O'zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabayevaga YUNESKO tashkiloti sertifikatlari topshirildi.
O'zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabayevaga YUNESKO tashkiloti sertifikatlari topshirildi.
Joriy yilning 8-may kuni Mo‘g‘iliston davlatida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha “Jahon xotirasi” qo‘mitasi (MOWCAP) 10-yalpi majlisida O‘zbekiston maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Mamlakatimiz tomonidan YUNESKOning “Jahon xotirasi” dasturi Osiyo va tinch okeani mintaqasi ro‘yxatiga kiritish uchun taqdim etilgan ikkita hujjat:
-
“Xudoybergan Devonovning Xorazm oazisi suratlari to‘plami;
-
“Turkiston to‘plami” bir ovozdan maʼqullanib, qabul qilindi.
Ushbu hujjatlarning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilganligini tasdiqlovchi maxsus sertifikat yalpi majlisda bevosita ishtirok etgan “O‘zarxiv” agentligi rahbariyatiga topshirilgan.
“Nodir qo‘lyozmalarni saqlash, mahalliy, xorijiy ilmiy izlanuvchilarning ulardan foydalanishlarini taʼminlash, yurtimizning boy tarixi, madaniyati, maʼnaviyatini kitobxonlar orasida keng targ‘ib qilishda, shuningdek, ushbu nufuzli ro‘yxatda milliy hujjatlarimizning qayd etilishida Milliy kutubxonaning ahamiyati va xizmati juda yuqori, dedi “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati rahbari A.Aliyev.
Jizzax shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Central Asia – 2024”: Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda Internet va axborot-kutubxona resurslari” XVII Xalqaro konferensiyasi doirasida ushbu sertifikatlar O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori U.Teshaboyevaga taqdim etildi.
Maʼlumot uchun: YUNESKO xalqaro tashkilotining “Jahon xotirasi” dasturi doirasida dunyoda noyob hujjatli merosga ega bo‘lgan arxivlarni aniqlash va maxsus ro‘yxatga kiritish amaliyoti joriy qilingan.