«O‘zarxiv» agentligida 22 sentyabrdan 22 oktyabrga qadar arxiv sohasida«Qadring baland bo‘lsin, ona tilim» shiori ostida o‘zbek tili oyligi o‘tkazilmoqda
Oylik davomida arxiv sohasida erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda davlat tilida ish yuritish madaniyatini yuksaltirish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning samaradorligini oshirish, soha qonunchiligi yuzasidan uni targ‘ib qilish masalalariga e’tibor kuchaytirildi. Xususan, hududlarda ijodkor arxivchilarning 10 dan ortiq maqolalari, 20 ta videoroliklari, o‘z ijodidan she’r va hikoyalari Agentlikning veb saytlarida va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda yoritildi. Oylik davomida sohada davlat tilini qo‘llashning o‘ziga xos uslubiyati, metodik qo‘llanmalar, bukletlar ishlab chiqildi.
Toshkent shahar Markaziy davlat arxivi binosida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 oktyabrdagi «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni hamda 2020 — 2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi keng muhokama qilindi.
Konsepsiyada belgilab berilgan yo‘nalishlarning arxiv sohasidagi ahamiyati va dolzarbligi tushuntirildi.
Mazkur tadbirda o‘zbek tilining xalqimiz, jumladan soha ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, arxiv sohada davlat tilini rivojlantirishda o‘z mehnatlari bilan fidokorona xizmat qilib kelayotgan bir guruh xodimlar «Soha iftixori» ko‘krak nishoni hamda «O‘zarxiv» agentligining «Faxriy yorlig‘i» bilan taqdirlandilar.
Tadbirda «O‘zarxiv» agentligi rahbariyati, taniqli jurnalistlar, aktyorlar, rejissyor, olimlar, O‘zbekiston milliy arxivlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.