O‘zbekiston Respubliksi va Polsha Respublikasi o‘rtasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida 2022 yil 4 oktyabr kuni Polsha Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi boshchiligidagi Polsha delegatsiyasining “O‘zarxiv” agentligiga tashrifi amalga oshirildi.
Polsha delegatsiyasi tarkibida Polsha Respublikasining Italiya Respublikasidagi Elchisi Anna Mariya Anders xonim, Polsha Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi vakillari, Polsha Respublikasi Milliy xotira instituti va Gdansk shahridagi Shon-sharaf muzeyi vakillari hamda Respublikasi OAV muxbirlari ishtirok etdilar.
Tashrif doirasida tomonlar o‘rtasida arxiv ishi sohasida o‘rnatilgan do‘stona munosabatlar, jumladan, shu kunga qadar hamkorlikda amalga oshirilib kelinayotgan loyihalar va qo‘shma tadbirlar hamda bo‘lg‘usida amalga oshirilishi lozim deb topilgan loyihalar to‘g‘risida o‘zaro fikr almashildi hamda “O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi va Polsha Respublikasi Milliy xotira instituti o‘rtasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida Anglashuv memorandumi” imzolandi.
Tashrif yakunida polshalik mehmonlarga O‘zbekiston Milliy arxivi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida qisqa ekskursiya hamda ko‘rgazma tashkil etildi.