O‘zbekiston – farzandlari sog‘lom yurt

«Turkiston» saroyida bolalar salomatligini muhofaza qilishning ustuvor yo‘nalishlari va modernizatsiyasi mavzusida mamlakatimiz pediatrlarining VII syezdi ochildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, O‘zbekiston pediatrlar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, shuningdek, AQSh, Germaniya, Janubiy Koreya, Avstriya, Polsha, Hindiston, Rossiya, Turkiya, Chexiya, Slovakiya kabi davlatlar va xalqaro tashkilotlardan vakillar ishtirok etmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari A.Xammerix, BMT Bolalar jamg‘armasi – YuNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi boshlig‘i R.Fuderich va boshqalar bolalar manfaatlari va haq-huquqlarini muhofazalash, oilada sog‘lom farzand dunyoga kelishi va kamolga yetishini ta’minlash, navqiron avlodni har tomonlama yetuk va barkamol etib voyaga yetkazish O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishini tashkil etishini alohida ta’kidladi.