Qonun ijrosi jamiyat hayotida
Globallashuv davrida iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy siyosati, ahamiyatiga qaratilgan ko‘plab choralar ko‘rilayotgan bo‘lishiga qaramay, kutilmagan ofat o‘zining ta’sirini turli jabhalarga o‘tkazmoqchi bo‘ladi. Oddiy iqtisodiy krizis davri ham shunday, u yoki bu tomonni urib ketadi. Pandemiya sharoitida xali ko‘pgina cheklovlar o‘z kuchida qolayotgan davrda biz suhbatlashmoqchi bo‘lgan mavzu ne chog‘lik kerakligini bilish mumkin. Krizis – bu iqtisodiyotga turlicha ofatlarni keltiribgina qolmay, ijtimoiy sohani izdan chiqaradigan darajada salbiy ta’sirini o‘tkazuvchi jarayon. Ayni shunday holatlarda jamiyat qonunchilikning mavjudligi, mustahkamligi, qonuniy manfaatlar, huquqlarning erkin va xammabopligiga e’tibor qarata boshlaydi. Xo‘sh, bunda nimalar e’tirof etiladi-yu, qaysi tomonlarga e’tiroz bo‘ladi. Mazkur masalani fuqarolarning huquqlari misolida ko‘rsak, keyingi yillarda inson huquqlarining umumiy jihatlaridan yakka huquqlarga, ularni ro‘yobga chiqarishga, aniqrog‘i huquqlarni ta’minlash mexanizmlariga e’tibor kuchaytirildi. Masalan, huquqlarning tengligi masalasida ayollar, xotin-qizlar va erkaklarning huquqlari va imkoniyatlarini tenglashtirishga qaratilgan normativ-huquqiy xujjatlar majmui yaratildi. To‘g‘ri, Konstitutsiyamizda fuqarolarning jinsi va irqidan, kelib chiqishi, millatidan qat’iy nazar tengligi belgilangan. Bu biz uchun qoida. Bu qoidani amalga oshirish mexanizmlaridan biri “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonundir. Qonunning maqsadi teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Bu sohaga qaysi tizimlar kiradi? Birinchidan, ayollar va erkaklar teng huquqligi sohalarga bo‘linmaydi desak, adolatdandir. Ikkinchidan, albatta, sohalarga bo‘lish lozim, jumladan, og‘ir mehnat sharoitiga moslashtirilgan ishlarda iloji boricha ayollar ko‘rmasak degan fikrdamiz. Ularni extiyotlash nuqtai nazaridan. Unda bu qaysi sohalar bo‘lishi mumkin, zamonaga qarab ko‘rsak, eng murakkab energetika, metalurgiya, mashinasozlik kabi sohalarda ham ayollar ishlasa, demak tenglikni hamma sohada ta’minlash lozim. Huquq va imkoniyatlarning tengligi gender deyilsa, azal-azaldan bu tushuncha ustida ko‘p qarama-qarshiliklar kelib chiqqan. Gender tuzilishi teoriyasining asosiy tushunchalaridan biri bu biologik determenizm. Ya’ni, qarama-qarshi jinslar o‘rtasidagi munosabatlarga tushunchali yondashish borasida ko‘p e’tirozlar bo‘lgan. Ijtimoiy mavqeidan kelib chiqib o‘g‘il bola va qiz bolaga teng tarbiya berish yaxshidir, ammo ularning o‘zbekona lutf, urf odatlarimizdan kelib chiqadigan bo‘lsak ijtimoiy munosabatlarda tarbiyaning farqi bo‘ladi. Mana shu jihatlar ko‘p psixologlar va ijtimoiy soha namoyondalarini yillar davomida qiynab keladi. Lekin, nima bo‘lganda ham ijtimoiy tenglikning bir turi bo‘lgan gender tengligini ta’minlash ijobiy qarashlarga ega.
Bu borada gender siyosatini amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar ko‘rib boriladi. Bu jinslarning notengligini bartaraf etish, xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy yoki asos bo‘ladigan tengligini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadlarga erishish uchun davlat organlari tomonidan ko‘riladigan huquqiy, tashkiliy hamda institutsiyaviy xususiyatga ega chora-tadbirlar bugun asosan oliy ta’lim muassasalari misolida ko‘rish mumkin. Ya’ni ta’lim berish shakllarida bu yaqqol ko‘rinadi. Yuqorida ta’kidlanganidek, sohalar ko‘p va ularning barchasida tenglik ta’minlanishi uchun ham qonun darajasiga olib chiqilgan masala amaliyotda huquqni bir xilda qo‘llash choralarini bermoqda. Arxiv ishi va ish yuritish sohasida ham bu siyosat boshqa siyosiy qarashlardan kam bo‘lmagan holda tashkil etilgan. Bunda sohada boshqa ko‘rsatkichlar qatori gender statistikasi olib boriladi. Bu esa, davlat statistikasining jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarning haqqoniyligini ta’minlashga xizmat qiladi. Binobarin, har bir jins bo‘yicha alohida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, har xil jinsdagi shaxslarning ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalaridagi tegishli holatini aks ettiradigan, gender muammolarini va jamiyatdagi munosabatlarni yoritishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Hozirgi kunda respublikamizda jami 227 ta davlat arxivlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan: 3 tasi O‘zbekiston Milliy arxivlari, 101 ta davlat arxivlari, 123 ta shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlaridir. Ushbu arxivlarda jami 16,4 mln.dan ziyod saqlov birligidagi hujjatlar saqlanmoqda, shulardan 8,4 mln. saqlov birligi boshqaruvga oid, 6,8 mln. saqlov birligi shaxsiy tarkib hujjatlariga oid, 1,3 mln. saqlov birligida vaqtincha saqlovdagi hujjatlar saqlanmoqda. Mazkur xujjatlarni saqlash va ulardan foydalanish, muhofaza qilish borasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida 2100 dan ziyod xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat xizmatiga qabul qilish chog‘ida va uni o‘tash davrida jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi choralari ko‘ir boriladi. Xotin-qizlar va erkaklarni davlat xizmatiga qabul qilishdagi tenglik malakaga va kasbiy tayyorgarlikka muvofiq ta’minlanadi. Davlat xizmatchilari lavozimlarini egallash uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularning xizmatda ko‘tarilishi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlangan holda amalga oshiriladi. Jumladan, arxiv xodimlarining 12 foizini ilmiy salohiyatga ega xodimlar tashkil etadi. Sohada jami xodimlarning 70 foizga yaqinroq ayollar va xotin-qizlar tashkil etadi. Rahbar xodimlar soni 227 tani tashkil etsa, ularning 49 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. “O‘zarxiv” agentligida xotin-qizlar va erkaklar tengligini ta’minlash choralarini ko‘rish masalasida 2018 yilda Xotin-qizlar kengashi tuzilgan bo‘lib, asosan ayollar faoliyati bilan shug‘ullanib kelingan. O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabrdagi O‘RQ-562-son Qonuni qabul qilinganidan so‘ng esa, kengash faoliyati o‘zgartirildi. Bugungi kunda “O‘zarxiv” agentligida Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha Agentlikning 2020 yil 13 noyabrdagi 226-son buyrug‘i qabul qilinib, Maslahat-kengashi, uning tuzilmasi hamda Nizomi qayta tasdiqlandi. Nizom asosida Kengashning yangi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Kengash qonuda belgilangan talablar asosida faoliyat olib bormoqda. Agentlik tizimida o‘tgan davr mobaynida ijtimoiy ahamiyatga ega 4 ta loyiha amalga oshirilgan. Jumladan, O‘zbekiston arxivlarining 100 yilligini nishonlash tadbirlari doirasida 2019 yilda “O‘tmish saboqlari” nomli ijtimoiy loyiha tayyorlangan. Unda turli yillarda zavod va fabrikalarda, arxivlarda erkaklar bilan teng ravishda xotin-qizlarning mehnati aks ettirilgan fotoko‘rgazma tashkil etilgan. Shuningdek, urush va urushdan keyingi yillarda arxivlarda mehnat qilgan xotin-qizlar, erkaklar haqida “Arxiv o‘chmas tarixdir” nomli turkum tadbirlar tashkil etildi. Gender tenglikni ta’minlash borasida o‘tkazilgan tadbirlarning ijtimoiy ahamiyatini yanada kengaytirish maqsadida joriy yilda tizimda “Soha iftihori” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. “G‘alaba 75” nomli ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga bag‘ishlangan ijtimoiy loyiha 2020 yil may