O'zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi 22 yilligi munosabati bilan anjuman o'tkazildi

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 22 yilligi munosabati bilan 2014 yilning 5 dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida “Konstitutsiya va huquqiy madaniyat” mavzusida anjuman bo'lib o'tdi va ushbu anjuman doirasida “huquqiy bilimlar” ko'rik tanlovi o'tkazildi. Ushbu tadbirda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O'zarxiv» agentligi rahbariyati, Toshkent shahrida joylashgan davlat arxivlari vakillari, Toshkent pedagogika kolleji o'quvchilari ishtirok etdilar. Tadbir avvalida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bag'ishlangan hujjatlar va kitoblar ko'rgazmasi namoyishi o'tkazildi. Ko'rgazmada Konstitutsiyaning rasmiy davriy nashrlari, Konstitutsiyaning turli moddalariga kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalar, Konstitutsiyani o'rganish va uni hayotga tadbiq etish xususidagi o'quv qo'llanmalar hamda qonun va qonunosti hujjatlari namoyish etildi. Bundan tashqari, Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan arxiv hujjatlari asosida Respublikada arxiv ishi va uning rivojlanish bosqichlarini o'zida aks ettirgan hujjatlar ham ishtirokchilar e'tiboriga havola etildi. Anjumanda respublika Ma'naviyat targ'ibot markazi mutaxassislari tomonidan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun mohiyatini tushuntirish, arxiv xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, qonuniylikni mustahkamlashga hamda huquqiy targ'ibot va ma'rifat sohasidagi ishlarni takomillashtirishga yo'naltirilgan ma'ruzalar qilindi. Ko'rik tanlovda Markaziy davlat arxivi bo'limlarining vakillari o'zaro bellashdilar. Unda ishtirokchilar bevosita 6 ta shart bo'yicha bellashdilar va ishtirokchilarning huquqiy bilimlari va salohiyatlari, zukkoliklari, arxiv ishi va ish yuritish sohasi bo'yicha bilimlarini namoyish etish bo'yicha g'oliblar aniqlanib, g'oliblarga esdalik sovg'alari topshirildi.