Qirg‘iz Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchi Chotonov Duyshenkul Tezekbayevich “Oʻzarxiv” agentligiga tashrif buyurdi

Qirg‘iz Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Elchixonasi tashabbusiga ko‘ra, Qirg‘iz Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchi Chotonov Duyshenkul Tezekbayevich va “Oʻzarxiv” agentligi direktori Yusupov Ulugʻbek Mirtalibovich bilan 2025-yil 9-aprelda Oʻzbekiston Milliy arxivida ishchi uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur uchrashuvda:

“Oʻzarxiv” agentligidan - direktor U. Yusupov, direktor oʻrinbosari Sh. Sadikov, Xalqaro aloqalar boʻyicha bosh mutaxassis D. Dadayeva va Oʻzbekiston Milliy arxivi direktori D. Zakirova;

Qirg‘iz Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Elchixonasidan - Favqulodda va Muxtor Elchi D. Chotonov va Attashe A. Suynaliyeva ishtirok etdilar.

Uchrashuv chog‘ida “O‘zarxiv” agentligi va Qirg‘iz davlat arxivlari o‘rtasida arxiv sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Ikki qardosh xalqlar tarixi va madaniyatini, arxiv hujjatlarini har ikki davlat arxivlarida targ‘ib etish, hujjatlarni raqamlashtirish, qo‘shma ko‘rgazmalar va nashrlar tashkil etish, arxivlarda tadqiqotchilarga koʻmak koʻrsatish bo‘yicha hamkorlikdagi masalalar kun tartibining asosiy mavzusi sifatida ko‘rildi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zarxiv” agentligi bilan Qirg‘iz Respublikasi Raqamli rivojlanish vazirligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum Bishkek shahrida 2022-yil 3-noyabrda imzolangan bo‘lib, unda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida tomonlar o‘zaro manfaatli shartlar asosida Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, O‘zbekiston Respublikasidagi qirg‘iz diasporasi tarixi, Qirg‘iz Respublikasidagi o‘zbek diasporasi tarixi va boshqalar bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirib kelmoqdalar.

Tashrif so‘ngida Oʻzbekiston Milliy arxivi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida saqlovxona, restavratsiya, raqamlashtirish xonasi, oʻquv zali, muzey va ko‘rgazmalar zali boʻylab ekskursiya tashkil etildi. Xorijiy mehmonlar arxivda hujjatlar saqlovini taʼminlash, ularni restavratsiya va raqamlashtirish jarayonlari bilan tanishtirildi.

Mazkur tashrif doirasida D. Chotonovga “O‘zarxiv” agentligi nomidan esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Arxivdagi shart-sharoitlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi, kelgusida hamkorlik qilish rejalashtirildi.


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati