“Oʻzbekiston xotin-qizlari taʼlim sohasida” nomli koʻrgazma

Bugun 6-mart kuni “Oʻzarxiv” agentligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamkorligida “Oʻzbek ayoli-oʻtmish, nafosat, kelajak ramzi” nomli anʼanaviy II Respublika Fotokoʻrgazmasi “Oʻzbekiston xotin-qizlari taʼlim sohasida” mavzusida ish boshladi.

Koʻrgazmaning tantanali ochilish tadbirida tashabbuskorlar va ularning tizim tashkilotlari xodimlaridan tashqari, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, madaniyat sohasi xodimlari, olimlar, yozuvchi va shoirlar hamda Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yurtimizda bahor ayyomi yaqinlashgani sari bogʻ-rogʻlar yayrab, vatan uzra bahor shamoli esib, olam yangilanishi boshlaydi. Yangilanish fasli, bahor fasli oʻzi bilan odamlar hayotiga yaxshilik ulashib, koʻngillarni hush etadi. Ayniqsa, 8-mart — xalqaro xotin-qizlar bayrami tabiatda yangilanish, jamiyatda ayollar oʻrnining mustahkamligini, muqaddasligini, moʻtabarligini bildiradi.

Ayol bu – ona, muqaddas vatan timsolida namoyon boʻlar ekan, birinchi navbatda ayollar, xotin-qizlar huquq va manfaatlari ustun yurtda tinchlik, xotirjamlik, ayolga boʻlgan yuksak ehtiromni namoyon etadi.

Shu kunlarda yurtimiz boʻylab kezayotgan bahor tarovati xotin-qizlar bayrami bilan boshlanishi ham bejiz emas.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga ehtirom koʻrsatish keyingi yillarda davlat siyosatining ajralmas boʻlagi sifatida koʻrilmoqda. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasining Qonunlari, Prezident Farmon va qarorlarida ularning huquqlari himoyasi kafolatlanganligi, yuksak ehtirom koʻrsatilayotganligi bilan muhimdir. Ayniqsa, mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, huquqiy bazasi mustahkamlanib borayotganligi, gender tenglikni taʼminlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qoʻllab-quvvatlashga doir islohotlarni amalga oshirish yoʻnalishlari jamiyat hayotida muhim oʻrin tutmoqda.

Bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining oʻrni va ahamiyati davlat siyosatini yuritishga xizmat qilmoqda. Jumladan, “Oʻzarxiv” agentligi ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning maʼnaviy, ijtimoiy, siyosiy faolligini oshirish borasida Agentlikda Xotin-qizlar qoʻmitasi boshlangʻich tashkiloti, Gender tenglik Maslahat kengashi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi kunda “Oʻzarxiv” agentligi tizimidagi arxivlarda 16 mln.dan ziyodroq saqlov birligidagi hujjatlar saqlanmoqda. Ularning  400 mingtasini kinofotofono hujjatlari tashkil etadi.

 “Oʻzarxiv” agentligi mazkur hujjatlarning namoyishi boʻyicha doimiy targʻibot ishlarini olib bormoqda.

2022-yilda “Oʻzarxiv” agentligi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivida saqlanayotgan noyob foto durdonalari namunalaridan iborat “Oʻzbek ayoli – oʻtmish, nafosat, kelajak ramzi” shiori ostida Oʻzbekiston ayollarining tarixi, buguni haqida ilk Respublika fotokoʻrgazmasini tashkil etgan boʻlsa, bu safar mazkur shior ostida Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamkorligida Toshkent fotosuratlar uyida 6-11-mart kunlari “Oʻzbekiston ayollari taʼlim sohasida” mavzusida taʼlimdagi fidoiy ayollar fotosuratlari koʻrgazmasini tashkil etmoqda.

Bugun 6-mart “Oʻzarxiv” agentligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tashabbusi bilan “Oʻzbek ayoli-oʻtmish, nafosat, kelajak ramzi” nomli anʼanaviy II Respublika Fotokoʻrgazmasi “Oʻzbekiston xotin-qizlari taʼlim sohasida” mavzusida ish boshladi.

Koʻrgazmaning tantanali ochilish tadbirida tashabbuskorlar va ularning tizim tashkilotlari xodimlaridan tashqari, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, madaniyat sohasi xodimlari, olimlar, yozuvchi va shoirlar hamda Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, keyingi yillarda arxiv hujjatlari, ayniqsa tarixiy fotohujjatlarga boʻlgan eʼtibor, ilmiy tadqiqotchilar hamda oddiy fuqarolarning qiziqishi ortib bormoqda. Oʻtgan yili tashkil etilgan mazkur fotokoʻrgazmada 150 dan ziyod tarixiy fotosuratlar namoyish etilgan boʻlsa, bu yilgi anʼanaviy fotokoʻrgazmada 200 dan ortiq fotosuratlar tarixiy davrlarga boʻlingan holda namoyish etilmoqda. Koʻrgazmaga taqdim etilgan har bir fotosurat oʻziga alohida jalb etgani holda, oʻsha davr madaniyati, ijtimoiy mavqeyini, tarixi va kelajagini koʻrsatib turibdi. Ayniqsa fidoiy oʻqituvchilarning, Oʻzbekiston Qahramon ayollarining fotosuratlari zal toʻridan oʻrin olgan. Ilk maktab taʼlimi, oʻtmishda ayollarga taʼlim berish tarixi, yaqin oʻtmishda ayollarning sotsial harakati, mustaqillik yillarida ayollar fotosuratlari koʻpchilikda qiziqish uygʻotdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar keyingi yillarda arxiv sohasida roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlar, islohotlarning borishi haqida soʻz yuritib, arxivchilar mehnatini eʼtirof etishdi.

Tadbir ochilishida ishtirok etgan taniqli ijodkor va jurnalistlarga, ilmiy tadqiqotchilarga fotokoʻrgazmada ilk namoyish etilayotgan 40 dan ziyod fotosuratlarning asl holati, voqelikning joy manzili, arxiv hujjatlaridan foydalanish tartibi, annotatsiyalarining tayyorlanishi haqida tushuntirishlar berildi.

Ishtirokchilar, koʻrgazma haqida oʻz fikrlarida hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini taʼminlash borasidagi ishlar samaradorligini koʻrsatishga qaratilgan fotokoʻrgazmalar tashkil etish haqida taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Tadbir yakunida tashkil etilgan fotokoʻrgazma jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zoʻravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, oilaning tarbiyaviy-taʼlim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash va ularning farovonlik darajasini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Fotokoʻrgazma 2023-yil 11-martga qadar davom etadi.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati