“O‘zarxiv” agentligi hamda Vengriya Milliy arxivi o‘rtasida AMALIY HARAKATLAR REJASI imzolandi































 

Vengriya Respublikasi Budapesht shahrida “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi hamda Vengriya Milliy arxivi o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da kengaytirish to‘g‘risidagi kelishuvlarning bajarilishini taʼminlash bo‘yicha AMALIY HARAKATLAR REJASI”  imzolandi.

 

"O‘zarxiv" agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov boshchiligidagi delegatsiya Vengriya poytaxti Budapesht shahridagi Vengriya Milliy arxiviga tashrif buyurdi.

Vengriya Milliy arxivi direktori Csaba Szabo va "O‘zarxiv" agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov “AMALIY HARAKATLAR REJASI” imzolashdan avval rasmiy uchrashuv o'tkazdi. 

Uchrashuvda O‘zbekistonning Vengriyadagi elchisi Oybek Shaxavdinov ishtirok etdi.

Shuningdek, kelgusida ikki davlat arxivlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

 

Vengriya bilan arxiv ishi sohasida hamkorlik munosabatlari bo‘yicha maʼlumotnoma

2019 yil 6 noyabrda Termiz shahrida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi bilan Vengriya Milliy arxivi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Bayonnomaga muvofiq xorijiy hamkor bilan arxiv ishi va ish yuritish sohasida ishlar o‘rnatilgan tartibda amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, mazkur Bayonnoma asosida tomonlarning o‘zaro hujjat almashish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tomonlar arxivlari saqlovidagi O‘zbekiston va Vengriya tarixiga oid bo‘lgan arxiv hujjatlarini aniqlash va ularning nusxalarini o‘rnatilgan tartibda o‘zaro almashish kelishilgan.

Jumladan, Vengriya Milliy arxivi tomonidan O‘zbekistonga oid 70 ta arxiv hujjatlari nusxalari keltirilgan, shu jumladan, xaritalar taqdim etilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Milliy arxivi tomonidan o‘zbek va venger tarixiy aloqalariga oid arxiv hujjatlarini aniqlash ishlari tashkil etilib, “Turkestanskiy kray v godi Pervoy mirovoy voyni (1914-1920 gg.)” va “Perechen arxivnix dokumentov ob istoricheskix vzaimootnosheniyax Uzbekistana i Vengrii. Po lichnomu fondu № I-1009 “Nikolay Petrovich Ostroumov” mavzusida aniqlangan arxiv hujjatlarining ro‘yxati shakllantirilgan hamda fransuz tilida aniqlangan arxiv hujjatlari Vengriya Milliy arxivi ekspertlari tomonidan tarjima qilinib, O‘zbekiston Milliy arxiviga taqdim etilgan.

Bu kabi hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirish va rivojlantirish maqsadida 2023 yil 20-21 sentyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlari arxiv xizmatlari rahbarlari Maslahat kengashining 19-yig‘ilishida hamda 9-13 oktyabr kunlari Xalqaro arxivlar kengashi (ICA) Abu-Dabi Kongressida tomonlar o‘rtasida kelgusi rejalar muhokama qilingan.

Aynan shu maqsadda, tomonlar o‘rtasida 2024 yil 27-29 may kunlari Vengriya Respublikasi Budapesht shahriga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi hamda Vengriya Milliy arxivi o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da kengaytirish to‘g‘risidagi kelishuvlarning bajarilishini taʼminlash bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasi (2024-2028 yillar uchun)” 2024 yil 28 mayda imzolandi.

Mazkur Rejaga muvofiq Vengriya arxivlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston-Vengriya iqtisodiy, ilmiy-madaniy aloqalar tarixini o‘rganish bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:

1.   Maʼlumki, XIX asr oxir – XX asr boshlarida Vengriyadan Turkistonga sayyoh bo‘lib kelgan sharqshunos olimlar tomonidan Markaziy Osiyo tarixiga oid maʼlumotlar yig‘ilgan va bir qancha asarlar yaratilgan. Jumladan, “O‘rta Osiyo bo‘ylab darveshining sayyohati” (1863), “Chig‘atoy tili lahchalari” (1867) va “Venger-turk-tatar lug‘ati” (1869). Armeni Vamberi 1863-1864 yillarda Turkiston o‘lkasiga tashrif buyurgan va Buxoro, Xiva, Samarqand shaharlariga oid maʼlumotlarni to‘plagan. Hozirda Vengriya Akademiyasi qutubxonasining Sharq bo‘limida A.Vamberi tomonidan yig‘ilgan Turkiston tarixiga oid arab imlosida yozilgan qadimiy noyob asralar ham saqlanadi. Shuningdek, Vengriya Fanlar akademiyasi arxivida uning shaxsiy arxiv hujjatlari saqlanadi.

2.   Bundan tashqari, Vengriya Akademiyasi qutubxonasining Sharq bo‘limi va Vengriya Fanlar akademiyasi arxivida turk tili, tarixi va elshunosligi bo‘yicha izlanishlar olib borgan XIX asr oxir – XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasiga tashrif buyurgan Georg (Dyord) Almashining “O‘rta Osiyo yuragiga sayyohat” (1900) nomli asari va shaxsiy arxiv hujjatlari saqlanadi.

3.   Vengriya Milliy arxivida O‘rta Osiyo tarixiga oid noyob xaritalar ham saqlanadi. 

4.   Vengriya Milliy arxivi va Budapesht shahar arxivida Ikkinchi jahon urushi yillarida Budapesht shahrini ozod qilishda ishtirok etgan o‘zbek askarlari hamda harbiy asirlari haqida hujjatli maʼlumotlar saqlanadi. Shuningdek, mazkur arxivlarda 1960-1980 yillarda Vengriyada o‘tkazilgan O‘zbek adabiyoti va sanʼati kunlari to‘g‘risida va madaniy aloqalar tarixiga oid hujjatlar ham saqlanadi. Mazkur hujjatlarni o‘rganish ikki davlat tarixini yoritish bilan birga moddiy-madaniy boyliklarni asrab-avaylash istikbolli hamkorlik rejalarini belgilashga zamin yaratadi.

5.   Vengriya Milliy arxivi elektron hujjatlar platformasini yaratish, hujjatlarni raqamlashtirish, qayta tiklash va saqlash borasida ham yetakchi tajribaga ega. Ushbu tajribani o‘rganish arxiv ishini takomillashtirishga zamin yaratadi.


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati