RASMIY MUNOSABAT

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda“Qoʻshrabotda arxiv yonib ketganmidi” sarlavhasi ostida xabar joylashtirilgan. Tushunmovchilik va notoʻgʻri talqinlar boʻlishini oldini olish maqsadida quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Qoʻshrabot tuman hokimining 1995-yil 29-apreldagi №174-Q, qaroriga asosan tashkil etilgan.2012-yilga kelib, Qoʻshrabot tuman hokimligining 2012-yil 15-iyundagi №262-Q-sonli qaroriga asosan Qoʻshrabot tuman davlat arxiviga aylantirilgan. 1995-yilda Qoʻshrabot tuman Agrosugʻurta binosining 2 ta xonasida ijarada 3 ta shtat birligidagi xodimlar ish faoliyatini boshlagan. Qoʻshrabot tumaniga talluqli boʻlgan tashkilotlar, korxonalar va muassasalarning hujjatlari Nurota tumani va Kattaqoʻrgʻon tumanlaridan olib kelingan ushbu davrda jami 57 ta fondda 8255 saqlov birligidagi hujjatlar saqlanib kelingan.

1998-yilda Qoʻshrabot tuman davlat arxivi Qoʻshrabot tuman hokimligi binosining 3-qavatida 69 kv metr saqlov xonaga va arxivchilar uchun 1 ta xonaga kelib joylashgan. Qoʻshrabot tumaniga talluqli boʻlgan tashkilotlar, korxonalar va muassasalarning hujjatlari Nurota tumani va Kattaqoʻrgʻon tumanlaridan olib kelingan.

Bugungi kunda Qoʻshrabot tuman davlat arxivida 1938-2018-yillardagi davrni oʻz ichiga olgan jami 182 ta fond va 31000 dan ortiq hujjatlar saqlanib kelinmoqda bundan tashqari hujjatlarni saqlash uchun qoʻshimcha 3 ta saqlov xona ajratilib, toʻliq 100% temir javonlar bilan jixozlangan va qoʻshimcha arxivchilar uchun 3 ta arxivchilar xonasi, 1 ta fuqarolarni qabul qilish, 1 ta hujjatlarni elektron nusxalarini yaratish xonalari bilan taʼminlangan.

Hozirgi kunda Qoʻshrabot tuman davlat arxivi Gʻ.Gʻulom koʻchasi 3-uyda joylashgan Qoʻshrabot tuman hokimligi binosining 3-qavatida ish faoliyatini olib bormoqda.

Doimiy hujjatlar soni 19224 ta 1937-2020-yillar. Shaxsiy tarkib hujjatlari soni 11824 ta 1937-2020-yillarni oʻz ichiga oladi.

Qoʻshrabot tumani davlat arxivi tashkil topganidan shu kungacha umuman yongʻin sodir boʻlmagan.

Shu bilan birga shuni maʼlum qilamizki Oʻzbekiston Respublikasining "Arxiv ishi toʻgʻrisida"gi Qonuni 24 moddasiga asosan shaxsiy tarkib boʻyicha hujjatlar (Ish xaqi kitoblari, shaxsiy tarkibga oid buyruqlar va hokazo) idoraviy arxivlarda yetmish besh yil mobaynida saqlanishi lozim.

Idoraviy arxiv — yuridik shaxsning arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi tarkibiy boʻlinmasi boʻlib "Oʻzarxiv" agentligi tizimiga kirmaydi va har bir tashkilot, korxona muassasasi rahbariga boʻysunadi. Tashkilotlar rahbarlari ushbu davr ichida hujjatlarni saflanishi uchun javobgar hisoblanadilar.

Shu bilan birga quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisidagi PF-6155-son Farmoniga asosan Pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida quyidagi tartib oʻrnatilganki, unga muvofiq2021-yil 1-iyundan boshlab pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr — 2005-yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi.

Soʻngi yillarda respublika davlat arxivlariga ish haqi toʻgʻrisidagi arxiv maʼlumotlarini olish yuzasidan fuqarolardan juda koʻplab soʻrovlar oqimi kelib tushmoqda. Tahlil qilinganda, fuqarolar tomonidan ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni aksariyat holatlarda davlat pensiyasini olish uchungina soʻralayotganligi, shuningdek, soʻrovlarda qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda emas, balki fuqaroning mehnat faoliyatidagi barcha davrlari uchun ish haqi maʼlumotnomalari talab etilayotganligi, buning oqibatida esa arxivlar tomonidan soʻrovlar ijrosini taʼminlash boʻyicha koʻp vaqt sarflanayotganligi holatlari koʻzatilmoqda.

Hurmatli fuqarolar! Endilikda, 2021-yil 1-iyundan boshlab davlat organlari, hoʻjalik birlashmalari, mahalliy hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, shu jumladan, ish xaqi va ish stajini, oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasasida oʻqiganlikni tasdiqlovchi arxiv maʼlumotnomalarini (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda soʻrash bundan mustasno) talab qilish bekor qilingan.

Bunda, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa maʼmuriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur bandda nazarda tutilgan hujjat va maʼlumotlarni tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olinadi.

Hurmatli yurtdoshlar fursatdan foydalanib, agar Siz davlat arxivlari faoliyatida salbiy holatda duch kelsangiz 55-50-301-50 “Ishon telefoni” raqamlariga yoki ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalariga murojaat etishingizni soʻraymiz.


Manba : "O'zarxiv" agentligi Axborot xizmati