OʻZBEKISTONDA IKKINCHI JAHON URUSHIGA OID HUJJATLARNING OCHIQLANISHI VA KENG JAMOATCHILIKKA TAQDIM ETILISHI TARIXIY VOQELIK

Har qanday tarixiy voqelik arxiv hujjatlari asosida yozilishi kerak va shundagina tadqiqotchi arxiv olamiga kiradi, shundagi tarixiy voqelik bayoni aniq faktlarga asoslanadi.

Bashariyat oʻz tarixi davomida koʻplab falokat va urush davrlarini boshdan kechirdi.  Ular ichida esa, 50 milliondan ortiq kishining yostigʻini quritgan, ming-minglab bolalarni ota-onasiz qoldirgan, ota-onalarni esa farzand dogʻidek mudxish dardga mubtalo qilgan, XX asr fojiasi boʻlmish ikkinchi jahon urushi, insoniyat boshiga haqiqiy kulfat keltirdi.

Arxiv hujjatlarining dalolat berishicha, urushning dastlabki kunlarida Oʻzbekiston Respublikasining shahar va tuman harbiy komissarliklariga 14 mingdan ortiq ariza kelib tushgan. Bundan koʻrinib turibdiki, oʻz yurtiga sadoqat, vatanparvarlik hissi har bir yurtdoshlarimizning urush maydonlariga qadam qoʻyishlariga sabab boʻlgandir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-sentyabrdagi PF-5834-son Farmoniga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda davlat arxivlarida saqlanayotgan tarixiy davr (1917-yilgacha) arxiv hujjatlarini oʻrnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish boʻyicha choralarini koʻrish belgilab berilgan. Shuni asnosida Ikkinchi jahon urushi davriga oid boʻlgan arxiv hujjatlarini maxfiylikdan chiqarish tashabbusi kiritildi.

Oʻzbekiston Milliy arxivi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktyabrdagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisida”gi 
PQ-4495-son Qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan bugungi kungacha maxfiylik rejimida saqlangan 1941-1945-yillarga oid arxiv hujjatlarini oʻrnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish ishlari olib borildi.

Mazkur hujjatlarda asosan 1941-1945-yillarda urush  maydonlaridagi aholini evakuatsiya qilish jarayoni, ishlab chiqarish korxonalari, xarbiy, ilmiy, madaniy muassasalar, bolalar uylari, gospitallar va boshqa toifa tashkilotlarni respublikamizga koʻchirib keltirilishi, halqimizning urush davridagi front orti mehnatlari va halqimiz tomonidan frontga joʻnatilgan qurol-aslahalar, oziq-ovqatlar, toʻqimachilik mahsulotlari va boshqa koʻplab shu kabi Oʻzbekiston halqining Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaga qoʻshgan hissasi aks etgan materiallar mavjud.   

Ikkinchi jahon urushiga oid maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlardan esa, hozirgi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtimizning Olmazor tumanida yangi bunyod etilayotgan “Gʻalaba bogʻi” hududidagi “Shon-sharaf” muzeyi eksponatlarini yaratilishida  keng  foydalanildi. Gʻalaba bogʻida va muzeyida xalqimiz bu hujjatlar bilan yaqinroq tanishish imkoniyatiga ega boʻlmoqdalar. 

Oʻzbekistonda Ikkinchi jahon urushi qahramonlari xotirasiga bagʻishlangan xotira.archive.uz sayti ishga tushirildi. Ushbu sayt orqali Ikkinchi jahon urushida qatnashgan askarlar, urush qahramonlari haqida toʻliq maʼlumot olish mumkin. Ushbu loyiha Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan taqdim etildi. Jumladan maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlarning bir qismi keng ommaga yetkazish uchun mazkur saytga joylashtirildi.

Saytga materiallarni joylashritish jarayoni ham oʻta murakkab jarayonlarni oʻz ichiga oldi. Xususan rseupblikada faoliyat koʻrsatayotgan 3 ta milliy va 101 ta davlat arxivlarining barchasida dastavval mavjud Ikkinchi jahon urushiga oid materiallar ajratildi. Ajratilgan arxiv hujjatlariga ilmiy-maʼlumotnoma apparatlari shakllantirildi. Har bir arxiv hujjatlarining elektron nusxalari yaratildi va bosqichma-bosqich saytga joylashtirildi.

Taʼkidlash kerakki, Prezidentimizning 2021-yil 20-apreldagi “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi  qarori bilan tasdiqlangan “9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayramiga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish dasturi”da xalqimizning Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalabaga qoʻshgan munosib hissasini chuqur oʻrganish va targʻib etish, unga doir yangi hujjatlar bilan xalqimizni tanishtirish vazifasi belgilangan edi.

Mazkur topshiriqlarni bajarish maqsadida davlat arxivlari tomonidan bir qancha tashabbuslar amalga oshirildi. Jumladan “Oʻzarxiv” agentligi, uning Fargʻona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda Ahmad al-Fargʻoniy nomidagi viloyat axborot kutubxona markazi bilan hamkorlikda “Mening buyuk bobom” loyihasi amalga oshirildi.

Loyihani amalga oshirishdan  maqsad Ikkinchi jahon urushida ishtirok etib, buyuk Gʻalabani taʼminlashga munosib hissa qoʻshgan, fuqarolarimizning oilaviy arxivlarida saqlanayotgan urush davriga oid maktublar, fotosuratlar, urushda koʻrsatgan qahramonliklari uchun taqdirlangan jangovar orden va medallar hamda boshqa aloqador hujjatlar mavjudligini aniqlash, shuningdek, ularni arxiv muassasalariga topshirilishini taʼminlash orqali kelajak avlodga munosib holda yetkazishga eʼtibor qaratilgan.

Mazkur loyihani sifatli tarzda amalga oshirish maqsadida telegram kanalida @xotirauz_bot ishga tushirilgan boʻlib, fuqarolar oʻzlari olgan fotosuratlar va ularga berilgan izohlarni  mazkur botga yuborishdi, masʼul moderatorlar tomonidan kelgan axborotlar umumlashtirilib, @arxiv1941_1945 sahifalariga joylab borildi.

2021-yilning 20-aprel kunidan 8-may kuniga qadar oʻtkazilgan loyiha butun Fargʻona viloyatidagi barcha aholi qatlamini qamrab oldi. Loyihaning telegram ijtimoiy tarmogʻidagi sahifalariga fuqarolardan oilaviy arxivlarida saqlanib qolgan fotosuratlar, janglarda koʻrsatgan qahramonliklari uchun taqdirlangan medal va ordenlari, ularning guvohnomalari hamda front ortidagi fidoyiliklari aks etgan  7 mingdan ziyod materiallar kelib tushdi. Jamlangan fotosuratlardan har kuni videoroliklar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarda  omma eʼtiboriga havola etildi. Mazkur loyihada faol qatnashgan ishtirokchilar  esdalik sovgʻalari,  tashakkurnomalari bilan taqdirlanishdi.

Ikkinchi jahon urushida elektron saytga keltirib oʻtilgan urush faxriylaridan tashqari yana minglab qahramonlarni eʼtirof etish mumkin. Ushbu tinch va osuda zamonlarga yetib kelishimizda ularning ham hissalari beqiyosdir. Tarix — maktab. Oʻtmish esa ibrat. Insoniyatning ming yilliklar orasida topgan haqiqatlari shunday! Biroq qachonlardir odamzodni zor qaqshatgan, yostigʻini quritgan ogʻir musibatu kulfatlar, mislsiz talafotu yoʻqotishlar borki, ular tufayli hosil boʻlgan qalb jarohatlarining asorati asrlarni qaritsa ham izsiz yoʻqolmaydi.

Ikkinchi jahon urushida gʻalaba qozonishda muhtaram faxriylarimizning jasorati, shonli anʼanalari, hech shubhasiz, biz uchun hamisha ibrat boʻlib xizmat qiladi. Va biz buni yuksak qadrlaymiz, ota-bobolarimiz bilan cheksiz faxrlanamiz!

 

Foydalanilgan adabiyotlar va manbalar:

1. U.Yusupov, A.Aliyev “Oʻzbekiston arxivlari”-Toshkent; Tasvir-2021y.

2. http://xotira.archive.uz/

3.http://xotira.archive.uz/category/maxfiy/

4. https://archive.uz/

 

Manba : "Oʻzarxiv" agentligi Axborot xizmati