RАSMIY MUNOSАBАT



 

RАSMIY MUNOSАBАT

O‘zbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligining ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i tomonidan “majburiy mehnat”ga jalb qilish yuzasidan xabarlarga rasmiy munosabati.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i S.S.Bekova tomonidan xodimlarni “majburiy mehnat”ga muntazam jalb etish yuzasidan tarqatilayotgan xabar O‘zbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan o‘rganib chiqildi.

O‘rganish natijasida 2023-yil dekabr oyida Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i S.S.Bekova tomonidan viloyat, shahar (tuman) arxiv muassasalari 14 nafar rahbari ishtirokida o‘tkazilgan onlayn yig‘ilishida Yangi yil bayram kunlari muassasalarda kunu-tungi navbatchilikni jadval asosida tashkil etish yuzasidan topshiriq berilganligi aniqlangan.

Bunda arxiv muassasalari rahbarlari navbatchilik uchun shaxsan masʼulligi, xodimlarni (arxivchilar, texnik xodimlar, farroshlar) navbatchilikka jalb etmaslik, bayram dam olish kunlari arxiv muassasalarida salbiy holatlarni kelib chiqishini oldini olish, qorovullarni ish joyida uxlab qolishi va natijada arxiv hujjatlarini saqlanishiga ziyon yetishini oldini olish maqsadida birinchi rahbar shaxsan o‘zi nazoratga olishi lozimligi bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Аmmo yig‘ilish davomida S.Bekovaning rahbarlik etikasidan chiqishi holati kuzatilgan. Rahbarning tanqidi odamlarga katta va asosiy taʼsir ko‘rsatuvchi vositadir. Shuning uchun ham uni kerakli vaziyatda nihoyatda ehtiyotkorlik bilan ishlatish kerak. Zero, rahbarlik uslubi boshqarish madaniyatining maʼlum elementlariga ega boʼlishni taqozo etadi. Rahbar alohida xulq-atvorga, maʼnaviyat va madaniyatga ega bo‘lishi, uni doimiy ravishda takomillashtirib borishi, boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim.

Yuqoridagi salbiy holatlar kelgusida sodir bo‘lishi oldini olish maqsadida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i S.S.Bekovaga qatʼiy ogohlantirish berildi.

Hurmatli hamkasblar, agar Sizda Аrxiv ishi hududiy boshqarmalari, arxiv muassasalari rahbarlari tomonidan yuqoridagi kabi mehnat qonunchiligi buzish holatlari yuzasidan axborot bo‘lsa, ushbu haqida “O‘zarxiv” agentligining 55-50-301-50 “IShONCh TELEFONI” yoki “antikor_archive_bot” orqali xabar berishingizni so‘raymiz.

“O‘zarxiv” agentligi Аxborot xizmati


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati