“O‘zarxiv” agentligi tomonidan xalqaro hamkorlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar | BRIFING




 

Assalomu alaykum hurmatli yurtdoshlar!

O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar va idoralar bilan xalqaro hamkorlik munosabatlarni o‘rnatish maqsadida bir qator salmoqli hujjatlar imzolanib, ular asosida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Jumladan, 2003-2024 yillar davomida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan 15 ta xorijiy davlatlarning sohaga doir manfaatdor tashkilotlari bilan 1 ta Shartnoma, 5 ta Bitim, 1 ta Texnik bitim, 3 ta Bayonnoma, 3 ta Amaliy harakatlar rejasi, 8 ta Anglashuv memorandumi imzolangan. Xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Belarus, Misr, Koreya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Vengriya, Isroil Davlati, Polsha kabi xorijiy davlatlarning nufuzli arxiv va muzeylari shular jumlasidandir.

1.   Davlat arxivlari o‘quv zallaridan foydalanish faoliyati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 noyabrdagi 706-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat arxivlari o‘quv zallarida arxiv hujjatlaridan foydalanish tartibini, foydalanuvchining huquq va majburiyatlarini, shuningdek, davlat arxivlari o‘quv zallarida arxiv hujjatlarini taqdim etish tartibini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi davlat arxivlari o‘quv zallarida foydalanuvchilarning arxiv hujjatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizom” qoidalariga asosan 2023 yilda AQSH, Polsha, Germaniya, Chexiya, Shvetsiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston kabi xorijiy mamlakatlardan jami 64 ta xorijiy foydalanuvchilar davlat arxivlari o‘quv zallariga tashrif buyurgan, shulardan 43 tasiga arxiv materiallaridan o‘rnatilgan tartibda foydalanishga 1 yilga amal qiluvchi ruxsatnoma berilgan.

2024 yil I yarim yilligi holatiga “O‘zarxiv” agentligi tomonidan Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, AQSH, Yaponiya, Xitoy, Niderlandiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya respublikalaridan 31 ta tadqiqotchilarga arxiv materiallaridan o‘rnatilgan tartibda foydalanishga 1 yilga amal qiluvchi ruxsatnoma berilgan.

Dushanbe shahrida 2024 yil 6-9 avgustgacha “O‘zarxiv” agentligi hamraisligida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga aʼzo davlatlarning arxiv xizmatlari rahbarlari Maslahat kengashining 20 yig‘ilishi hamda uning doirasida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Bundan tashqari, 2024 yil 25 martdan 6 aprelgacha Tojikiston davlat arxivlarida Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklariga oid arxiv hujjatlari to‘g‘risida maʼlumotlarni olish bo‘yicha O‘zbekiston Milliy arxivi katta ilmiy xodimlari tomonidan izlanishlar o‘tkazilgan.

2024 yil I yarim yilligida Turkiyaning Usmoniylar arxividan O‘zbekiston tarixi hamda yurtimiz allomalariga oid tarixiy hujjatlarni aniqlash va ularning nusxalarini olib kelish ishlari amalga oshirilib, jami 10000 ta hujjat aniqlangan va nusxalari yurtimizga olib kelingan. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi arxivlaridan 1912-yilda Turkistonga kelgan V.Nikitinning shaxsiy arxiv jamg‘armasidan 150 ta foto nusxalari va 1 ta kundalikning asl nusxasi, Sharof Rashidovga tegishli 9 ta foto, 9 ta kino va 28 ta yig‘majild (delo)lardagi 161 ta kadr arxiv hujjatlari nusxalari, Qozog‘iston arxivlaridan 300 dan ortiq, Tojikiston arxivlaridan 56 ta yig‘majild (delo)lardagi 1000 ta kadr arxiv hujjatlari nusxalari yurtimizga olib kelindi.

Turkiyaning Istanbul shahridagi Usmoniylar arxivida hujjatlarni restavratsiya va konservatsiya qilish bo‘yicha “O‘zarxiv” agentligi tizimidagi davlat arxivlarida faoliyat yuritayotgan arxivchilar shu yil Istanbul shahrida malaka oshirib, tajriba almashib qaytdilar.

2024 yil Mo‘g‘uliston madaniyat vazirligi va YUNESKO ishlari bo‘yicha Mo‘g‘uliston Milliy komissiyasi tomonidan tashkil etilgan “Jahon xotirasi” dasturi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi MOWCAP 10-Yalpi majlisida O‘zbekiston tarafidan YUNESKOning “Jahon xotirasi” dasturi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi ro‘yxatiga kiritish uchun taklif etilgan ikki nomzodnoma — “Xudoybergan Devonovning Xorazm oazisi suratlari to‘plami” va “Turkiston albomi” bir ovozdan qabul qilindi va O‘zbekistondan ushbu 2 ta nodir hujjatlar to‘plami YUNESKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritildi hamda tegishli sertifikatlar qabul qilindi.

Xorijiy hamkorlik bo‘yicha bir qator hujjatlar loyihalari ishlab chiqilmoqda va bu borada Agentlik o‘z ishini davom ettiradi.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati