“O‘zarxiv” agentligining navbatdagi ishlab chiqarish yig‘ilishi o‘tkazildi
2016 yilning 12 dekabrida “O‘zarxiv” agentligining navbatdagi ishlab chiqarish yig‘ilishi o‘tkazildi. Mazkur ishlab chiqarish yig‘ilishida Buxoro viloyati Kogon shahar davlat arxivida tashkilotlarga shu jumladan tugatilgan tashkilotlardan hujjatlarni qabul qilish ishlarining borishi va bu boradagi mavjud muammolar, arxivda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etilishi, elektron xujjatlar almashinuvi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi.
Shuningdek, yig‘ilishning kun tartibida Qashqadaryo viloyat davlat arxivining Xo‘jalik hisobidagi guruhi tomonidan hujjatlarga ishlov berish ishlarining borishi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan kelib tushgan so‘rovlarning ijrosi bo‘yicha olib borilgan ishlar atroflicha tahlil etildi.
Bundan tashqari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani davlat arxivida arxiv hujjatlarining hisobini yuritish ishlarining borishi hamda davlat arxivida ijro intizomi holati muhokama etilib, tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilish davomida Agentlik markaziy apparatida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan asosiy chora-tadbirlar rejasining bajarilishi yuzasidan bo‘lim boshliqlarining hisoboti tinglandi.
Yig‘ilishda ishtirokchilar soha bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar to‘g‘risida ma’lumotlar oldilar va o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Agentlik Axborot xizmati