O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23 may kuni Oqsaroyda mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Van Ini qabul qildi.
Oqsaroyda qabul
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23 may kuni Oqsaroyda mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Van Ini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O'zbekiston mamlakatlarimiz o'rtasida barcha yo'nalishlardagi barqaror va ishonchli hamkorlikni yuksak qadrlashini ta'kidladi.
O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi uzoq muddatli manfaatlarga asoslangan strategik sheriklik munosabatlarining ustuvor yo'nalishlari va istiqbolini belgilashda muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar alohida ahamiyatga ega.
Uchrashuvda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si TSzinpinning mamlakatimizga bo'lajak davlat tashrifi o'zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishda muhim bosqich bo'lishi ta'kidlandi.
O'zbekiston va Xitoy o'zaro manfaatli va samarali hamkorlik bo'yicha katta tajriba to'plagan. 2015 yilda ikki mamlakat o'rtasidagi o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 4,1 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. O'zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan Xitoy investitsiyasi hajmi 6,5 milliard dollardan oshdi. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan 651 korxona faoliyat ko'rsatmoqda, bir qancha muhim qo'shma loyihalar amalga oshirilgan.
Ikki mamlakat ishbilarmonlari “Angren” maxsus industrial zonasida shina va konveyer lentalari ishlab chiqarish zavodini, “Navoiyazot” aktsiyadorlik jamiyati bazasida polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish kompleksini barpo etish bo'yicha va boshqa yirik loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda.
O'zbekiston bilan Xitoy o'rtasida ko'p asrlik tarixiy rishtalarga asoslangan ta'lim, ilm-fan, texnologiyalar, tibbiyot va madaniyat sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Uchrashuvda O'zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida bo'lib o'tadigan tadbirlarda Xitoyning ishtiroki va O'zbekiston –Xitoyning o'zaro hamkorligiga doir boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi. ShHTning kuzatuvchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirokida Toshkentda bo'lib o'tadigan sammiti muhim siyosiy voqea bo'lib, sammit davomida tashkilotning turli sohalardagi faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilinishi ta'kidlandi.
Mehmon Prezidentimizga samimiy qabul va o'zaro hamkorlikning dolzarb masalalari, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolarni atroflicha muhokama etish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Manba: www uza.uz