«O‘zarxiv» agentligining davlat arxivlaridan iborat delegatsiyaning Turkiyaning Istanbul shahridagi Usmoniylar arxivida hujjatlarni restavratsiya va konservatsiya qilish bo‘yicha malaka oshirib, tajriba almashishi davom etmoqda.
Turkiyada bo‘lib turgan “O‘zarxiv” agentligining davlat arxivlaridan iborat delegatsiya Istanbuldagi Usmonli arxivi restavratsiya bo‘limida hujjatlarni tozalash usullaridan quruq va nam holda tozalash, yirtiq joylarni tiklash, hujjatlardagi zararkunanda hasharotlarni yo‘q qilish kabi taʼmirlash ishlovlarini turli qalinlikdagi yapon qog‘ozlarini qo‘llagan holda amalga oshirdilar. Mutaxassislar tomonidan O‘zbekiston hududi tarixi va allomalariga oid tarixiy hujjatlarni aniqlash va ularning nusxalarini olib kelish ishlarini davom ettirmoqdalar. Usmonli arxivi rahbariyatining tashabbusi bilan xodimlar Istanbuldagi tarixiy va madaniy yodgorliklarni ko‘rish uchun tashrif buyurdilar. Ziyorat asnosida Sulton Sulaymon nomidagi tarixiy jome masjidiga tashrif buyurdilar.
Navbatdagi tajriba almashish kuni kimyogarlar bilan kimyoviy xossalarni tayyorlash xonasida amaliyot o‘tkazdilar. Metilsellyuloza kleyining tayyorlanish usullari va aralashtirmalarning miqdorlari bevosita amaliyot o‘rgandilar. Istanbulda ochilgan katta kutubxona ichida joylashgan restavratsiya bo‘limi bilan tanishish uchun tashrif buyurildi. U yerda bo‘lim mudiri bo‘lgan mashhur sahhof va restavrator Nil Baydar xonim bilan uchrashib zarur maslahatlar oldilar.
Navbatdagi tajriba almashish kuni murakkab va turli zararkunanda hasharotlar tomonidan yeb, kemirilgan hujjatning bo‘shliqlarini to‘ldiruvchi maxsus lif-kasting (Leaf Casting) mashinasida amaliy ishlarni bajardilar. Ushbu uskuna yordamida jiddiy shikastlangan qog‘ozning teshiklarini to‘ldirish uchun maxsus qog‘oz xamiri tayyorlandi va hujjat asliga yaqin holiga keltirildi. So‘ng qog‘ozning qolgan qismlarini munosib o‘lchamdagi yapon qog‘ozi bilan tikladilar. Usmonli arxivining doimiy hamkori va zarur jihozlar bilan taʼminlovchi xususiy shirkat Arşivist & Dizayn (arsivist.com) bosh ofisiga tashrif buyurildi. Tashrif davomida shirkat rahbari Hakan Kajar bilan uchrashib, tashkilotning tarixi va amaldagi ishlari haqidagi taqdimot bilan tanishildi. Hamda restavratsiya bo‘limiga zarur bo‘lgan yapon qog‘ozidan namunalar olindi. Shirkatda hujjatlarni raqamlashtirishning eng so‘nggi skaner jihozlari borligi va dasturiy taʼminot kabi boshqa imkoniyatlari bilan ham tanishildi. Kelajakda shirkat bilan yaqindan hamkorlik qilish uchun o‘zaro kontaktlar almashildi.
Navbatdagi tajriba almashish kuni Restavratsiya bo‘limining jildxona (muqovasozlik xonasi) da o‘tkazdilar. Jildxonada 35 yildan buyon ishlab kelayotgan Mustafo Bey ismli tajribali xodimning rahbarligi ostida mutaxassislarimizning o‘zlari muqovaning boshlanishidan to oxirgi holatigacha yasalish va yopishtirish ishlarini amalga oshirdilar. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan O‘zbekiston tarixi hamda yurtimiz allomalariga oid tarixiy hujjatlarni aniqlash va ularning nusxalarini olib kelish ishlarini davom ettirmoqdalar. Kunning ikkinchi qismida masʼul xodim Servat Xonim hamrohligida Usmonli sultonlari davridan qolgan To‘pqopi saroyiga tashrif buyurdilar.