Rasmiy bayonot

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Yakkabog‘ tuman davlat arxivchisi arxiv hujjatlarini «makulatura»ga topshirib yubordi” kabi sarlavhali ma’lumotlar tarqalmoqda.
Ushbu ma’lumotlarga “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati tomonidan rasmiy munosabat bildirilib, o‘rganish natijalari yuzasidan xabar berilishi aytilgan edi.
“O‘zarxiv” agentligi tomonidan tuzilgan Ishchi guruh 2020 yil 17-18 dekabr kunlari Yakkabog‘ tuman davlat arxivida arxiv hujjatlarining jamlanishi, davlat hisobiga olinishi va saqlanishi holati bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.
Aniqlanishicha, arxiv direktorining vazifasini bajaruvchisi 2020 yil 20 noyabr kuni arxivda saqlanayotgan jami  taxminan 3031 dona yig‘majildlar  yo‘qolganligi to‘g‘risida ma’lum qilgan.
Ushbu hujjatlarga aniqlik kiritilganda, O‘zbekiston xalqining moddiy va ma’naviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv hujjatlarining tarixan tarkib topgan va doimo boyitib boriladigan majmuiga tegishli hujjatlar olib chiqib ketilmagan. 
Noqonuniy olib chiqib ketilgan hujjatlar bir necha tashkilot va korxonalarning, vaqtincha saqlanishi lozim bo‘lgan, 2015-2018 yillarga oid birlamchi buxgalteriya hujjatlari ekanligi aniqlandi.
Shuningdek, arxivning ko‘rilgan choralari natijasida, 
998 yig‘majildlar arxivga qaytarib olib kelingan.
Bulardan tashqari mazkur turdagi hujjatlarning elektron bazalaridan nusxalarini tiklash yuzasidan zarur choralar ham ko‘rilmoqda.
Ba’zi yurtdoshlarimizda arxiv hujjatlarini saqlanishiga doir turli salbiy fikrlar uyg‘ongan bo‘lib,  arxiv hujjatlarini saqlash uchun qanday sharoitlar yaratilganligini ko‘rsatish maqsadida 2020 yil 23 dekabr kuni soat 10.00 da Yakkabog‘ tumani davlat arxivida “OChIQ EShIKLAR KUNI” tadbiri o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Barcha jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillarini arxivga taklif etamiz. 
Eslatib o‘tamiz: 2020 yil 13 noyabr kuni taxminan 
soat 1800-1900 oralig‘ida arxiv binosidan  “Damas” avtomashinasida vaqtincha saqlanadigan hujjatlar olib chiqib ketilgan. Hozirda arxivda arxiv hujjatlarini mavjudlik holati qayta o‘rganib chiqilmoqda. Mazkur holatga huquqiy baxo berish yuzasidan tergov xarakatlari olib borilmoqda.
"O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati
P.S. Fotoda Yakkabog‘ tumani davlat arxivida bugungi kunda arxiv hujjatlarini saqlash uchun yaratilgan shart-sharoitlar.


Manba : "Ўзархив" агентлиги Ахборот хизмати