O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida “Kim edigu kim bo’ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mavzusidagi tadbir bo’lib o’tdi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 22-yanvardagi 07/02-08-1-sonli “Madaniy-ma’rifiy va targ‘ibot ishlarini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari rejasi” ijrosi doirasida respublikamizning barcha arxiv muassasalarida mart oyidan “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mavzusida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.
Shu jumladan, 2016-yil 4-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida ham O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25-yilligiga bag‘ishlangan “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mavzusidagi tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirni o‘tkazishning asosiy maqsadi arxivda mustaqillik davrigacha va mustaqillik yillaridagi arxiv sohasida amalga oshirilgan asosiy ish turlari bo‘yicha erishilgan yutuqlarni hozirgi kun nuqtai nazaridan qiyosiy taqqoslash hamda kelajakda amalga oshiriladigan rejalarni namoyon etishdan iborat edi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasidagi barcha arxiv muassasalarida “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mazmunidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlarning o‘tkazilishi xususidagi kirish so‘zi bilan “O‘zarxiv” agentligi bosh direktori A.H.Abdullayev ochib berdilar.
Tadbir arxiv tarixiga oid “Kecha va bugun” nomli taqdimot bilan boshlanib, unda arxiv binosining tashqi qiyofasi va moddiy-texnika bazasining oldingi va hozirgi kundagi holati aks ettirilgan slaydlar va ularning qisqacha izohlari haqida ishtirokchilarga ma’lumot berildi.
So’ngra arxivning barcha bo’limlari tadbir mavzusiga oid o’zlarining asosiy ish faoliyatini yoritib beruvchi qiziqarli ma’lumotlar asosida tayyorlangan taqdimotlarini namoyish etdilar.
Mazkur tadbir yakunida arxiv xodimlari o‘zlarining olgan taassurotlari va kelgusi rejalari xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.