O‘zbekiston Milliy arxivlari hamda Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmasining 2023-yil sarhisoblari va 2024-yil asosiy ish rejalariga bag‘ishlangan Matbuot anjumani tashkil etildi.
Joriy yilning 30-yanvar kuni O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi binosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tasarrufidagi milliy arxivlar hamda Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmasi tomonidan 2023-yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan milliy arxiv rahbarlari hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar arxiv ishi va ish yuritishga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar, amaldagi namunaviy me’yorlar, Adliya vazirligi hamda “O‘zarxiv” agentligining tegishli buyruqlari, yo‘riqnomalari, Hay’at qarorlari asosida ijro etilganligini qayd etib o‘tdilar.
Milliy arxivlardagi hujjatlar saqlovini ta’minlash bo‘yicha 60301 varaqdagi arxiv hujjatlari ta’mirlandi. 4688 saqlov birligidagi hujjatlar muqovalandi va tikish ishlari amalga oshirildi.
2023-yil davomida milliy arxivlar tomonidan MDH fuqarolari va pensiya jamg‘armalari, shuningdek O‘zbekiston fuqarolari va budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining turli bo‘linmalari tomonidan kelgan jami 108086 ijtimoiy-huquqiy so‘rovlar ko‘rib chiqilib ijrosi ta’minlandi.
Hisobot davrida olingan daromad 9 mlrd. 594 mln. 700 ming so‘mni tashkil etdi.
Hujjatlarni nashr etish va ulardan foydalanish ishlari bo‘yicha hisobot davrida 2865 ta mavzuli so‘rov, 43 ta radioeshittirish, 43 ta arxiv hujjatlari asosida 36 ta ko‘rgazma, 38 ta maqola, 67 ta arxivlar bo‘ylab qiziqarli ekskursiyalar, 56 ta teleko‘rsatuvlar efirga uzatildi. Jumladan, “O‘zbekiston-24”, “Sevimli”, “Mening yurtim”, “Uzreport”, “Assalom O‘zbekiston”, “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Manbalar so‘zlaganda”, “Dunyo bo‘ylab” telekanalining “Arxivarius”, “Yoshlar”, “Toshkent” telekanallari, “Narodnoe slovo”, “Darakchi”, “Xuquq” gazetalarida UZA.uz, Kun.uz va boshqa OAVda milliy arxivlar va Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmasida saqlanayotgan noyob va qiziqarli hujjatlar asosida keng qamrovli targ‘ibot ishlari olib borildi.
Shuningdek, turli davriy nashrlar va ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar nashr etishga ham e’tibor qaratildi. Shu faoliyatlar samarasi o‘laroq arxivlarga 691 dan ziyod tadqiqotchilar tashrif buyurib, arxiv hujjatlaridan samarali foydalandilar.
Arxiv hujjatlarini sifatli va xavfsiz saqlanishini ta’minlash yo‘nalishida faoliyatga zamonaviy axborot kommunikatsiyalari joriy etildi. “Arxiv hujjatlarini qo‘riqlash va saqlashga mo‘ljallangan integrallashgan tizim” yo‘lga qo‘yildi. Barcha saqlovxonalarda xona iqlimini onlayn nazorat qilish maqsadida maxsus dastur va datchiklar o‘rnatildi.
Milliy arxivlarda fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida asosiy e’tibor fuqarolarga masofadan turib onlayn va xizmat ko‘rsatishda inson omilini kamaytirish maqsadida xizmat ko‘rsatishni takomillashtirishga qaratildi.
Hisobot davrida 7778 qog‘oz asosidagi saqlov birligi, 1.331499 kadrdagi hujjatlarni elektron shaklga o‘tkazish ishlari amalga oshirildi.
2023- yilning 10-24 may kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida joylashgan YuNESKO bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan Ijroiya kengashining 216-yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar qatorida O‘zbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan “Buxoro Amirligining Qushbegi devonxonasi” fondi YUNESKO “Jahon xotirasi” dasturiga kiritilgani ma’lum qilindi.
Arxivlarga taniqli olimlarning hayoti, ilmiy faoliyatiga oid bo‘lgan hujjatlarni topshirilishi hususida ham so‘z yuritildi. Jumladan, 2023 yil 26 oktabrda O‘zbekiston Milliy arxivida mamlakatimiz arxeologiya sohasiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shgan Akademik Galina Anatolyevna Pugachenkovaning (1915-2007) hujjatlarini arxivga topshirish jarayonida O‘zbekistondagi Fransiya va Shveysariya elchixonalarining rahbar va mas’ul xodimlari, taniqli tarixchi-olimlar, arxivchilar, keng jamoatchilik vakillari, blogerlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etganligi qayd etildi.
O‘zbekiston kinofotofono milliy arxivi tashkil etilganligining 80 yilligiga bag‘ishlangan kitob-albom, “Mangu lahzalar” hujjatli filmi, “RENESSANS” kino uyida ushbu sanaga bag‘ishlangan kino, foto ko‘rgazma tashkil etilgani, “O‘zarxiv” agentligi va Mudofaa vazirligi hamkorligida chop etilgan, o‘zida II-jahon urushida ishtirok etgan o‘zbek askarlarining jang maydonlaridagi jasorati va ularni oila a’zolari, yaqinlariga yozgan xatlari aks ettirilgan “Askar maktublari” kitobini yaratilishida milliy arxivlarda mavjud bo‘lgan ko‘plab tarixiy va noyob hujjatlardan foydalanilgani, shuningdek, 2023-yilning sentabr oyida Samarqand shahrida arxiv sohasiga oid o‘tkazilgan Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda tashkil etilgan ko‘rgazmalarda ham milliy arxivlar faoliyati keng tarzda yoritib berilgani xususida ham so‘z yuritildi.
Bundan tashqari Qozog‘iston va O‘zbekiston arxiv tizimilari o‘rtasida madaniy gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida 2023-2026 yillar uchun ikki yoqlama amaliy harakatlar rejasi tasdiqlangani va bu boradagi ishlar bo‘yicha ijro etilishi lozim bo‘lgan dolzarb mavzular hususida ham to‘xtab o‘tildi.