O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq so‘zladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq so‘zladi.

Saudiya Arabistoni raisligida o‘tgan tadbirda Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyo, Afrika qitʼasining yetakchi mamlakatlarining davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, xalqaro hamjamiyatning G‘azo va Livandagi keskinlikni kamaytirish, yuzaga kelayotgan vaziyatni tez fursatda siyosiy yo‘l bilan hal etishga qaratilgan saʼy-harakatlarini birlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari global siyosat kun tartibidagi eng o‘tkir va og‘riqli masala – Falastin muammosiga bag‘ishlangan sammitni tashkil etgani uchun Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud hamda Valiahd Muhammad bin Salmon Ol Saudga alohida minnatdorlik bildirdi.

2023-yili Ar-Riyod shahridagi yig‘ilishdan keyin o‘tgan vaqt mobaynida ushbu urush ko‘lami yana-da kengayib, Livan hududini ham qamrab olgani afsus bilan qayd etildi.

Prezidentimiz Falastin-Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Bugungi sammitda global va mintaqa darajasida samarali mexanizmlar va aniq yechimlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilishiga ishonch bildirildi.

Harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, xavfsiz gumanitar yo‘laklarni taʼminlash va tinchlik muzokaralarini boshlash masalalari Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xavfsizlik Kengashining doimiy eʼtibor markazida turishi zarurligi qayd etildi.

Qadimiy va boy tarixga ega falastin xalqi 1967-yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqli ekani taʼkidlandi.

Shu maʼnoda, Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan tashkil etilgan Ikki davlat yechimi uchun global alyans faoliyati qo‘llab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, Falastin va Livan hududidagi gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Maxsus agentligi doirasida yordam ko‘lamini kengaytirish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini taʼkidladi.

Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda o‘tadigan “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammitida ham muhokama qilish niyati bildirildi.

Prezidentimiz muqaddas Al-Aqso masjidi, Quddusdagi boshqa noyob tarixiy-madaniy yodgorliklarning daxlsizligini taʼminlash hamda ularni beshikast saqlab qolish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari mazkur uchrashuv Yaqin Sharq muammosini hal etishda katta qadam bo‘lishiga umid bildirdi.

Muhokamalardan so‘ng tomonlar mojaroning siyosiy-diplomatik yechimini jadal izlashga sodiqligini tasdiqlovchi qo‘shma rezolyutsiya qabul qilindi.