O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi to‘g‘risida axborot
2015-yil 16-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari ko‘rib chiqildi hamda qabul qilingan 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini amalga oshirish ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Majlisda joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari ko‘rib chiqildi hamda qabul qilingan 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini amalga oshirish ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Majlisda mamlakatni rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2015-yil 16-yanvarda respublika Hukumatining majlisida belgilab berilgan 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirishni so‘zsiz ta’minlash ishlarining natijalari har tomonlama ko‘rib chiqildi va batafsil tahlil qilindi. Respublika sanoat tarmoqlari va hududlarining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini rivojlantirish, faol investitsiya siyosatini amalga oshirish, istiqbolli strategik investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, shuningdek, aholining bandligini, hayot darajasi va sifatini oshirish shular jumlasidandir.
Mamlakatda qabul qilingan iqtisodiyotni rivojlantirish va modernizatsiyalash, uni diversifikatsiyalash va raqobatbardoshligini ta’minlash strategiyasining tizimli va izchil amalga oshirilishi tufayli, jahon iqtisodiyotida saqlanib qolayotgan inqirozli hodisalarga va uning rivojlanishi sur’atlari susayganligiga qaramay, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari va makroiqtisodiy muvozanatni mustahkamlash ta’minlanayotganligi qayd etildi. Yutuqlar va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish istiqbollari xalqaro moliya institutlari tomonidan yuqori baholanayotganligi ta’kidlandi. Jumladan, Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2015-yil aprel-may oylarida mamlakatimizda bo‘lgan missiyasi boshlig‘ining bayonotida “O‘zbekiston iqtisodiyoti ... murakkab tashqi sharoitda ham o‘z barqarorligini namoyon etmoqda. ... 2015-yilda iqtisodiy o‘sish, kutilganidek, yuqori bo‘ladi. Bunga yaqinda qabul qilingan sanoat va infratuzilmani modernizatsiya qilish, ... xususiylashtirish va korporativ boshqaruv dasturlari samarasida erishiladi”, deb qayd etildi.
Birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8,1 foizni tashkil etdi, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi ham 8,1 foizga o‘sdi. Eksport hajmlarining 7,4 foizga o‘sishi va tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi ta’minlandi. Davlat byudjeti profitsit bilan ijro etildi. Inflatsiya darajasi prognoz parametrlardan ortiq bo‘lmadi.
Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlarini tubdan ko‘paytirish, xizmatlar va servis sohasini jadal rivojlantirish, ichki talabni mutanosib rag‘batlantirish yuzasidan aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlarining 13,5 foizga, chakana tovar aylanmasining 14,8 foizga va xizmatlarning 13,1 foizga o‘sishini ta’minladi.
Aholi bandligi masalalarini hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar tufayli 2015-yilning birinchi yarim yilligida 441,8 mingta yangi ish o‘rni, ulardan 274,9 ming ish o‘rni yoki 62,2 foizi qishloq joylarda tashkil etildi.
Faol investitsiya siyosatini hamda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash chora-tadbirlarini amalga oshirishni davom ettirish, infratuzilmani rivojlantirish o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 9,8 foizga, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar 10,9 foizga o‘sishini ta’minladi. 2015-yilgi Investitsiya dasturi doirasida 63 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish tugallandi. 1866 ta ishlab chiqarish obyekti foydalanishga topshirildi. Mahalliylashtirilgan mahsulotlarning 585 ta yangi turini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Investitsiya jarayonlarining faollashuvi pudrat qurilish ishlari hajmining 18 foizga o‘sishiga ko‘maklashdi.
Ushbu masalani muhokama qilish davomida vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlarining e’tibori zamonaviy yuqori texnologik ishlab chiqarish quvvatlari va obyektlarni ishga tushirish bo‘yicha muhim strategik investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash uchun shaxsan mas’ul ekanliklariga qaratildi. Ular oldiga ayrim loyihalar bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan qoloqlikning o‘rnini to‘ldirishga va istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirishga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirishga qaratilgan kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi.
Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklariga iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini safarbar qilish, mahsulot eksporti hajmlarini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish, an’anaviy bozorlarda mamlakatimizning eksport qiluvchilari mavqeini mustahkamlash va yangi tashqi bozorlarni o‘zlashtirishni ta’minlash bo‘yicha kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi.
Majlisda g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumi yakunlarini tanqidiy tahlil qilishga va ob-havo sharoitlarining g‘o‘za hosiliga salbiy ta’sirining oldini olish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga, shuningdek, g‘o‘zani parvarish qilish bo‘yicha kompleks agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazishga jiddiy e’tibor qaratildi. Agrar sektorni yanada rivojlantirish va modernizatsiyalash, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar tufayli qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish hajmi 6,5 foizga o‘sganligi qayd etildi. Mo‘l g‘alla yetishtirildi va don yig‘ishtirib olindi.
Joriy yilning nihoyatda noqulay ob-havo sharoitlarini hisobga olgan holda, majlis qatnashchilarining e’tibori ob-havo sharoitlarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga, eng avvalo, g‘o‘zaga salbiy ta’sirini kamaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarining va ijtimoiy soha obyektlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan kompleks chora-tadbirlar ko‘rish zarurligiga qaratildi.
