“O‘zarxiv” agentligi direktorining Farg‘ona viloyatida yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

2021 yilning 8 aprel kuni Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Mirtalibovich Yusupovning yosh arxivchilar bilan ochiq muloqot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

    Marg‘ilon shahrida joylashgan “Raqamli texnologiyalar markazi”da bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Farg‘ona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimidagi arxiv muassasalarida faoliyat olib borayotgan arxivchi hamda Farg‘ona davlat universitetining Arxivshunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba yoshlar ishtirok etishdi.
    Bugungi kunda viloyat tizimida faoliyat olib borayotgan arxivchi xodimlarning 35 foizini aynan 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Ular har jabxada o‘z kasbiy bilim va izlanishlari, tashabbuskorliklari bilan respublikada ham boshqalarga o‘rnak ko‘rsatib kelmoqdalar.
    Samimiy va ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Agentlik direktori dastlab, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan keng imkoniyalar, yoshlarga oid davlat siyosati sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, o‘tgan vaqt ichida ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratilganligini ta’kidlab o‘tdi.
Jumladan, o‘z so‘zini davom ettirar ekan, “O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tashkil qilinganligi yosh avlodning sog‘lom o‘sishi, sifatli ta’lim olishi va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash, shuningdek, yoshlarning madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «besh muhim tashabbus»ni joriy etish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilayotganligi va bularning barchasi aynan Siz yoshlar uchun, Sizning ertangi porloq kelajagingiz uchun” deb aytib o‘tdi agentlik direktori.
Shuningdek, “O‘zarxiv” agentligi tizimida yoshlar va ularning har tomonlama barkamol shaxs, o‘z kasbining yetuk vakillari bo‘lib yetishishlari borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tdi.
Yuqori kayfiyatda davom etgan uchrashuvda farg‘onalik yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan va o‘ylantirayotgan savollariga javob olishdi. Bundan tashqari, soha rivoji va tizimda yoshlar siyosatini yanada rivojlantirishga doir o‘z taklif va mulohazalarini bildirib o‘tishdi.
Uchrashuv so‘ngida viloyat yosh arxivchilari orasida o‘zining tashabbuskorligi va faolligi bilan o‘rnak ko‘rsatib kelayotgan bir guruh yoshlarga Agentlik direktorining “Tashakkurnoma”si hamda kitoblar jamlanmalaridan iborat esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, uchrashuvda ishtirok etgan barcha arxivchi yoshlarga Agentlik direktori tomonidan badiiy kitoblar tarqatildi.
Albatta, soha rahbarlarining yoshlar bilan mana shunday uchrashuvlar tashkil etishi hamda ularning fikr-mulohazalari bilan o‘roqlashib borishi sohada faoliyat olib borayotgan yoshlarga kuchli motivatsiya bag‘ishlab, kelgusi faoliyatlarida ulkan o‘zgarishlar bo‘lishiga turtki bo‘lishi tabiiy.


Manba : "Ўзархив" агентлиги матбуот хизмати.