oyida tashkil etilib, bugungi kunga qadar Agentlik saytida faoliyat yuritmoqda. Mazkur loyihaning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, joriy yilda Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekistonga ko‘chirilgan (evakuatsiya qilingan)lar taqdiri bilan bog‘liq masalalarni hal etishga doir Xolokost yodgorlik muzeyi bilan hamkorlik shartnomasi tuzildi. Agentlik tizimida fuqarolarni ishga qabul qilishda birinchi navbatda uning mutaxassisligiga e’tibor qaratiladi. Jumladan, arxivshunos, arxivchi mutaxassiligiga e’tibor kuchaytirilgan. Shu bilan birga ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2019 yilda Agentlikning chora-tadbirlari qabul qilingan. Unga ko‘ra, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab, Agentlik direktorining tavsiyasiga asosan, oliy ta’limning tegishli yo‘nalishiga suhbat asosida qabul qilishni joriy etish rejalashtirilgan edi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, 2020 yilda “O‘zarxiv” agentligi direktorining tavsiyasiga asosan mehnat staji 5 yildan ortiq bo‘lgan 100 nafar arxivchi xodimlarga oliy ta’limda o‘qish imkoniyatlari yaratildi, shundan 68 tasi xotin-qizlarni tashkil etmoqda. Umuman, kadrlar bilan ishlash, ularni joy joyiga qo‘yish, mavjud kadrlarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha Agentlikda zarur chora-tadbirlar belgilangan. 2020 yil sentyabridan boshlab, Agentlik qoshida Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha ilmiy-metodik malaka oshirish Markazi tashkil etildi. Bugunga qadar 100 dan ortiq arxivchi xodimlar o‘z malakasini oshirib kelmoqda. Shu bilan birga, malaka oshirish kurslarida ish yuritish sohasida boshqa vazirlik va idoralarning xodimlari ham o‘qitilmoqda. Bu esa tenglik hamda arxiv ishi va ish yuritishda yagona davlat siyosatini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Agentlik o‘z yo‘nalishidan kelib chiqib, xotin-qizlar va erkaklarning huquqlarini himoya qilish borasida bir qator choralarni ko‘rib kelmoqda, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda “O‘z huquqingizni bilasizmi?” tanlovlari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, “Davlat tilida ish yuritish”, “Arxiv sohasidagi huquqlar” mavzularida telegram kanallari ochilib, tushuntirish ishlari olib borilmoqda. 2020 yilning 10 oyida 2 ta matbuot anjumani, 5 ta taqdimot va 3 ta brifing o‘tkazildi. Faoliyat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda 23 ta onlayn efirlar tashkil etildi, shuningdek, 27 ta infografika va 584 ta foto hamda 662 ta video ma’lumotlar namoyish etildi. Qonunning 6-moddasiga muvofiq davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chog‘ida teng huquqlilikni kafolatlashi belgilangan. Mazkur masalalarni o‘rganish, fuqarolarning teng huquqliligini ta’minlash borasida hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj va og‘ir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlar va erkaklarni qo‘llab-quvvatlashda chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan, 2020 yil uchun tasdiqlangan jadval asosida Agentlik direktori va o‘rinbosarining har bir hududda sayyor qabullari tashkil etildi. Unda fuqarolarning davlat tomonidan xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chog‘ida teng huquqlilik kafolatlari o‘rganildi. Yordamga muhtoj bo‘lganlarga huquqiy maslahatlar berildi. “O‘zarxiv” agentligi rahbariyati tomonidan 2020 yil 11 oyligi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlardagi shahar hamda tumanlarda jismoniy va yuridik shaxslarni sayyor qabuli jadvaliga asosan 6 ta sayyor qabullar o‘tkazilib, ularda fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqildi. Agentlik tomonidan 28 ta moddiy-ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan arxiv xodimlari doimiy nazoratga olingan, o‘tgan davr mobaynida ularga bir qator ijtimoiy yordamlar ko‘rsatildi. Xulosa o‘rnida ta’kidlash joyizki jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirilishini ta’minlashda Agentlik hamda davlat arxivlari to‘liq ishtirok etib kelmoqda. So‘zimning boshidagi pandemiya sharoitidagi karantin cheklovlarida fuqarolarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini ko‘zlagan holda davlat arxivlari, shaxsiy tarkib xujjatlari davlat arxivlari bir kun ham o‘z faoliyatini to‘xtatmadi. Fuqarolar og‘irini yengil qilish va huquqlarini ta’minlashda arxivchi xodimlarimizga minnatdorlik bildirib qolamiz.
Shuhrat Mir Rayim.
"Yagona va Ishonch telefoni" xizmatidan qoniqdingizmi?
Notes to administration (optional):