Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligining 2020-yil davomida mutasaddi tashkilotlar va idoralar bilan hamkorlik boʻyicha imzolangan xalqaro va milliy hujjatlari hamda oʻrnatilgan xalqaro munosabatlar toʻgʻrisida MAʼLUMOT

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-oktabrdagi “Tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-5848-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2020-yilda tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etish boʻyicha chora-tadbirlar Rejasining tegishli bandlari ijrosini taʼminlash yuzasidan qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, 2020-yilning 29-iyul kuni “Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi va AQSh Xolokost memorial muzeyi oʻrtasida hamkorlik Shartnomasi”ni imzolash marosimi onlayn formatda boʻlib oʻtdi. Mazkur Shartnoma asosida arxiv materiallarni raqamlashtirish va restavratsiya qilish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Hozirgi vaqtda mazkur Shartnoma asosida Texnik bitim ishlab chiqilgan boʻlib, uni rasman imzolash ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Muzey va Agentlik koordinatorlari tomonidan loyiha doirasida masʼul arxivchi-mutaxassislar uchun onlayn treninglar seminarlar oʻtkazilib kelinmoqda.

Yuqorida qayd etilgan Rejaning yana bir bandiga asosan “Buxoro Amirligi Qushbegisi” arxiv fondini raqamlashtirish va restavratsiya qilish boʻyicha loyihasini amalga oshirish hisoblanadi. Ushbu loyiha boʻyicha ishlar Germaniyadagi Nemis tadqiqot institutining Zamonaviy sharqshunoslik markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-4067-son Qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston milliy arxivining yangi binosini qurish uchun loyiha hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha ishlar ketmoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-apreldagi  “Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-4256-son Qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl xaritasining tegishli bandiga asosan davlat arxivlarini zamonaviy uskunalar bilan taʼminlash, “Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi va BAA Milliy arxivi oʻrtasidagi oʻzaro Anglashuv memorandumi” doirasida loyihani amalga oshirish joyini aniqlash boʻyicha masalalar hal etilmoqda.

UNESCO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy komissiyasi bilan doimiy ravishda maʼlumot almashinib kelinmoqda, Agentlik ushbu tashkilot tomonidan hujjatli merosni raqamli koʻrinishda asrash masalalari boʻyicha oʻtkazilayotgan qator onlayn seminar va sessiyalarida faol ishtirok etib kelmoqda.

MDH mamlakatlari — davlat arxivlari idoralari rahbarlari Maslahat kengashiga Agentlikni aʼzo boʻlishi yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda. 2020-yilning 10-dekabr kuni “Oʻzarxiv” agentligi MDH mamlakatlari — davlat arxivlari idoralari rahbarlari Maslahat kengashi ishtirokchilarining navbatdagi 16-yigʻilishida videokonferens-aloqa orqali Qirgʻiziston Respublikasi tashkilotchiligida onlayn ishtirok etdi.

Agentlik Xalqaro arxivlar kengashi (ICA) bilan rasmiy va ishchi tartibda muzokaralar olib bormoqda. Xususan, 2020-yilning 16-noyabr kuni Agentlik ICA Bosh assambleyasining virtual yigʻilishida ishtirok etdi.

Agentlik va tizimdagi davlat arxivlari xodimlari bir qator tadbirlarda oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdilar:

- “Axborot jamiyatida hujjatlashtirish: global chaqiriqlar sharoitida axborot texnologiyalari va hujjatlarni boshqarish” mavzusidagi XXVII Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya (Hujjatlashtirish va arxiv ishi boʻyicha Umumrossiya ilmiy-tadqiqot instituti), Yevrazika Rosarxiv hamkorligida;

- “Central Asia-2020: Ilm, taʼlim, sanʼat, shuningdek, biznesda Internet va axborot-kutubxona resurslari” mavzusidagi XIV Xalqaro konferensiya;

- Janubiy Ural davlat universitetining ilmiy toʻplamida “Ural hududlari va Markaziy Osiyo mamlakatlarining 1941-1945-yillarda Ulugʻ Vatan urushi gʻalabasiga qoʻshgan hissasi” mavzusiga oid maqolalar chop etilgan.

2020-yil mobaynida quyidagi hamkorlik hujjatlari imzolandi:

- “Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi va Fanlar akademiyasi Tarix instituti oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi Kelishuv”;

- “Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi va “Master Media Production and Broadcast” MChJ (“Sevimli” TV) oʻrtasida oʻzaro hamkorlik Memorandumi”;

- “Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi oʻrtasida Anglashuv memorandumi”;

- “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi oʻrtasida Anglashuv memorandumi”.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Xalqaro munosabatlar bo'limi