“Qadring baland boʻlsin, ona tilim”

Zarafshon shahar davlat arxivi hamda 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi bilan hamkorlikda “Qadring baland boʻlsin ona tilim” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir qatnashchilariga shahar arxivi direktori L.Ravshanov “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” mavzusida maruza qildi.

Til buyuk ne’matdir, har bir millat o‘z tilini e’zozlasa, qadrlasa, taraqqiyoti uchun jon kuydirsa, u til go‘zal, betakror va buyuk bo‘lib qolaveradi! Har bir xalq aziz va muqaddas bo‘lgan o‘z tilini asrash, rivojlantirish, jozibasini to‘la namoyon etish uchun harakat qiladi, chunki unda xalq tarixi, milliy qadriyatlari, madaniyati ifodalanadi.

1989-yil 21-oktyabrda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi xalqimiz hayotida shubhasiz buyuk tarixiy voqea va O‘zbekistonning mustaqillik sari qo‘ygan ilk tamal toshi bo‘ldi. Davlatimiz mustaqilligi e’lon qilinishi bilan ona tilimiz o‘zining haqiqiy o‘rni va mavqeiga ega bo‘ldi.

O‘tgan davr mobaynida dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan ona tilimizga milliy merosimizning asoslaridan biri sifatida katta e’tibor qaratilgan holda uning mavqeini oshirish, sofligini saqlash, bu boradagi qonunchiligimizning ma’no-mazmunini yosh avlod ongiga singdirish yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi, orzu-umidlarning namunasidir. Ona tili millatning birligi va birdamligining timsolidir. U millatni yagona xalq sifatida o‘z atrofida birlashtiradi va dunyoda borliqni ta’min etadi. Har bir millatning o‘z Vatani, oilasi bo‘lgani kabi uning jonajon va betakror ona tili ham bo‘ladi. Inson uchun uning vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli bo‘lsa, uning ona tili ham shu qadar aziz va muqaddas bo‘ladi. Hattoki, go‘dak ham o‘z vatanini, ota-onasini, dunyoni o‘z ona tili orqali anglaydi va atay boshlaydi. Farzand tarbiyasida onaning o‘rni beqiyos bo‘lganidek, insonning hayotda o‘z o‘rnini topishida, kamolotga erishuvida tilning o‘rni ulkan ahamiyatga ega. Shu bois tilni, onaga qiyoslab ona tili deb ataydilar. Til inson vujudida qon-qoniga singib oqadi. Jamiki, ezgu fazilatlar, avvalo, ona allasi va ona tilining bebaho jozibasi orqali singadi. Inson qalbida ona tiliga nisbatan sof tuyg‘u, mehr-muhabbat alanga oladi.

“Til yashasa, millat yashaydi”. Agar biz o‘z tilimizning ko‘rkamligi, boyligini dunyoga tarannum etsak, millatimiz yanada charog‘on bo’ladi va birligimiz mustahkam bo‘ladi. Zero rus tarixchisi Shobelev aytganidek “Millatni yo‘q qilish uchun u yerga qurol ko‘tarib borish shart emas, uning tilini, ma’naviyatini, adabiyotini yo‘q qilish kerak, shunda millatning o‘zi yo’q bo‘lib ketadi” degan fikri naqadar to‘g‘ri ekanligini ko‘rishimiz mumkin.

Zarafshon shahar davlat arxivi


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati