O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2015-yil 9 oyidagi ijrosi ko‘rib chiqildi

27-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Unda deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Deputatlar mamlakatimiz Konstitutsiyasida Qonunchilik palatasiga berilgan vakolatlarga muvofiq Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2015-yil 9 oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotini batafsil ko‘rib chiqdilar.

Taqdim etilgan hisobot Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qo‘mitalarida Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, soha ekspertlari, OAV vakillari ishtirokida dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Siyosiy partiyalar fraksiyalarida keng tahliliy ishlar o‘tkazilib, bu deputatlarga elektorat manfaatlari hamda dasturiy maqsadlaridan kelib chiqqan holda mamlakatimiz bosh moliyaviy hujjati ijrosining borishiga nisbatan o‘z qat’iy nuqtai nazarlarini ishlab chiqish imkonini berdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari M.Mirzayev O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2015-yil 9 oyidagi ijrosi to‘g‘risida ma’ruza qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimiz Hukumatining joriy yil 16-yanvarida bo‘lib o‘tgan majlisida belgilangan 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifalari va ustuvor yo‘nalishlarining amalga oshirilishi, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirishning o‘rta muddatli dasturlarini amalga oshirishni davom ettirish asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning ijobiy dinamikasi saqlab qolinishini hamda iqtisodiyotning yanada mutanosib rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratilishini ta’minlaganligi ta’kidlab o‘tildi.

Chunonchi, joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 8,0 foizni tashkil etdi, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi ham 7,3 foizga oshdi. Inflatsiya darajasi prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmadi. Bunda makroiqtisodiy barqarorlik yanada mustahkamlanib, tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi kuzatildi.

Chuqur o‘ylangan, puxta pul-kredit va soliq-byudjet siyosatining amalga oshirilganligi Davlat byudjeti daromad qismining prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan 100,2 foizga ijro etilishini ta’minladi, bu YaIMga nisbatan 22,4 foizni tashkil etdi. Davlat byudjetining xarajatlari YaIMga nisbatan 22,3 foizni tashkil etib, bu O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini YaIMga nisbatan 0,1 foiz profitsit bilan ijro etish imkonini berdi.

Byudjet xarajatlar qismining 58,7 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirishga sarflangani byudjet siyosatining ijtimoiy yo‘naltirilganligidan dalolat beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2015-yil 9 oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni har tomonlama muhokama qilish chog‘ida Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari tomonidan hisobot yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

– Joriy yilning 9 oyi mobaynida iqtisodiyotda erishilgan ijobiy-tarkibiy siljishlar, sifatli o‘zgarishlar va tendensiyalar uning barqaror hamda mutanosib rivojlanishini ta’minladi va Davlat byudjetini profitsit bilan ijro etish imkonini berdi, – deydi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining a’zosi S.Namozov. – Ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli tobora oshib borayotganligi iqtisodiyotning barqaror sur’atlarda o‘sishini ta’minladi. Shuningdek, soliq yuki sezilarli kamayib borayotganligi sharoitida kichik korxonalar va mikrofirmalardan yagona soliq to‘lovi tushumlari o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 22,9 foizga, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalaridan esa 25,4 foizga oshdi. Bu tatbiq etilayotgan soliq imtiyozlari va preferensiyalarning samaradorligidan dalolat beradi.

Ta’kidlandiki, jahon bozorlarida saqlanib turgan beqarorlik sharoitida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlari va nomenklaturasini kengaytirish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar tovarlar va xizmatlar eksportining oshishiga xizmat qildi. Ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash va uning raqobatbardoshligini oshirish, tashqi bozorlarda xaridorgir bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqaradigan yangi quvvatlarning ishga tushirilishini rag‘batlantirish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida yil boshidan buyon eksport faoliyatiga yana 830 ta korxona jalb etildi.

Majlisda ijtimoiy soha xarajatlari tarkibining katta qismini hamon ta’lim va sog‘liqni saqlash xarajatlari tashkil etayotganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

– Davlat byudjetining 9 oylik ijrosi davomida ijtimoiy sohaga alohida e’tibor qaratilgan, – deydiByudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining a’zosi S.Arziqulov. – Davlat byudjeti mablag‘larining qariyb 60 foizi aynan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga va uning farovonligini oshirishga yo‘naltirilganligining o‘ziyoq shundan dalolat beradi.

Hisobot davrida ta’lim tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ta’lim jarayonining darajasi va sifatini takomillashtirishga qaratilgan ta’lim standartlari hamda dasturlarini takomillashtirish, shuningdek, o‘quv muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni davom ettirish masalalariga birinchi darajali e’tibor qaratildi. Bunda ijtimoiy soha xarajatlarining 56,3 foizi ta’lim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirishga yo‘naltirildi.

Joriy yilning 9 oyi mobaynida sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilish va rivojlantirish borasidagi ishlar izchil va tizimli asosda olib borildi. Hisobot davrida Davlat byudjetidan ijtimoiy sohaga ajratilgan mablag‘larning 24 foizi sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga yo‘naltirildi. Bu esa 2014-yilning xuddi shu davriga nisbatan 17,1 foizga ko‘p demakdir.

Majlis davomida deputatlar joylarda xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan soliqqa oid qonun hujjatlariga rioya etilishini hamda berilgan imtiyozlar va preferensiyalardan samarali foydalanilishini ta’minlash, byudjetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish asosida mahalliy byudjetlarning daromad qismini mustahkamlash, shuningdek, tegishli hududlarning moliyaviy imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Deputatlar markazda va joylarda davlat boshqaruvi organlarining, byudjet tashkilotlarining byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanilishini, moliyaviy intizomga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha mas’uliyatini oshirishga, shuningdek, Byudjet kodeksi normalari va qoidalarining ijro etilishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirishga doir bir qator takliflar bildirdilar.

Muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni hisobga olgan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2015-yil 9 oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqladi hamda tegishli qaror qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining
Axborot xizmati

 

Manba: O'zA