O'zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida “Frontdan maktublar” kollektsion hujjatlar to'plami mavjud...
Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasi Markazi davlat arxivida O'zbekiston Respublikasining turli tarixiy davrlariga oid noyob qo'lyozmalar, me'yoriy-huquqiy hujjatlar, shuningdek respublika miqyosidagi tashkilotlar, muassasa va korxonalar faoliyati jarayonida vujudga kelgan ko'plab hujjatlar saqlanib kelinmoqda. Arxiv saqlovxonasiga kelib tushgan va alohida fond sifatida rasmiylashtirilgan kollektsion hujjatlari alohida ahamiyat kasb etadi.
O'zbekiston Respublikasining kollektsion hujjatlari orasida Ikkinchi jahon urushida qatnashgan o'zbek o'g'lonlarning o'z yurtdoshlariga yozgan maktublarining asl qo'lyozma nusxalari mavjuddir. Ushbu maktublarda jangchilarning ota-onalari, qarindosh-urug'lari hamda yoru-birodarlariga yo'llangan samimiy dil izhorlari va ezgu-tilaklari aks ettirilgan. Mazkur maktublarda o'zbek jangchilarining g'alabaga bo'lgan ishonchi, jang maydonlarida ko'rsatgan jasorat va qahramonliklari hamda dushmanga bo'lgan g'azab va nafrat kabi tuyg'ulari o'zining yorqin ifodasini topgan. O'zbek jangchilari urush voqealarini o'z ko'zlari bilan ko'rgan va boshidan kechirganlari tufayli, bu yozilgan xatlar Ikkinchi jahon urushi to'g'risidagi nihoyatda qimmatli tarixiy manba hasoblanadi. Ushbu maktublar asl qo'lyozma nusxalarining doimiy saqlovini ta'minlash maqsadida, maktublar majmui 1965 yilda “Frontdan maktublar” nomi bilan arxiv xujjatlari to'plami sifatida o'zbek va rus tillarida chop etilgan.