“O‘zarxiv” agentligi Bosh direktori o’ribosari D.Kucharovaning “Milliy arxiv fondining nodavlat sigmentini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi matbuot anjumanidagi ma’ruzasi
Assalomu alaykum, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, xurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
Bugungi matbuot anjumaniizda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi”ga asosan “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “Milliy arxiv fondining nodavlat sigmentini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi bugunning ustuvor masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismini boyitib borish, ularni tizimli asosda jamlash, hisobini olib borish, saqlash hamda foydalanishni tashkil etish hamda nodavlat arxivlarini shakllantirish masalalari muhokama etildi.Shu bilan birga, respublikada davlat arxivlari tarmog‘iga kirmaydigan, lekin qonunchilikka muvofiq tarzda nodavlat arxivlari sifatida qayta tashkil etishi lozim bo‘lgan arxivlar faoliyati va hozirda mavjud bo‘lgan muammolarga alohida e’tibor qaratishlaringizni so‘rayman. Raqamlarga e’tibor qaratilsa, bugungi kunda respublika bo‘yicha arxiv muassasalarida jami 37 700 dan ortiq fond mavjud bo‘lib, ularning tarkibidagi hujjatlarning soni 8,6 mln. saqlov birligini tashkil etadi. Shundan milliy arxiv fondining nodavlat qismi 473 500 dan ortiq saqlov birligiga to‘g‘ri keladi. Arxiv muassalaridagi 5 886 ta shaxsiy fondda 374 907 saqlov birligidagi hujjatlar mavjud. Jami asosiy ro‘yxatga kiritilgan jamlash manbalari esa 10 754 tadan iborat bo‘lib, shundan nodavlat tashkilotlarining ulushi 1360 taga to‘g‘ri kelmoqda.
2010 yil 15 iyunda O‘zbekiston Respublikasi “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi respublika arxiv muassasalari faoliyatida tub ijobiy o‘zgarishlarga asos bo‘ldi. Qonunda respublikada amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning mohiyati inobatga olinib, Milliy arxiv fondi tushunchasi va uni arxiv hujjatlari bilan muntazam ravishda jamlanib borishini ta’minlash borasida yangi tartiblar kiritildi.Qonunning 14-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi davlatga tegishli va davlatga tegishli bo‘lmagan qismlardan tashkil topgan bo‘lib, unga kiritilgan arxiv hujjatlari O‘zbekiston xalqi madaniy merosining ajralmas qismidir va ularning saqlov muddati cheklanmagan, ya’ni doimiy saqlanadi. Xususan, nodavlat korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyati natijasida yaratilgan arxiv hujjatlari, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismini tashkil etadi. Alohida ko‘rsatib o‘tish joizki, agar fuqaro tomonidan davlat arxiviga topshirilayotgan hujjatlar tarixiy, ma’naviy, ilmiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lsa, bu hujjatlar shaxsiy fond sifatida rasmiylashtiriladi va saqlov bilan bog‘liq to‘lov olinmaydi. Alohida qimmatli yoki noyob hujjat topshirilgan hollarda, aksincha, arxiv fuqarodan davlat tomonidan belgilangan narhda sotib olishi ham mumkin. Nodavlat arxiv fondining hujjatlari, shu jumladan jismoniy shaxslarning xususiy mulki sifatida o‘zida saqlanayotgan arxivlar yuridik va jismoniy shaxslarning foydalanishi uchun fond egalarining roziligi bilan berilishi mumkin bo‘lib, ular arxiv hujjatlarining asralishini ta’minlash maqsadida ulardan foydalanishni cheklashlari mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Arxiv ishi bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori (1999 yil 30 oktyabr, 482-son) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi “Milliy arxiv fondi to‘g‘risida Nizom”ning 23-bandiga muvofiq, Nodavlat yuridik va jismoniy shaxslar o‘z hujjatlarini davlat mulki qilib davlat arxivlari, muzeylar va kutubxonalarda saqlashga berishlari mumkin. Bunday ishlar bitim (shartnoma) bilan, zarur hollarida hujjatlarni saqlash va ulardan foydalanish shartlari aniqlangan holda, rasmiylashtiriladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori (2012 yil 5 aprel, 101-son) bilan tasdiqlangan “Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi to‘g‘risida Nizom”da ham nodavlat arxivlar foliyatini tashkil etish bo‘yicha me’yorlar belgilangan. Xususan, nizomning 14-bandiga ko‘ra, davlat va nodavlat arxivlarni tashkil etish uchun moddiy-texnika baza, shu jumladan bino (xonalar), arxiv hujjatlarini saqlashni tashkil etish va ulardan foydalanish talablariga mos qo‘riqlash vositalari va yong‘inga qarshi vositalar; arxiv ishi bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun normativ-huquqiy va uslubiy bazalar; arxivlar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha maxsus kurslarda tahsil olgan arxiv ishi bo‘yicha mutaxassislarga ega bo‘lish kerakligi belgilangan.
E’tiboringiz uchun rahmat!
14.06.2016 y.
Soat 11:00
Milliy matbuot markazi