“Oʻzbek ayoli – oʻtmish, nafosat, kelajak ramzi” nomli an'anaviy III Respublika fotokoʻrgazmasi tashkil etildi.
Ma’rifatli ayollar- kelajagimiz bunyodkori. Ayol, bu — borliq ko‘zgusidir.
Uning go‘zalligi olamni charog‘on etadi. Chunki uning niyati pok, o‘zi pok. Shu bois bo‘lsa kerak, ayolini avaylab-asragan yurtning kelajagi porloq, deb naql qilishadi. Ushbu qiyosni Vatanimizga va uning biri-biridan latofatli, oqila ayollariga nisbat qo‘llaymiz. Ayol nafaqat ona, balki yaxshi ustoz, ham mehnatda, ham uy, farzand tarbiyasi, jamoat ishlarida birdek faol mo‘tabar zotdir.
2024-yil “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi, O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi hamda Toshkent Fotosuratlar uyi hamkorligida an’anaviy “O‘zbek ayoli-o‘tmish, nafosat, kelajak ramzi” III Respublika Fotoko‘rgazmasi tashkil etildi.
Bu yilgi fotoko‘rgazma “Adolatparvar va ma’rifatli ayol - oila timsoli” mavzusida 8-mart Xalqaro-xotin qizlar kuni munosabati bilan 4-10-mart kunlari o‘tkazilmoqda.
Ko‘rgazma tantanali ochilishini O‘zbekiston Respublikasining mashhur ayollari ochib berdilar. Tadbirda turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar, tabarruk onaxonlar, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining vakillari, "O‘zarxiv" agentligi va arxiv xodimlari ishtirok etishdi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxivida saqlanayotgan adolatli va ma’rifatli ayollarning 100 dan oshiq fotosuratlari namoyish etildi. Ko‘rgazma ochilishida “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov taqdim etilgan fotosuratlarda ayol timsolidagi mehru-muhabbat, sadoqat va vafo ramzi mujassamligini ta’kidladi.
So‘z olganlar har gal olamning pokligi, inson kamoloti, umrning ziynati haqida gapirib, shubhasiz mo'tabar onalarimizni, go‘zal opa-singillarimizga bo‘lgan ehtiromni ta’kidladilar. Ayol go‘zalligi bilan — olam go‘zal, ayol baxti bilan — oila, butun jamiyat baxtli bo‘ladi degan qarash ongu-shuurimizga chuqur kirib borayotgani va bizning hayotiy falsafamizga aylanayotgani har tomonlama davlatning jamiyatda ayolga bo‘lgan e’tiboridir.
O‘zbekistonda yashayotgan har bir ayol, chin ma’noda, baxtlidir. O‘zbek ayoli mukammal inson, latif va nazokatli, mehribon va oqko‘ngil. U mushtipar ona, mehribon rafiqa, fidoyi hamkasb, yetuk olima, malakali xodima…bu ro‘yxatni istagancha davom ettirish mumkin. Bu ta’riflarga aniq isbotlar fotosuratlarda namoyish etildi.
Tadbirda Kinofotofono hujjatlari milliy arxivida fotosuratlar qanday mezonlar asosida va qancha muddatda saralab olingani ma’lum qilindi. Ko‘rgazma 10-martgacha davom etadi.