“Qadring baland boʻlsin, ona tilim
Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi, nufuzi keyingi yillarda qonunchilikda, amaliyotda yanada mustahkamlanishi ushbu masalaning davlat siyosatidagi ustuvorligini koʻrsatmoqda.
Darhaqiqat, oʻzbek tiliga boʻlgan amaliy eʼtibor birinchi navbatda normativ-huquqiy xujjatlarda aks etayotgan boʻlsa, keyingi navbatda mazkur xujjatlardagi vazifalarning ijrosi taʼminlashdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan ilgari surilgan yagona shior “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” nomi bilan oʻtkazilayotgan maʼnaviy tadbir Bugun 18-oktyabr “Oʻzarxiv” agentligida ham tashkil etildi.
Tadbir avvalida til siyosatini takomillashtirishga qaratilgan videorolik namoyish etilib, ogʻzaki va yozma nutq birligini taʼminlashga qaratilgan fikrlar bildirildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonlari mazmun-mohiyati, unda belgilangan vazifalar keng tushuntirildi. Ayniksa, 2020 — 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar til siyosatini takomillashtirish, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga xizmat qilayotganligi taʼkidlandi.
Shu oʻrinda davlat boshqaruvi organlari, hususan, “Oʻzarxiv” agentligi tizimida davlat tilini qoʻllash hususiyatlari keng tushuntirildi. Tadbirda Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan hududlarda, jumladan arxiv ishi va ish yuritish sohasida oylik eʼlon qilinganligi, turkum maqolalar berib borilayotganligi, arxivchilarning ijodiy ishlaridan namunalar berilayotganligi davlat tilida ish yuritishga muhim ahamiyat kasb etayotganligi eʼtirof etildi.
Darhaqiqat, soʻngi yillardagi arxiv ishi sohasidagi islohotlarda davlat tiliga eʼtibor kuchaytirildi. Sohada 100 dan ortiq soʻz va atamalar qayta tahlil qilinib, oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash maqsadida yangi soʻz va iboralarning ilmiy tahlili olib borildi. 30 ga yaqin iboralarning uzbek tilidagi muqobili isteʼmolga kiritildi.
Tadbir davomida arxivlarda saqlanayotgan oʻzbek tiliga oid tarix xujjatlarini ilmiy tadqiq qilishga qaratilgan takliflar bildirildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, shoir va yozuvchilar, Yunus Rajabiy nomidagi Milliy maqom instituti professor oʻqituvchilari ishtirok etdi. Arxivda bu boradagi tadbirlar doimiy tashkil etilishi sohada davlat tilini qoʻllash va oʻzbek tilini ulugʻlashga xizmat qiladi.