O‘zbekiston – Rossiya: strategik sheriklikning yangi bosqichi

O‘zbekiston – Rossiya: strategik sheriklikning yangi bosqichi


Avval xabar qilinganidek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 25-26 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo'ldi.

25 aprel kuni Islom Karimov va Vladimir Putinning norasmiy uchrashuvi bo'lib o'tdi. Prezidentlarning samimiy va sermazmun suhbati uzoq davom etdi. Tomonlar O'zbekiston – Rossiya munosabatlari, jahonning turli mintaqalarida sodir bo'layotgan voqealar xususida atroflicha fikr almashdilar. Tashrifning asosiy tadbirlari 26 aprel kuni Kremlda bo'lib o'tdi.

Islom Karimov va Vladimir Putinning uchrashuvida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, harbiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Islom Karimov ushbu tashrif o'zaro aloqalar rivojiga yangi sur'at bag'ishlashini, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan har tomonlama fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini alohida ta'kidladi.

Vladimir Putin O'zbekiston Rossiyaning strategik hamkori va ishonchli ittifoqchisi ekanini, bu munosabatlar yanada mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etdi.

O'zbekiston bilan Rossiya o'rtasidagi hamkorlik mustahkam shartnomaviy-huquqiy asosga ega. Mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlar 2004 yil 16 iyunda imzolangan Strategik sheriklik to'g'risidagi shartnoma, 2005 yil 14 noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to'g'risidagi shartnoma doirasida izchil rivojlanib bormoqda.

Hukumatlararo va idoralararo aloqalar sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish, oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda muhim omil bo'lmoqda. Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, Afg'oniston muammosi, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuvda O'zbekistonning ShHTga raisligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e'tibor qaratildi. Mamlakatimizning tashkilot ishini yanada faollashtirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga yo'naltirilgan sa'y-harakatlari muhim ahamiyatga ega ekani ta'kidlandi. Vladimir Putin O'zbekiston tomonidan ShHTning iyun oyida Toshkentda bo'ladigan sammiti muhokamasiga kiritilishi mo'ljallanayotgan tashabbuslarni Rossiya tomoni qo'llab-quvvatlashini qayd etdi.

O'zbekiston – Rossiya munosabatlarida savdo-iqtisodiy hamkorlik asosiy o'rin tutadi. 2013-2017 yillarga mo'ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturi, 2015-2019 yillarda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishning asosiy yo'nalishlariga oid hukumatlararo bitimga muvofiq bu sohadagi aloqalar izchil taraqqiy etmoqda.

Rossiya O'zbekistonning tashqi savdo sheriklari orasida ikkinchi o'rinda turadi. O'zbekiston Rossiyaga transport vositalari, paxta tolasi, trikotaj, meva-sabzavotlar, qora va rangli metallar, turli xizmatlar eksport qiladi. Rossiya mamlakatimizga transport vositalari, kimyo va qog'oz sanoati tovarlari, oziq-ovqat mahsulotlari etkazib beradi.

O'zbekistonda rossiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tuzilgan 900 dan ortiq qo'shma korxona faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda Rossiyaning 85 firma va kompaniyasi vakolatxonasi ochilgan. O'zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil o'sib bormoqda. Joriy yilning birinchi choragida bu boradagi ko'rsatkich 7,9 foiz oshgan.

Investitsiyaviy hamkorlik ham faol rivojlanmoqda. Keyingi yillarda Rossiyaning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi 6 milliard dollardan oshgan. O'tgan yili bu ko'rsatkich 2014 yilga nisbatan 40 foiz o'sgan.

O'zbekiston ham, Rossiya ham yoqilg'i-energetika sohasida ulkan salohiyatga ega. Bu mazkur yo'nalishdagi hamkorlik rivojida muhim o'rin tutmoqda. Rossiyaning «Lukoyl» va «Gazprom» neft-gaz kompaniyalari mamlakatimizdagi uglevodorod konlarini qidirish va o'zlashtirishda faol ishtirok etmoqda. Shu yil 19 aprel kuni Buxoro viloyatida «O'zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi bilan «Lukoyl» kompaniyasi hamkorligida Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi boshlandi.

O'zbekiston avtomobillari Rossiyada doim xaridorgir. “Matiz”, “Neksiya” kabi mashinalarimiz bu erda bir necha bor yilning eng yaxshi avtomobili deb topilgan. Joriy yilning birinchi choragida ushbu mamlakatda yangi brend ostidagi “Ravon Gentra” savdosi 7 foiz o'sgan.

Rossiyada qishloq xo'jaligi mahsulotlariga talab yuqori. O'zbekiston bu sohada ulkan salohiyatga ega. Davlatimiz rahbarining shu yil 12 apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bu borada yanada keng imkoniyatlar yaratdi.

Muzokarada mamlakatimizda etishtirilgan meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini ko'paytirish va turini kengaytirishga kelishib olindi.

Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport va tranzit sohasidagi aloqalarni kengaytirishga doir masalalar muhokama qilindi. Mamlakatlarimizda o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun hali to'la foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko'pligi, ularni ishga solish ikki tomon uchun ham manfaat keltirishi ta'kidlandi. 

Tomonlar madaniyat, ilm-fan, ta'lim, sport va turizm sohalari bo'yicha o'zaro aloqalarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Muzokaralar yakuni bo'yicha O'zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o'rtasida madaniy-gumanitar, tashqi siyosat, oliy ta'lim, jismoniy tarbiya va sport kabi qator sohalarda hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi.

Islom Karimov va Vladimir Putin ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar ochiq va o'zaro ishonch ruhida o'tganini, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashilganini ta'kidladilar. Bu o'zaro munosabatlarning bugungi holatini baholash, ko'p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarini belgilash imkonini berdi. Ko'rib chiqilgan masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyasi bir xilligi yoki yaqinligi qayd etildi.

Shu bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Rossiyaga rasmiy tashrifi yakuniga etdi. Oliy darajadagi muloqotlarning uzviy davomi bo'lgan ushbu muzokaralarda mamlakatlarimiz o'rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishning muhim yo'nalishlari va istiqbollari belgilab olindi. Bu O'zbekiston va Rossiya xalqlari manfaatlariga xizmat qiladi. 

Manba: www.uza.uz