“O‘zarxiv” agentligi brifingi o‘tkazildi. Agentlik Axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev
2022-yil yil 24-fevral kuni oʻtkaziladigan “Oʻzarxiv” agentligi Axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev ishtirokidagi brifing Assalomu alaykum hurmatli yurtdoshlar!
Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi Axborot xizmati oʻzining navbatdagi brifingida 2022-yil oʻtgan davrida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan qisqacha axborot taqdim etadi va Agentlikka kelib tushgan baʼzi savollarga javob beradi. 2022-yil 2 oy davomida Respublika arxivlariga 16 554 ta mavzuli (2021-yil I choragida 24 830 ta, oʻsish surʼati 141%), 190 672 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi (2021-yil I choragida 286 008ta, oʻsish surʼati 147%) soʻrovlar kelib tushgan. Shundan, davlat xizmatlari markazlari orqali 153 767 ta soʻrovlar kelib tushgan. Arxiv hujjatlari asosida 118 941 ta soʻrovlar ijrosi bajarilib, ulardan 109 382 tasi ijobiy , 11 568 tasiga huquqiy maslahatlar berildi. Fursatdan foydalanib aholiga murojaat qilmoqchimiz.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi PF-6155-son Farmonining 10-bandiga muvofiq, 2021-yil 1-iyundan boshlab pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr – 2005-yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanashi belgilab qoʻyilgan boʻlsada, Amaliyotda koʻp hollarda Fuqarolar tomonidan pensiya jamgʻarmasiga bormasdan turib toʻgʻridan toʻgʻri arxivga murojaat etish holatlari qayd etilmoqda. Natijada fuqarolar oʻzini-oʻzi sarson qilishi, ortiqcha vaqt yoʻqotishi va arxivlar faoliyatida turli holatlar yuzaga kelishiga sabab boʻlmoyda. Shunga koʻra arxivlarga murojaat qilishdan orldin tegishli tartibda Pensiya jamgʻarmasiga birinchi murojaat etishni tavsiya qilamiz. Yana bir axborot. Joriy yil mart oyida “Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon” shiori ostida “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda “Oʻzbek ayoli – oʻtmish, nafosat, kelajak ramzi” mavzusidagi 8-mart –Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan Respublika fotokoʻrgazmasi oʻtkaziladi. Fotokoʻrgazmaning tantanali ochilish marosimi 2022-yil 4-mart kuni soat 11.00 da Toshkent Fotosuratlar uyida boʻlib oʻtadi. Barcha yurtdoshlarimizni Ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, blogerlarni taklif etamiz. Savol: Shunday vaziyat boʻladi-ki, arxiv hujjatlarining asli nusxalari bilan tanishishlariga zaruriyat tugʻiladi. Ushbu hujjatlarni arxiv idoralaridan tashqariga olib chiqmasdan foydalansa boʻladimi? Javob: Ha, bunday imkoniyat mavjud boʻlib, respublikamiz fuqarolariga (voyaga yetmagan shaxslar uchun ularning ota-onasi yoki vasiylariga) davlat arxivlari oʻquv zallarida arxiv hujjatlaridan foydalanishga ruxsatnoma berish orqali amalga oshiriladi. Mazkur davlat xizmati Hukumatning 29.12.2021-yildagi 788-son qarori bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglament asosida Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat arxivlari tomonidan koʻrsatiladi. Savol :Men Toʻychiyev Rustam Ravshanovich 2016-yilda Mirobod tumanida joylashgan Toshkent arxitektura qurilish kasb – hunar kollejini tugatganman. Tugatgan vaqtimda diplomimni olgandim lekin baʼzi sabablarga koʻra hujjatlarimni (oʻrta maktabni tugatganligim toʻgʻrisidagi shaxodatnomamni) toʻliq olmaganman. Ayni damda ushbu kollej tugatilgan. Hozirda qolgan hujjatlarimni qayerdan olsam boʻladi? Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktyabrdagi 482-son qaroriga muvofiq siz oʻqigan bilim yurti Toshkent shaharda joylashganligi sababliy siz Toshkent shahar Markaziy Davlat arxiviga murojaat qilishingiz lozim. Savol: Men Adilova Saida Gayratovna “FITNESS CLUB S AND S” nomli sogʻlomlashtrish klubini ochgan edim. 2021-yil noyabr oyida ushbu klub yopildi va menga klubga oid hujjatlarni arxivga topshirish lozimligini aytishdi. Men sogʻlomlashtrish klubi hujjatlarini qaysi arxivga topshirishim kerak shuni aniqlab bersangiz ? Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktyabrdagi 482-son qaroriga muvofiq sizning firmangiz joylashgan hududagi (Viloyat, shahar, tuman) tegishli arxivga topshirishingiz kerak boʻladi. Savol:Tugatilayotgan tadbirkorlik subyektlari oʻz hujjatlarini davlat saqloviga topshirmasa ham davlat roʻyxatidan chikarilishi mumkinmi? Javob:Yoʻq albatta, chunki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 27-apreldagi PQ-630-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini toʻxtatish tartibi toʻgʻrisida Nizom”ning 49-bandiga asosan Nizomda koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmasa Roʻyxatdan oʻtkazgan organ korxona tugatilganligi toʻgʻrisidagi yozuvlarni davlat reestriga kiritishni rad etishi koʻrsatib oʻtilgan. Savol:Oʻzbekistonda yashab, ishlab keyinchalik Rossiya va boshqa Mustaqillik Xamdoʻstlik davlatlarida koʻchib ketgan fuqarolar pensiya yoshiga yetganlarida nafaqaga chiqish uchun Oʻzbekistonda ishlagan davridagi ish staji va oylik maoshini tasdiqlash xaqidagi maʼlumotnomani olish tartibi qanday? Javob:Oʻzbekistonda yashab, ishlab keyinchalik Rossiya va boshqa Mustaqillik Xamdoʻstlik davlatlarida koʻchib ketgan fuqarolar Oʻzbekistonda ishlagan davridagi ish staji va oylik maoshini tasdiqlash xaqidagi maʼlumotnomani olish uchun xozirda yashab turgan viloyat, tuman, shahar Pensiya fondlariga va ularning boʻlimlari huquqiga ega boʻlgan mijozlar xizmatiga murojaat etadilar. “Mustaqil davlatlar Xamdoʻstligi ishtirokchilari davlatlar fuqarolarining pensiya taʼminoti sohasidagi huquqlarining kafolatlari xaqidagi Kelishuv”ning 10-moddasiga asosan Mustaqillik Xamdoʻstlik davlatlari pensiya fondlari tomonidan fuqarolarning soʻrovnomalari “Oʻzarxiv” agentligiga yuboriladi. “Oʻzarxiv” agentligiga yuborilgan soʻrovlar agentlik tizimidagi arxiv muassassalari tomonidan ijro taʼminlanib, Oʻzbekistonda ishlagan davridagi ish staji va oylik maoshini tasdiqlash xaqidagi maʼlumotnomani olishlari mumkin. Savol:Ijtimoiy-huquqiy mazmundagi takroriy soʻrovni bajarish qanday tartibda amalga oshiriladi? Javob:Ijtimoiy-huquqiy mazmundagi takroriy soʻrovni bajarishda arxiv maʼlumotnomasiga kiritilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi fondlarda saqlanayotgan hujjatlardagi maʼlumotlar bilan solishtiriladi. Agar unda qoʻshimcha maʼlumotlar aniqlanganda ularni takroriy berilayotgan maʼlumotnomaga kiritiladi. Bu bilan soʻralgan maʼlumotni toʻlaqonligi taʼminlanadi. Savol:Men yuborayotgan soʻrov arxiv muassasalari tomonidan tezkor amalga oshirilishini tashkil etishlari uchun soʻrovni yuborishimda nimalarga eʼtibor qaratishim kerak? Javob:Eng avvalo Sizning ismingiz, familiyangiz, otangizni ismi, pochta