

Soat 11:00

Milliy matbuot markazi

Yuklab olish (*.doc 161 kb)