Prezident Islom Karimov Koreya Respublikasi sanoat, savdo va tabiiy resurslar vazirining birinchi o‘rinbosari Li Xvan Sopni qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 5-noyabr kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi sanoat, savdo va tabiiy resurslar vazirining birinchi o‘rinbosari Li Xvan Sopni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari Janubiy Koreya O‘zbekistonning asosiy investitsion va texnologik hamkorlaridan ekanini ta’kidladi. Janubiy Koreya biznesining faol ishtirokida iqtisodiyotimizning turli sohalarida ko‘plab strategik loyihalar amalga oshirilmoqda. Surg‘il koni negizida yaqinda bunyod etilgan qiymati qariyb 4 milliard dollarga teng Ustyurt gaz-kimyo majmuasi ushbu hamkorlikning yorqin namunasidir.
Uchrashuvda Janubiy Koreyaning nufuzli delegatsiyasi Toshkentda o‘tayotgan Xalqaro investitsiyaviy forumda ishtirok etishi mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida janubiy koreyalik investorlarning mamlakatimizdagi davlat korxonalari va aktivlarini xususiylashtirish jarayonida ishtiroki, yetakchi sanoat va infratuzilma tarmoqlarida yangi investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Tomonlar Xalqaro investitsiyaviy forum doirasida janubiy koreyalik hamkorlar bilan neft-gaz, kimyo, elektrotexnika, mashinasozlik va oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va infratuzilmaviy tarmoqlardagi davlat aktivlarini sotib olish bo‘yicha umumiy qiymati 220 million dollardan ziyod 24 bitim va memorandum imzolanishini yuksak baholadi.
Li Xvan Sop O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Koreya Respublikasi O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni, avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga ustuvor ahamiyat berishini ta’kidladi.
Manba: O'zA