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari rahbarlariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘z vaqtida sug‘orishni ta’minlash, g‘o‘zalarni zararkunandalardan integratsiyalashtirilgan holda samarali himoya qilishni tashkil etish, shuningdek, agrotexnika va irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini o‘tkazish uchun yonilg‘i-moylash materiallarini yetkazib berish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan tasdiqlangan 2015-2019-yillarda islohotlash, iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash dasturlarini tizimli amalga oshirilishini ta’minlash masalalari majlis qatnashchilarining e’tibori markazida bo‘ldi. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini tubdan kamaytirish, xususiy mulkning ahamiyati va ulushini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini himoya qilishni va kafolatlarini kuchaytirish, aksiyalashtirishni chuqurlashtirish va korporativ boshqarishni takomillashtirish, sanoat ishlab chiqarishini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish dasturiy chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni samarali muvofiqlashtirish hamda tizimli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etib o‘tildiki, o‘rta muddatli istiqbolda mamlakat iqtisodiyotini yanada isloh qilish va modernizatsiyalash strategiyasining asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etadigan ushbu dasturiy hujjatlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi yaqin yillar mobaynida iqtisodiyotni o‘stirishning yuqori sur’atlarini saqlab qolishni, iqtisodiyotning yanada zamonaviy va diversifikatsiyalangan tuzilmasini shakllantirishni, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishni ta’minlaydi. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi komplekslarining, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari rahbarlarining e’tibori yaqin besh yilga mo‘ljallangan qabul qilingan dasturlarga kiritilgan aniq chora-tadbirlarni belgilangan muddatlarda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash, ularda nazarda tutilgan barcha maqsadli parametrlar va indikatorlarga erishish yuzasidan ularning shaxsiy mas’uliyatiga qaratildi.
Majlis davomida 2015-2019-yillarga mo‘ljallangan tarkibiy o‘zgartirishlarning qabul qilingan dasturlari barcha bandlarini so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish ustidan muvofiqlashtirish va nazorat qilishning qat’iy tizimini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Bunda tasdiqlangan dasturlarning tayyorgarlik bosqichidan boshlab to‘liq amalga oshirishda uning har bir bandini ko‘rib chiqish va ijro etishni barcha bosqichlari ustidan izchil nazorat qiluvchi avtomatlashtirilgan komputer dasturlarini qisqa muddatlarda ishlab chiqish va ishga tushirishni ta’minlashga qaror qilindi.
Shuningdek, tasdiqlangan dasturlar amalga oshirilishi bo‘yicha mas’ul ijrochilar hisoblangan vazirliklar, idoralar hamda tegishlicha ular ijrosini muvofiqlashtirishni va har oylik nazorat qilishni ta’minlovchi Idoralararo kengashlar va Hukumat huzuridagi komissiyalar belgilandi.
2015-2019-yillarga mo‘ljallangan tasdiqlangan tarkibiy o‘zgartirishlar dasturlari amalga oshirilishi to‘g‘risida Hukumat a’zolari va boshqa mas’ul shaxslarning hisobotlari Vazirlar Mahkamasi majlislarida yilning
har choragida doimiy asosda eshitilishiga qaror qilindi.
Majlisda xususiy mulkni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularga katta erkinlik berish, ularni rivojlantirish yo‘lidagi barcha to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi va samaradorligini har tomonlama tahlil qilishga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etib o‘tildiki, ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar faqat birinchi yarim yillikning o‘zidagina 15,2 mingta yangi kichik biznes subyektlarini tashkil etishga ko‘maklashdi, bu 2014-yilning shu davridagidan 6,3 foiz ko‘p. Kichik biznes subyektlariga 6,4 trillion so‘m yoki o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 1,3 baravar ko‘p bank kreditlari ajratildi.
Barcha darajalardagi hokimliklar, tegishli vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlariga faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarishlarni va xizmatlar ko‘rsatish sohasi obyektlari tarmog‘ini kengaytirishda va yangilarini tashkil etishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini rag‘batlantirish hamda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu asosda aholi bandligini, eng avvalo, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini olingan mutaxassisliklariga muvofiq ishga joylashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish yuklandi.
Alohida ta’kidlab o‘tildiki, xususiy mulkni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilish, ularni jadal rivojlantirish uchun to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi farmoni bilan tasdiqlangan dasturni, shu jumladan, tadbirkorlik tuzilmalari faoliyatiga mansabdor shaxslarning to‘sqinlik qilishi yoki noqonuniy aralashuvi yuzasidan mas’uliyatini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi ma’muriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish, ro‘yxatga olish, ruxsat berish va litsenziyalash tartibotlarini yanada soddalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish mamlakatda mulkchilikning ustuvor shakli sifatida xususiy mulkni va kichik biznesni yanada rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Shu munosabat bilan maxsus tashkil etilgan ishchi komissiya, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlariga chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan xususiy mulkni himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga va uning ustuvorligini mustahkamlashga, eng ko‘p qulay ishbilarmonlik muhiti va investitsiya iqlimi yaratishga yo‘naltirilgan bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishni tezlashtirish topshirildi.
Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosarlarining, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, respublikaning yirik korxonalari va viloyatlar hokimliklari rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Respublika Hukumati majlisiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi, ularda 2015-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirishni so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Manba: O'zA