O‘zbekiston – Hindiston: hamkorlikni rivojlantirishning yangi imkoniyatlari
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi 6-iyul kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajaga ko‘tarilgani va o‘zaro hamkorlik xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stona aloqalariga asoslanishi bilan ajralib turadi.
O‘zbekistonda Hindistonni boy tarix va o‘ziga xos madaniyatga ega mamlakat sifatida azaldan yaxshi biladi. Xalqimizni ushbu mamlakat bilan qadimiy madaniy va savdo-iqtisodiy aloqalar, eng muhimi, samimiy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi.
O‘zbek va hind xalqlari hamkorligining tarixi, adabiyoti, musiqasi, tasviriy san’ati va me’morchiligi, ularning bir-birini boyitishi ko‘p jihatdan buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan bog‘liqdir.
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri rasmiy tashrifining asosiy tadbirlari Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tdi.
Oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Islom Karimov va Narendra Modi tor doirada muzokara o‘tkazdi.
– Sizning O‘zbekistonga ushbu dastlabki rasmiy tashrifingizni mamlakatlarimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqea, O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida azaldan qaror topgan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashda yangi bosqich, deb bilamiz, – dedi Islom Karimov.
Narendra Modi O‘zbekiston Hindistonning Markaziy Osiyodagi eng ishonchli va muhim sheriklaridan biri va mazkur tashrif o‘zaro munosabatlarni yanada faollashtirish va yangi bosqichga ko‘tarish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidladi.
Tomonlar dunyoda vaziyat shiddat bilan o‘zgarib borayotgani, qarama-qarshiliklar, keskinlik, global va mintaqaviy geosiyosiy raqobat avj olayotgani, terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora keng tarqalayotganini va ushbu tahdidlar Markaziy Osiyo mintaqasiga bevosita yoki bilvosita ta’sir o‘tkazayotgani inobatga olinadigan bo‘lsa, bugungi muzokaralarning dolzarbligi yanada muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.
O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollarini atroflicha tahlil qilish eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib, Islom Karimov va Narendra Modi muzokaralarni aynan shu masalalarni muhokama etishdan boshladi. O‘zbekiston – Hindiston munosabatlarini foydalanilmagan imkoniyatlarni amalga oshirish, siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish orqali yangi bosqichga ko‘tarishga doir fikr almashildi.
Ikki mamlakatni birday tashvishga solayotgan mintaqaviy va xalqaro dolzarb muammolar ham batafsil muhokama etildi. Xususan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashinib, bu muammoni harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligi haqida yakdil fikr bildirildi. Bu borada Afg‘onistonga iqtisodiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy, infratuzilmaviy va gumanitar loyihalarni amalga oshirish, aholi bandligi muammosi, qashshoqlik va huquqsizlikka qarshi kurashish bo‘yicha dolzarb vazifalarni hal etishga katta e’tibor qaratish, Afg‘oniston xalqining ko‘p asrlik an’ana, urf-odat va qadriyatlarini hurmat qilish zarurligi qayd etildi.
Ushbu jafokash mamlakatda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatish mintaqamiz xalqlarining manfaatlariga mos kelishi, ko‘plab umummintaqaviy maqsad va vazifalarga erishishning muhim omillaridan ekani ta’kidlandi.
Iqtisodiy nuqtai nazardan Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish nafaqat mintaqaviy hamkorlikni kengaytiradi va mustahkamlaydi, ayni chog‘da Hindiston va Markaziy Osiyo bozorlari o‘rtasidagi masofani qisqartiradigan iqtisodiy foydali yo‘nalishlarni ochib berish va rivojlantirishga xizmat qiladi.
Muhim mintaqaviy va global masalalarni hal etishda yondashuvlarning bir-biriga mos kelishi va o‘xshashligi tomonlarning xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro hamkorligining ishonchli asosi ekani qayd etildi.
Mamlakatlarimiz BMT Bosh assambleyasi sammitlarida bir-birining tashabbuslarini, BMTning turli organlariga nomzodlarini qo‘llab-quvvatlab, boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarda o‘zaro faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasida parlamentlararo aloqalar ham yo‘lga qo‘yilgan. Tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik doirasida muntazam siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkam huquqiy asosi, avvalo, 2011-yilning may oyida imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot keng ko‘lamli yo‘nalishlar, jumladan, har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada faollashtirish borasida keng imkoniyatlar ochib berishi ta’kidlandi.
Islom Karimov va Narendra Modi muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. Savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro hamkorlik masalalari Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya majlislarida muntazam muhokama qilinmoqda. Islom Karimov va Narendra Modi mazkur komissiya o‘zaro manfaatli barcha yo‘nalishlarda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishning samarali mexanizmiga aylanishi lozimligini ta’kidladilar.
Tomonlar har ikki mamlakatning davlat tuzilmalari va xususiy biznes vakillari tovar hamda xizmatlar yetkazib berishni yanada ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish, iqtisodiyotning axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, farmatsevtika, biotexnologiya, yengil va kimyo sanoati kabi yuqori texnologiyali tarmoqlarida o‘zaro manfaatli qo‘shma korxonalar tashkil etish, shuningdek, uglevodorod konlarini qidirish va qazib olishdan manfaatdor ekanini qayd etdilar.
Ayni paytda O‘zbekistonda Hindiston kapitali ishtirokida 82 korxona tashkil etilgan, ushbu mamlakatning 22 firma va kompaniyalari vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari o‘sib borayotganiga qaramasdan (so‘nggi to‘rt yilda 2 barobar), O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi mamlakatlarimizning iqtisodiy salohiyati darajasida emas. 2014-yilda bu ko‘rsatkich 21,2 foiz o‘sib, 315,9 million AQSh dollariga yetdi. Tomonlar iqtisodiy munosabatlar strategik sheriklikning asosi ekanidan kelib chiqib, tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish va mahsulot turlarini diversifikatsiya qilishga, jumladan, savdo yarmarkalari va boshqa tadbirlarni tashkil etish orqali biznes vakillarining bevosita aloqalarini faollashtirishga kelishdilar.
Hindiston biznes vakillari Navoiy shahri aeroportidagi transkontinental intermodal logistika markazi imkoniyatlariga alohida qiziqish bildirmoqda. Ayni paytda ushbu xalqaro markazdan dunyoning bir qator yetakchi mamlakatlariga, jumladan, Hindistonning Dehli va Mumbay kabi sanoat markazlariga muntazam reyslar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, «Jizzax», «Angren» maxsus industrial zonalari ham hindistonlik ishbilarmonlar e’tiborini tortmoqda.
Hindistonning yetakchi kompaniyalari bilan yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasida «Minda» va «Oliv Telekomyunikeyshn» kompaniyalari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli hamkorlik bunga misol bo‘la oladi.
«Novafarm», «Bravo Farm», «Ultra Xels Kear» va «Gufik Avitsenna» qo‘shma korxonalari farmatsevtika sohasida faoliyat ko‘rsatayotir.
O‘zbekiston tayyor sanoat mahsulotlari, xususan, talab yuqori bo‘lgan kimyoviy tovarlar, zamonaviy va yuqori samarali dori-darmonlar, shuningdek, yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga yuqori texnologiyali kompaniyalarni jalb etishdan manfaatdor.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Toshkent, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona kabi shaharlarda hindistonlik shifokorlar kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, nefrologiya, onkologiya, gepatologiya, ortopediya va boshqa yo‘nalishlarda doimiy tibbiy ko‘riklar o‘tkazmoqda, bemorlarga zarur maslahatlar bermoqda. Tibbiyot xodimlari ikki mamlakat klinikalarida o‘zaro tajriba almashmoqda.
Havo transporti sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish muhim yo‘nalishlardandir. Bugungi kunda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi Toshkentdan Dehli va Amritsar shaharlariga muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda.
Madaniy-gumanitar aloqalar ham faol rivojlanmoqda. 1993-yildan buyon Hindiston texnik-iqtisodiy ko‘maklashish dasturi doirasida mingdan ziyod O‘zbekiston mutaxassislari ushbu mamlakatda axborot texnologiyalari, ingliz tili, bank ishi, kichik biznes, menejment, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha malaka oshirdi.
Toshkent davlat sharqshunoslik institutida hind tili o‘qitilmoqda. 2008-yildan buyon mazkur institutda Maxatma Gandi nomidagi hindshunoslik markazi faoliyat yuritmoqda.
Dehli shahridagi Jamiya Milliya universitetida o‘zbek tili o‘qitilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari Hindistonning o‘ndan ortiq universitet va ilmiy tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining qator institutlari Dehli, Mumbay, Puna shaharlaridagi ilmiy markazlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Hindiston san’atkorlari «Sharq taronalari» xalqaro festivalida muntazam ishtirok etib kelmoqda. 2013-yilgi xalqaro anjumanda hindistonlik xonanda Rashmi Agarval Gran-prini qo‘lga kiritgan.
Mamlakatlarimiz sportchilari O‘zbekiston va Hindistonda o‘tkazilayotgan turli musobaqalarda faol ishtirok etib kelmoqda. Hindistonda o‘zbek milliy kurashi assotsiatsiyasi faoliyat yuritmoqda.
Muzokaralar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Turizm, tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha hujjatlar, madaniyat sohasida 2015-2017-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.
Islom Karimov va Narendra Modi ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari har tomonlama muhokama qilinganini, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashilganini ta’kidladilar. Ko‘rilgan barcha masalalar bo‘yicha pozitsiya, qarash va yondashuvlar yaqin yoki o‘xshash ekani qayd etildi.
O‘zbekiston va Hindistonda xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy, madaniy rishtalar bilan bog‘langan munosabatlar yuksak qadrlanadi. Ushbu tashrif davomida imzolangan Qo‘shma bayonot hamda hukumatlararo va idoralararo qator muhim hujjatlar turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyat ochadi.
Tomonlar Hindiston Bosh vazirining tashrifi, oliy darajadagi muloqotlar o‘zaro hamkorlik rivojiga kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdilar. Tashrif hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan strategik sheriklik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Hindiston Respublikasi Bosh vazirining mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
manba: uza.uz