manzilingiz, soʻralgan mavzu boʻyicha axborotning chegara sanalari toʻliq va aniq boʻlgan taqdirdagina soʻrovning ijrosi tashkil etiladi. Savol: Xorijiy foydalanuvchilardan davlat arxivlari oʻquv zallaridan foydalanishlari uchun tartib qanday? Javob: Davlat arxivlari oʻquv zallaridan foydalanish faoliyati boʻyicha 2022-yil boshidan buyon “Oʻzarxiv” agentligiga Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston Qirgʻiziston, Polsha Respublikasi, Isroil Davlati, Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada kabi xoriji mamlakatlar fuqarolaridan (foydalanuvchilar) jami 12 ta murojaat Tashqi ishlar vazirligi orqali hamda toʻgʻridan-toʻgʻri “Oʻzarxiv” agentligiga kelib tushgan. Maʼlumot oʻrnida shuni aytib oʻtish joizki, xorijiy foydalanuvchilarning davlat arxivlari oʻquv zallarida arxiv hujjatlaridan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-noyabrdagi “Arxiv ishi va ish yuritish sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 706-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat arxivlari oʻquv zallarida arxiv hujjatlaridan foydalanish tartibini, foydalanuvchining huquq va majburiyatlarini, shuningdek, davlat arxivlari oʻquv zallarida arxiv hujjatlarini taqdim etish tartibini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxivlari oʻquv zallarida foydalanuvchilarning arxiv hujjatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom” qoidalariga asosan amalga oshiriladi. Xususan, Nizomning 13-bandiga asosan chet el fuqarosi boʻlgan foydalanuvchilar davlat arxivlari oʻquv zallarida arxiv hujjatlaridan, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining yozma roziligi bilan foydalanadi. Shuningdek, 14-bandga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining yozma roziligi Oʻzbekistondagi xorijiy davlat elchixonasi, boshqa vakolatli organlar yoki foydalanuvchini rasmiy qabul qiluvchi tashkilot orqali rasmiylashtiriladi. Unda foydalanuvchi doimiy yashaydigan davlat nomi, foydalanuvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, maʼlumoti, ilmiy darajasi, xizmat, ishlab chiqarish, ilmiy, madaniy, maʼrifiy, taʼlim va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa ishlarni olib borayotganligi va qaysi arxivlarda ishlashi koʻrsatilishi shart. Bundan tashqari, 15-bandga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining xorijiy foydalanuvchiga davlat arxivi hujjatlari bilan aniq maqsadlar boʻyicha ishlash uchun yozma roziligi olingandan soʻng xorijiy davlatlarning elchixonasi yoki boshqa vakolatli organ yoxud foydalanuvchini rasmiy qabul qiluvchi tashkilot tegishli davlat arxiviga rasmiy xat taqdim etadi. Davlat arxivlari mazkur xat asosida qayta soʻrovsiz tegishli xorijiy foydalanuvchiga (tadqiqot mavzusi oʻzgarmasa) arxiv oʻquv zalidan foydalanishga ruxsat beradi. Bunda, foydalanuvchiga arxivdagi mavjud ilmiy-maʼlumot apparati (yoʻl koʻrsatkich, roʻyxatlar, kataloglar), shu jumladan kino, foto va fono hujjatlar nusxalari, mikronusxalar, elektron hujjatlar bilan ishlash uchun texnik jihozlar taqdim etiladi. Shuningdek, xorijiy foydalanuvchi arxiv rahbariyatining yozma ruxsati bilan boshqa foydalanuvchilarning ishlashiga xalaqit bermagan holda shaxsiy texnik vositalaridan (noutbuk, netbuk, diktofon va boshqalardan) foydalanish yoki arxiv texnik vositalarini ijaraga olish huquqiga ega boʻladi.