O‘zbekiston Milliy arxivida "Arxiv hujjatlarini mikrofilmlash laboratoriyasi" ochildi









O‘zbekiston Milliy arxivida "Arxiv hujjatlarini mikrofilmlash laboratoriyasi" ochildi

So‘nggi yillarda raqamli texnologiyalarning roli sezilarli darajada o‘sdi, bu esa raqamli transformatsiyaning, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston uchun muhimligini ko‘rsatadi. Raqamli transformatsiya jamiyatni yana-da modernizatsiya qilish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish salohiyatiga ega. Shu nuqtai nazardan, amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, Yangi O‘zbekistonning kelgusi besh yilga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi doirasida barcha asosiy sohalarni raqamlashtirish hamda mamlakatda haqiqiy axborot jamiyatini barpo etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Joriy yilning 3 iyul kuni O‘zbekiston Milliy arxivi binosida “Arxiv hujjatlarini mikrofilmlash laboratoriyasi” ning ochilishiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Ushbu tadbirning maqsadi O‘zbekiston Milliy arxivi fondlaridagi arxiv hujjatlarning saqlovini yana-da takomillashtirish, ularni umrini uzaytirish, tashkil etilgan arxiv hujjatlarini mikrofilmlash laboratoriyasi va mana shu mikrofilm apparatlarining eng so‘nggi zamonaviy jihozlari albatta zamon talabi bo‘lganligi uchun o‘tkazildi.

Arxivga keltirilgan “SMA-51 Archive Writer Technology” modeli muhim maʼlumotlarni uzoq muddatli saqlash uchun minimal harakat va juda tejamkor mikrofilm muhitida saqlaydi. To‘g‘ri ishlab chiqarilgan va to‘g‘ri sharoitlarda saqlangan mikrofilmning xizmat qilish muddati 500 yilni tashkil qiladi. Bundan tashqari, u ruxsatsiz kirishdan himoyalangan, viruslar va xakerlar tomonidan o‘zgartirilmaydi.

“SMA- 51 Archive Writer Technology” TIFF, JPEG va PDF kabi eng keng tarqalgan tasvir fayllarini, kulrang yoki rangli bo‘lishidan qatʼiy nazar, tezda qayta ishlashi mumkin. O‘tkazish jarayoni tez, ishonchli va mukammal tasvir sifatini taʼminlaydi. Eng kichik hajmdagi hujjatdan boshlab, katta xaritalar va chizmalargacha bo‘lishi mumkin. Fayllar tizimga o‘tkazilgandan so‘ng u qarovsiz ishlaydi. Bu kabi har tomonlama qulay, zamonaviy uskunalar, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish O‘zbekistonning boy madaniy me'rosini kelajak avlodga yetkazish uchun xizmat qiladi.


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati