O‘zbekiston – BMT: tinchlik va barqaror taraqqiyot yo‘lida hamkorlik

O‘zbekiston – BMT: tinchlik va barqaror taraqqiyot yo‘lida hamkorlik

Avval xabar qilinganidek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun 11-iyun kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
 
Ko‘ksaroy qarorgohida 12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Munning uchrashuvi bo‘ldi.
 
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 193 mamlakat a’zo bo‘lgan eng yirik xalqaro tuzilmadir. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan olti oy o‘tib – 1992-yil 2-mart kuni ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lgan. Tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, sog‘liqni saqlash, ekologiya, ta’lim, madaniyat, turizm kabi ko‘plab sohalardagi o‘zaro hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. 
 
Ushbu tashrif O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi samarali muloqotni davom ettirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash masalalari, shuningdek, yadro quroli tarqalishiga qarshi kurashish, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, ekologiya muammolarini hal etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, xalqaro terrorizm va narkotrafik xavfiga qarshi kurashish hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi. 
 
O‘zbekistonning tinchlikparvar siyosati, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlari BMT faoliyatiga hamohangdir. Prezidentimiz tashabbusi bilan Markaziy Osiyo yadro qurolidan xoli hududga aylantirildi. 
 
Mamlakatimizda BMTning bir qator tuzilmalari – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti, Jahon banki, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Bolalar jamg‘armasi, Aholishunoslik jamg‘armasi, Taraqqiyot dasturi, Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasi, OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi kabi tashkilotlarining vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatayotir. Ular bilan hamkorlikda 440 dan ziyod loyiha amalga oshirildi. Ayni paytda yetmishdan ortiq loyiha hayotga tatbiq etilayotir. 
 
– O‘zbekistonda Sizni ko‘p yillardan buyon xalqaro xavfsizlikni ta’minlash, yadrosiz dunyo g‘oyasini ilgari surish, barqaror taraqqiyotning insoniyat uchun dolzarb vazifalarini, shuningdek, ekologik, ijtimoiy va gumanitar xususiyatga ega ko‘plab muhim global muammolarni hal etish bo‘yicha samarali faoliyat yuritayotgan, jahon hamjamiyatida yuksak obro‘ va e’tirofga sazovor bo‘lgan taniqli siyosiy arbob sifatida yaxshi biladi, – dedi Islom Karimov.
 
So‘nggi 15-yilda barcha davlatlar uchun o‘ziga xos kompleks yo‘nalish bo‘lgan Mingyillik rivojlanishning yuksak maqsadlariga erishish, shuningdek, kelajakning yangi kun tartibi – Barqaror rivojlanish maqsadlari BMT faoliyatida muhim o‘rin tutadi. 
 
– Sizning Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston Respublikasiga BMT rahbari sifatida bu galgi tashrifingiz mintaqada yuzaga kelayotgan vaziyat bilan bevosita tanishish va barchamizni tashvishga solayotgan dolzarb muammolar yuzasidan batafsil fikr almashish uchun ajoyib imkoniyatdir, – dedi Prezidentimiz. – Avvalo, radikallashuv, ziddiyat va zo‘ravonlikning avj olayotgani, siyosiy va iqtisodiy qarama-qarshilikning kuchayib borayotgani, jahon moliyaviy inqirozining hamon davom etayotgani jiddiy tashvish tug‘dirmoqda. Dunyodagi ahvol tobora chigallashib borayotgan sharoitda biz BMTni global xavfsizlik va barqarorlikni saqlash bo‘yicha yagona universal xalqaro tashkilot, ko‘plab murakkab davlatlararo va xalqaro muammolarni hal etadigan noyob tuzilma, deb bilamiz. 
 
– O‘zbekiston Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlari, onalik va bolalikni himoya qilish, ta’lim tizimini takomillashtirishda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi, – dedi Pan Gi Mun. – Ushbu muvaffaqiyatlar barqaror va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samarasidir.
 
Bosh kotib Birlashgan Millatlar Tashkiloti O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. 
 
Muzokaralar chog‘ida tomonlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega keng ko‘lamli masalalarni muhokama etib, O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashtirilgan institut hamda agentliklari bilan hamkorligini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi. 
 
O‘zbekiston xalqi Pan Gi Munning 2010-yildagi tashrifi chog‘ida Orolbo‘yi hududiga borgani va bugungi kunning keng ko‘lamli global ekologik fojialaridan biriga jahon hamjamiyati e’tiborini yana bir bor qaratganini yaxshi eslaydi.
 
Ma’lumki, Orolbo‘yini tobora kengayib borayotgan cho‘l qamrab olmoqda. So‘nggi 50-yilda Orol dengizi maydoni 4 barobardan ko‘proqqa qisqardi, suv hajmi 10-marta kamaydi va minerallashuvi ham shuncha ko‘paydi. Bu nafaqat qurib borayotgan dengiz atrofidagi, balki undan uzoqdagi hududlarda ham hayot sifati, aholi salomatligi va genofondiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotir. Orolbo‘yi aholisining mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini BMT bilan birgalikdagi sa’y-harakatlar va yaqin hamkorliksiz hal etib bo‘lmaydi. 
 
2014-yilda Urganchda “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
 
Davlatimiz rahbari Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qilayotgan O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida qabul qilingan “Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yida ekotizimlar halokatining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”ni shaxsan qo‘llab-quvvatlagani uchun Pan Gi Munga minnatdorlik bildirdi. 
 
Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni saqlash hamda mustahkamlash masalalari, Afg‘oniston muammolari ham atroflicha muhokama etildi. 
 
Pan Gi Mun O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida ko‘p tomonlama muhokamalarda faol ishtirok etayotganini, mintaqaviy hamda global masalalarni hal etishga hissa qo‘shayotganini alohida qayd etdi. Xususan, O‘zbekistonning Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash va rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasini yuksak baholadi. 
 
BMT Bosh kotibi Afg‘onistonga qo‘shni va do‘st mamlakat sifatida O‘zbekiston ushbu maqsadlarga erishish uchun keng ko‘lamli yordam ko‘rsatayotganini alohida e’tirof etdi. Mamlakatimiz xalqaro moliya institutlari, chunonchi, Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida transport kommunikatsiyalarini qurish loyihalarini amalga oshirmoqda, Afg‘oniston aholisini elektr energiya bilan ta’minlab, insonparvarlik yordami ko‘rsatmoqda. 
 
Tomonlar Afg‘oniston muammosini hal etishning yagona yo‘li – siyosiy muzokaralar olib borish, ichki kelishuvlarga erishish, buning uchun qulay xalqaro muhit yaratish, moliyaviy va insonparvarlik yordami ko‘rsatishni davom ettirish, bu borada BMTning faol ishtirok etishidan iborat ekanini ta’kidladi. 
 
Islom Karimov O‘zbekiston BMT va uning institutlari bilan izchil hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Ushbu tashkilot bilan samarali hamkorlikni, jumladan, shu yilning oxirigacha Mingyillik rivojlanish maqsadlariga va Bosh Assambleyaning navbatdagi yig‘ilishida qabul qilinishi rejalashtirilayotgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ta’kidladi. 
 
Pan Gi Mun BMTning O‘zbekiston bilan hamkorligi yanada samarali bo‘lishiga ishonch bildirdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2016-2020-yillarda rivojlanishga ko‘maklashish bo‘yicha hadli dasturining imzolanishi o‘zaro hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 
 
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun shu kuni Buxoroga tashrif buyurdi va shaharning tarixiy obidalari, zamonaviy inshootlari bilan tanishdi.
manba: uza.uz