“O‘zarxiv” agentligi tomonidan 2022 yil davomida vazirlik va idoralarda o‘tkazilgan arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan o‘tkazilgan davlat nazorati bo‘yicha.

“O‘zarxiv” agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan joriy yilda 139 ta vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy bo‘limlarida arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazorati o‘tkazildi. O‘tkazilgan davlat nazorati tekshirishlari bo‘yicha 132 ta ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritilgan.
Tekshirishlarning 14 tasi Agentlik tomonidan, 125 tasi arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan, shulardan 138 tasi rejaga muvofiq, 1 tasi prokuratura organining tashabbusi bilan o‘tkazilgan. 
Xususan, Toshkent Farmatsevtika institutida va Jizzax viloyati davlat arxivida o‘tkazilgan tekshirishlar bo‘yicha to‘plangan materiallar prokuratura organlariga taqdim etilgan va Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tekshirishlar davomida asosan quyidagi qonunbuzilishlar:
O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini belgilangan muddatlarda davlat arxivlariga topshirmaslik, arxiv hujjatlarining qimmatliligi bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazmaslik, jumladan, arxiv ro‘yxatlarini tuzmaslik, hujjatlarni tartibga keltirmasdan saqlash, arxiv xonalariga bo‘lgan talablarga rioya etmaslik;
Ish yuritish qoidalariga rioya etmaslik, jumladan, ish yuritish yo‘riqnomalari, yig‘majildlar nomenklaturalari ishlab chiqmaslik;
Arxiv ishi va ish yuritishga mas’ullarning bilim va malakalari yetishmasligi hamda tegishli malaka oshirish kurslarida o‘z malakalarini oshirmaslik holatlari aniqlanmoqda.
Shuningdek, davlat arxivlari tomonidan 266 ta tashkilotlar va korxonalarga arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatildi.
Tekshirishlar natijasida tashkilot va korxonalarda saqlanayotgan Milliy arxiv fondiga kiritilgan idoraviy saqlov muddati tugagаn 100 ming saqlov birligidan ziyod arxiv hujjatlari tegishli davlat arxivlariga topshirilgan.
Tashkilotlarning 99,8 ming s.b. boshqaruv, 117 s.b. ilmiy-texnika, 25,2 ming s.b. shaxsiy tarkib, 68,9 ming s.b. saqlash muddati vaqtincha bo‘lgan hujjatlari arxivlar tomonidan shartnoma asosida tartibga keltirilgan.
Tegishli tashkilotlar tomonidan 290 ta sohaga oid ichki hujjatlari, xususan Yig‘majildlar nomenklaturasi, Ish yuritish yo‘riqnomasi, MEK va EK nizomlari va Idoraviy arxiv nizomlari ishlab chiqilgan bo‘lib, 790 ta hujjat arxivlarning ekspert-tekshiruv komissiyalari tomonidan kelishib berilgan.
Vazirlik va idoralarning 400 nafarga yaqin arxiv ishi va ish yuritishga mas’ul xodimlar o‘z malakalarini oshirdilar.
Bundan tashqari, tekshirishlar davomida arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha amaliyotda vujudga kelayotgan muammolarni hal qilish maqsadida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 sentyabrdagi PF–5834-son Farmoni, 2019 yil 20 sentyabrdagi PQ–4463-son qarori, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 5 apreldagi 101-son qarori va “O‘zarxiv” agentligi Bosh direktorining 2007 yil 17 iyul 18- son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1703, 2007 yil 13 avgust) korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazildi va Adliya vazirligiga tegishli takliflar taqdim etildi.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati