O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida seminar-trening o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida “Hududlardagi davlat arxivlarida fondlashtirish va qayta fondlashtirish hamda respublika fond katalogi va davlat katalogiga ma’lumot kiritish” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi

Bugungi kunda Respublikamizning arxiv muassasalarida ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan yalpi fondlashtirish va qayta fondlashtirish ishlarini amalga oshirishda turlicha yondoshuvlar mavjudligi sababli arxivlar tomonidan ushbu ishlarni bajarishda ko‘plab xatoliklar kuzatilayotganligi aniqlangan. Ushbu xatoliklar Respublika fond katalogini yuritishda va davlat katalogiga ma’lumot kiritishda jiddiy qiyinchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu boisdan, “O‘zarxiv” agentligining 2016 yil 22 apreldagi 4-AF-sonli farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida joriy yilning 26-27 may kunlari “Hududlardagi davlat arxivlarida fondlashtirish va qayta fondlashtirish hamda Respublika fond katalogi va Davlat katalogiga ma’lumot kiritish” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, Kinofotofono hujjatlari Markaziy davlat arxivi, Ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari Markaziy davlat arxivi, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmalaridan 85 nafar arxiv direktorlari, fondlarning bosh saqlovchisi, katta fond saqlovchilari, fond saqlovchilari bosh mutaxassislar, yetakchi arxivchilar, 1-toifali arxivchilar hamda arxivchi xodimlari ishtirok etdilar.

Mazkur seminar-treningda arxiv hujjatlarini fondlashtirishning maqsad va vazifalari, arxiv fondlarining turlari, fondlarni tashkil etish tartibi, qayta tashkil etilgan, qisqartirilgan va tugatilgan yuridik shaxslarning hujjatlarini fondlashtirish, arxiv fondlarining davriy chegaralari, arxiv fondining nomi, fondlarga raqam berish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar-trening yakunida barcha davlat arxivlarida fondlashtirish va qayta fondlashtirish ishlarini yagona tartibda sifatli olib borish, fondlardagi o‘zgarishlardagi fond kartochkalarida to‘g‘ri aks ettirish va respublikada fond katalogi va davlat katalogiga aniq ma‘lumotlar kiritishini ta’minlash hamda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish borasida tegishli qarorlar qabul qilindi.

Agentlik Axborot xizmati